French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tinchlik, hamjihatlik, ahillik – eng oliy qadriyat
17:48 / 2025-11-16

16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni

16 noyabr butun dunyoda Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlanadi.  Ushbu sana O‘zbekistonda o‘zgacha ko‘tarinkilik va bayramona ruh bilan o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan. 

Sana munosabati bilan Din ishlari qo‘mitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan hamkorlikda “Bag‘rikenglik haftaligi” yuqori saviyada o‘tkazilgani mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan ezgu va ibratli sa’y-harakatlarni nainki respublikamiz, balki xalqaro miqyosda keng namoyish etish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Aytish kerakki, so‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalari turmushga faol tatbiq etilmoqda, bu qoidalar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari millatidan qat’i nazar,  O‘zbekiston xalqini tashkil etishini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi o‘zining hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-odati va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib, Vatanimizning gullab-yashnashiga va uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Amalga oshirilayotgan ustuvor yo‘nalishlar sur’atini, keng ko‘lamli demokratik islohotlarni, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy jihatdan erkinlashtirish va jamiyat hayotining boshqa jabhalarida erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlar tahlili O‘zbekiston xalqi yagona g‘oya – O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha olijanob maqsadlar va g‘oyat muhim vazifalarga erishishdan iborat yagona maqsad atrofida birlashganligini ta’kidlash uchun barcha asoslarni beradi. Mamlakatimizda bag‘rikenglik tamoyillari muttasil milliy qonunchiligimizda tobora yorqinroq o‘z ifodasini topmoqda.

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyevning ta’kidlashicha, “Bag‘rikenglik haftaligi” garchi xalqaro miqyosda nishonlansa-da, lekin O‘zbekistondagi kabi shunday rang-barang va qiziqarli tadbirlarni o‘zida mujassam etgan ma’rifiy haftalik dunyoning hech qaysi mamlakatida nishonlanmaydi. Bu esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi  bilan millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi o‘zaro ahillik va hamjihatlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlarning amaliy natijasidir.  

Ayni e’tibor natijasida mamlakatimizda ko‘plab diniy konfessiyalarga mansub muassasalar, o‘quv dargohlari faoliyat ko‘rsatib turibdi. Yurtimizning turli hududlarida “Do‘stlik uylari” barpo etilib, bugungi kunda bu dargohlar turli millatli, lekin maqsad-muddaosi bir bo‘lgan vatandoshlarimizning eng sevimli maskanlaridan biriga aylangan.  

Istiqlol bayramining 34 yilligi arafasida 20 dan ortiq milliy madaniyat markazlari uchun “Milliy markazlar paviloni” bunyod etildi. Ushbu go‘zal va betakror maskan davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida  turli millat vakillarining fikri va takliflarini inobatga olgan holda tashkil etilgani e’tiborga molikdir.

– O‘zbekistonda kuzatganim shuni ko‘rsatadiki, xalqaro bag‘rikenglik kuni faqat bir kun bilan cheklanmaydi, – dedi  Butunjahon Evangel alyansi elchisi Efraim Tendero. – Bu g‘oya butun hafta davomida keng qamrovli tarzda nishonlanadi va ushbu tadbirlarning shukuhi yil davomida davom etadi. Bu bizni quvontiradi. Yurtingizda barcha din va millat vakillariga teng munosabat ko‘rsatilayotgani ham e’tiborga loyiq. Mazkur yondashuv jamiyatdagi o‘zaro hurmat va ishonch, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bunday yirik va mazmunli tadbirlarni tashkil etgani uchun chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu tashabbuslar mamlakatda olib borilayotgan bag‘rikenglik siyosatining amaliy ko‘rinishidir.

–  O‘zbek xalqi tarixan bag‘rikengligi bilan tanilgan, - dedi “Tinchlik va yarashuv tarmog‘i” global tashkiloti direktori Fil Vangler. – Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan diniy-ma’rifiy siyosat bunga yangi sur’at berdi. O‘zbekistonda barcha din vakillariga teng munosabat ta’minlanayotganini ko‘rib turibmiz. Mamlakatda bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qiladigan o‘ziga xos model shakllandi. Biz bu jarayonning faol guvohi bo‘lib turibmiz.

–  Bu mening O‘zbekistonga birinchi tashrifim, – dedi  Birlashgan Bibliya jamiyatlari Bosh kotibi Dirk Gevers. – Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan siyosatni ko‘rishdan juda ham mamnunman. Bu oqilona siyosat davlatni ijtimoiy-iqtisodiy tomonlama rivojlantiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, biror-bir davlatdagi bag‘rikenglik sohasidagi yutuqlar, albatta, o‘sha davlatning iqtisodiy barqarorligiga bog‘liqdir. Bag‘rikenglik haftaligi doirasidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasiga batafsil nazar tashlash imkonini bergani bilan diqqatga sazovordir.

– O‘zbekistondagi bag‘rikenglik muhiti, dinlararo bir-biriga hurmat va e’tibor dunyoning hech qayerida yo‘q, – dedi MDH Hind forumi raisi, Rossiya – Hind kengashi raisi  Sanjit Djha. – Yurtingizga har safar kelganimda o‘zimni xuddi uyimdagidek his qilaman. Bugungi bag‘rikenglik doirasida o‘tkazilayotgan xalqaro miqyosdagi anjumanlar dunyoda ham ommalashishini istar edim. Mazkur sohada O‘zbekistonning tajribasi o‘zgacha bo‘lib, o‘zining muhim qarashlariga ega. Bunda, albatta, Prezidentingizning shaxsiy tashabbuslarini e’tirof etishimiz mumkin.  

Aytish kerakki, mamlakatimizda baland ruhda o‘tkazilgan “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlari qiziqarli ko‘rgazmalar, ijodiy muloqotlar, adabiy anjumanlar, taqdimotlar, milliy madaniyat markazlari badiiy jamoalarining konsertlari, xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiyalarni o‘ziga qamrab olgani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.    

Haftalik O‘zbekistonning millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro tinchlik va hamjihatlik, do‘stlik va ahillikni saqlash borasidagi siyosat yo‘lidan og‘ishmay borayotganini yana bir karra namoyish etdi. Bunga xorijiy mehmonlar o‘zlari guvoh bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz esa tinchlik va osoyishtalik, ahillikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi ekanini tobora teranroq his etdi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA