Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tinchlik, hamjihatlik – iqtisodiy taraqqiyot omili
11:33 / 2022-09-14

Toshkent shahrida O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida SHHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvining 23-majlisi onlayn va oflayn rejimda bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda SHHT Bosh kotibining o‘rinbosari E.Ashimov, SHHT Ishbilarmonlar kengashining ijrochi kotibi S.Kanavskiy, O‘zbekiston Respublikasidan D.Vahobov, shuningdek, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston Respublikalari Ishbilarmonlar kengashi milliy qismlarining raislari, kuzatuvchi davlat Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi hamda tashkilotga a’zo mamlakatlar ishbilarmon doiralarining nufuzli vakillari ishtirok etdi.

SHHT Ishbilarmonlar kengashi –  tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida ishbilarmon doira vakillarini jalb etgan holda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat qarorlari qabul qilish va ekspert baholarini berishga vakolatli mustaqil tuzilma hisoblanadi. 

[gallery-8774]

SHHT Ishbilarmonlar kengashining o‘ziga xos xususiyati shundaki, Kengash davlatlararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgan energetika, transport, telekommunikatsiya, bank, kredit masalalari bilan bir qatorda ta’lim, fan va innovatsion texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga ham alohida e’tibor qaratiladi. 

Bu galgi SHHT Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvining majlisini o‘tkazishdan asosiy maqsad  Kengash doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, biznes masalalari bo‘yicha fikr almashish, savdo-iqtisodiy sohada barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, joriy va keyingi yillar uchun ikki tomonlama hujjatlar portfelini shakllantirishdan iborat. 

Uchrashuvda ishtirokchilar tomonidan Ishbilarmonlar kengashi boshqaruvining joriy faoliyatiga oid masalalar muhokama qilindi va yaqin kelajakda SHHTga a’zo  davlatlarning biznes tuzilmalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. 

Shu bilan birga yig‘ilish davomida tashkiliy ishlar ham ko‘rib chiqildi. SHHT Ishbilarmonlar kengashining 2023 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatga yangi raisi etib, Hindiston Respublikasi SHHT Ishbilarmonlar kengashining milliy qismi raisi Shiv Vikram Xemku saylandi. 

Tadbir yakunida SHHT Ishbilarmonlar kengashining milliy qismlari raislari uchrashuvda erishilgan kelishuvlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan bayonnoma imzoladilar. Mazkur tadbir 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti arafasida tashkil etildi. 

SHHT Ishbilarmonlar kengashi SHHTga a’zo davlatlarning ishbilarmon va moliyaviy doiralarini birlashtiruvchi nodavlat tashkilotdir. Kengash 2006 yil 14 iyunda Shanxayda (Xitoy Xalq Respublikasi) turli sohalarda ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama loyihalarni amaliy ilgari surish uchun moliya institutlarini jalb qilish maqsadida tashkil etilgan.

 

N.Usmonova, 
O‘zA muxbiri