Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida nimalar muhokama qilinadi?
12:59 / 2026-02-17

Ma’lumki, yaqin kunlarda Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ta’kidlanishicha, mazkur yig‘in AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi hamda G‘azo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.

Ciyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Muxtor Nazirov fikricha, “Tinchlik kengashi”ning ilk yig‘ilishi xalqaro munosabatlar tizimida yangi formatdagi muloqot platformasi sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu tashabbus Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, unda davlatimiz rahbari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

G‘azoni tiklash – asosiy masala

“Reuters” manbalariga ko‘ra, yig‘in doirasida ko‘p milliard dollarlik jamg‘arma tuzish rejasi e’lon qilinishi kutilyapti. Bu faqat iqtisodiy yordam emas, balki siyosiy mas’uliyatni taqsimlash mexanizmini ham anglatadi. Ya’ni, mojaro oqibatlarini bartaraf etishda ko‘p tomonlama ishtirokni ta’minlashga urinish bor.

Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari masalasi

Muhokamaning yana bir muhim yo‘nalishi – xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini joylashtirish. Bu masala “United Nations Security Council” rezolyutsiyasi bilan bog‘liq holda ko‘tarilmoqda.

Nazirovning fikricha, agar ushbu kuchlar haqiqatdan ham shakllantirilsa, bu Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, qurolsizlantirish va mahalliy boshqaruvni qayta tashkil etish jarayonlari murakkab siyosiy muzokaralarni talab etadi.

HAMAS va siyosiy transformatsiya

G‘azoda amaldagi siyosiy kuch – HAMAS masalasi ham diqqat markazida bo‘ladi. Rejaga ko‘ra, qurollarni topshirish va siyosiy jarayonga integratsiya qilish mexanizmlari ishlab chiqilishi mumkin.

Ekspert buni “majburiy harbiy yo‘l emas, balki siyosiy transformatsiya ssenariysi” deb baholamoqda. Biroq amnistiya va xavfsiz chiqish kafolatlari kabi takliflar mintaqada turlicha qabul qilinishi mumkin.

BMT va yangi tashabbus o‘rtasidagi munosabat

Tinchlik kengashi tashabbusi xalqaro maydonda muayyan munozaralarga ham sabab bo‘lmoqda. Ayrim tahlilchilar buni BMTga raqobatchi platforma sifatida ko‘rishmoqda.

Yaqinda Oq uy rahbari Tramp “Truthsocial” platformasida shunday deb yozdi: “Tinchlik kengashi cheksiz salohiyatga ega. O‘tgan yil oktabr oyida men G‘azodagi mojaroni butunlay to‘xtatish rejasini e’lon qildim va bizning qarashimiz BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan bir ovozdan qabul qilindi”.

Nazirovning fikricha, masala raqobatda emas, balki tashabbusning institutsional legitimligida. Agar kengash faoliyati BMT mexanizmlari bilan muvofiqlashtirilsa, u qo‘shimcha diplomatik kanalga aylanishi mumkin. 

O‘zbekiston uchun ahamiyati

O‘zbekistonning ta’sischi davlat sifatida ishtirok etishi mamlakat tashqi siyosatining ko‘p vektorli va faol xarakterini namoyon etadi. Prezidentimizning AQSHga tashrifi nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham muhim — safar doirasida strategik loyihalar taqdimoti va ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Yangi global hamkorlik yoki geosiyosiy raqobat?

Siyosatshunoslar tahliliga ko‘ra, Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishi G‘azodagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan amaliy qadamlar bilan birga, yangi geosiyosiy arxitektura shakllanishining boshlanishi bo‘lishi mumkin.

Savol shundaki: ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyatni birlashtiruvchi mexanizmga aylanadimi yoki global diplomatiyada yangi raqobat maydonini vujudga keltiradimi?

Sammit natijalari bu savolga dastlabki javobni berishi mumkin.

O‘tkir Alimov, O‘zA