Munosabat
Tinchlik – bu oddiygina so‘z emas. U mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi, oilalar bus-butunligi, har bir insonning baxt-saodatini belgilaydigan oliy ne’matdir.
Ha, nuroniy otaxonlar, mo‘’tabar onaxonlar davrasida aytiladigan duolarda tinchlik birinchi o‘rinda turishi bejiz emas. Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatadiki, taraqqiyot faqat tinchlik sharoitida barqaror va samarali rivojlanadi.
Bugungi dunyo bo‘ylab global ziddiyatlar va xavf-xatarlar kuchaygan bir sharoitda tinchlikni asrash masalasi ko‘pgina tinchliksevar mamlakatlar qatori bizning mamlakatimizda ham ustuvor masalaga aylandi. Bu, albatta, davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston tashqi va ichki siyosatining asosiy tamoyili sifatida tinchlikparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati ilgari surilayotganligida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Mubolag‘asiz ta’kilash joiki, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va samimiy muloqot sezilarli darajada mustahkamlandi. Bu jarayonda O‘zbekiston tashabbuskor va faol ishtirokchi sifatida namoyon bo‘ldi.
Yaxshi qo‘shnichilikning boshlanishi, chegara masalalarining hal etilishi, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi, madaniy-gumanitar hamkorlikning rivojlanishi, yo‘l infrastrukturasining izga tushishi mintaqada barqaror muhit shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mintaqaviy hamjihatlik va xavfsizlikka doir tashabbuslar hali hamon xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. O‘zbekistonning konstruktiv pozitsiyasi dunyo bo‘ylab mamlakatni ishonchli va mas’uliyatli sherik sifatida namoyon etmoqda.
Ma’lumki, tinchlik faqat tashqi siyosat bilan ta’minlanmaydi. U, avvalo, jamiyat ichidagi adolat, qonuniylik va inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish bilan mustahkamlanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, shaxs qadr-qimmatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiy islohotlar, yangi ish o‘rinlari, yoshlar va ayollar uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratilishi, nuroniylarga va ijtimoiy ahvoli tang bo‘lgan insonlarga alohida e’tibor qaratilishi, mahalla va oilani rivojlantirish choralari ko‘rilishi – bularning barchasi jamiyatda barqaror adolatli muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Vaholanki, ichki barqarorlik, ijtimoiy adolat va farovonlik mavjud joyda umummilliy qadriyat – tinchlik mustahkam, taraqqiyot bardavom bo‘ladi.
Prezidentimizning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashi birinchi sammitidagi ishtiroki va nutqi mamlakatimiz tashqi siyosatida yangi davr boshlanayotganidan sado berdi.
Davlatimiz rahbari G‘azo hududini tiklash masalalariga alohida to‘xtalib, turar joy, bolalar bog‘chasi, maktab va shifoxonalar barpo etishda O‘zbekiston bag‘rikenglik bilan o‘z hissasini qo‘shajagini bildirganligi insonparvarlikning yaqqol namunasi bo‘ldi. Xalqimizga xos mardlik, birdamlik va xayr-saxovat 30 dan ortiq davlat yetakchilari ishtirokidagi sammit ishida kim va kimlar avlodidan ekanligimizni baralla namoyon etdi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari katta ishonch bilan “Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”ligini ta’kidladi.
Bu tashabbus, albatta, o‘tgan asrning mudhish kunlarini yodidan chiqarmagan, tinchlik uchun millionlab qurbonlar bergan, yetimlarning boshini silab bag‘riga olgan, yarimta non topsa yarmini qo‘shnisiga bergan insonparvar, olijanob xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ha, dono xalqimiz “Qo‘shning tinch, sen tinch”, deganlaridak yurtimiz tinch bo‘lishi uchun boshqa yurtlar ham tinch bo‘lishi muhim.
Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lida qat’iy qadamlar tashlar ekan, mamlakatimizda, yon-atrofimizda yashovchi qardosh xalqlarda, uzoq va yaqin do‘stlarimiz oilalarida, butun dunyoda tinchlik bo‘lishi uchun qilinayotgan sa’y-harakatlar e’tibor va e’tirofga loyiq. Zero, tinchlik va osoyishtalik bor joyda taraqqiyot bor, taraqqiyot bor joyda esa inson baxti barqarordir.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi
raisining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA