O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining AQSHga amaliy tashrifi hamda Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi nutqida ilgari surilgan tashabbuslar haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining tarixiy ta’sis yig‘ilishida O‘zbekistonning ishtiroki mamlakatimiz tashqi siyosatining tinchlikparvar va gumanistik mohiyatini yaqqol namoyon etdi. Shavkat Mirziyoyevning ushbu xalqaro platformada faol ishtirok etishi mamlakatimizning global xavfsizlik, insonparvarlik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqladi. Davlatimiz rahbari tomonidan G‘azo sektoridagi tiklanish jarayonlariga oid ilgari surilgan yondashuv suverenitetga hurmat va mahalliy aholining manfaatlarini ustuvor qo‘yish tamoyillariga asoslanadi.

Shuningdek, tashrif doirasidagi AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirlar, savdo va investitsiya sohasidagi uchrashuvlar ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam poydevorga ega ekanini ko‘rsatdi. Tovar aylanmasining 1 milliard dollardan oshib borishi, JSTga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlash va TIFA doirasidagi hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotini jahon bozoriga chuqur integratsiya qilishga xizmat qilmoqda.
Fraksiya a’zolari Tinchlik kengashi doirasida ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekiston tashqi siyosatining yaxlit, izchil va uzoq muddatli strategiyaga asoslanganini yana bir bor qayd etdi.
Yig‘ilishda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 2025-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda milliy qonunchilik xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirilib, bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Muhokamada 2025-yil davomida sohada qabul qilingan qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, shuningdek, Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish strategiyasi muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Ayniqsa, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bolalar xavfsizligini ta’minlashda yangi huquqiy mexanizmlarni joriy etishga xizmat qilgani ta’kidlandi. Xalqaro hamkorlik doirasida global tashabbuslarga qo‘shilish va UNICEF tomonidan berilgan ijobiy baholar ham amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini ko‘rsatadi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakilning murojaatlar bilan ishlash faoliyati ham alohida qayd etildi. Murojaatlar sonining keskin oshishi fuqarolarning mazkur institutga ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekanligi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA