Bugungi globallashuv, keskin geosiyosiy raqobat va texnologik inqiloblar davrida har bir davlat oldida bitta muhim savol turibdi: milliy xavfsizlikni qanday ta’minlash mumkin? Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi aniq, puxta va strategik javob berdi.
Mazkur yig‘ilish mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida o‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlarni xolis baholash, mavjud tahdidlarni tahlil qilish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilash nuqtai nazaridan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi urushlar endi faqat tanklar, samolyotlar yoki askarlar soni bilan hal etilmaydi. Sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, kibertexnologiyalar, robotlashgan tizimlar va yuqori aniqlikdagi qurollar jangovar ustunlikni belgilab bermoqda.

“Zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgardi”, — deya qat’iy ta’kidladi Prezidentimiz. Bu fikr O‘zbekiston armiyasini rivojlantirishda to‘g‘ri strategiya tanlanganini ko‘rsatadi. Milliy armiyamizni texnologik jihatdan yangilash, raqamlashtirish, uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘linmalarini tashkil etish, axborot xavfsizligini kuchaytirish bugungi kunda shunchaki yangilanish emas, balki zaruratdir.
Jumladan, yig‘ilishda harbiy kadrlar tayyorlash masalasi alohida urg‘u bilan ko‘rib chiqildi. Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, ta’lim jarayoniga sun’iy intellektga asoslangan raqamli texnologiyalarning joriy etilishi armiyaning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Harbiy ta’lim endi faqat jangovar tayyorgarlik bilan cheklanmay, intellektual salohiyat, texnik tafakkur va zamonaviy bilimlarga tayanmoqda. Bu esa kelajak ofitserlari va mutaxassislarining global tahdidlarga tayyor bo‘lishini ta’minlaydi.
Yig‘ilishdagi eng muhim yangiliklardan biri — muddatli harbiy xizmatga mutlaqo yangi yondashuv joriy etilayotgani bo‘ldi. Endilikda harbiy xizmat yoshlar uchun nafaqat Vatan oldidagi burch, balki hayotda mustahkam o‘rin topish imkoniyati sifatida qaralmoqda.
Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “Muddatli harbiy xizmatni o‘tash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘liga aylanishi kerak”.
Askarlarga kasb o‘rgatish, sertifikat berish, oliygohlarga kirish imkoniyati, dasturlash va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida bepul ta’lim, kontrakt uchun foizsiz kreditlar, bandlik va tadbirkorlik bo‘yicha imtiyozlar — bularning barchasi davlatning yoshlarga bo‘lgan real va amaliy e’tiborining yorqin ifodasi.
Armiyada ma’naviy muhitni mustahkamlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Harbiy qismlarni 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash, kitobxonlik tanlovlari, sport musobaqalarining zamonaviy turlarini joriy etish askar va ofitserlarning nafaqat jismonan, balki ruhan ham yetuk bo‘lishiga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda e’lon qilingan ijtimoiy yangiliklar harbiy xizmatchilar mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan. Maoshlar oshirilishi, pensiya ta’minoti yaxshilanishi, uy-joy masalasiga e’tibor kuchaytirilishi armiyada xizmat qilish nufuzini yanada oshiradi.
Bu tashabbuslar “Armiya va jamiyat bir butun” degan tamoyilning amaliy ifodasidir.
Bugungi murakkab va o‘zgaruvchan dunyoda tinchlik va barqarorlik eng katta boylikka aylanmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barcha soha va tarmoqlar “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi shart. Xavfsizlikni kutib emas, oldindan ta’minlash — yangi davr talabi.
Xavfsizlik kengashining mazkur yig‘ilishi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini zamonaviy, yuqori texnologiyali, intellektual va xalq himoyasiga doimo tayyor armiyaga aylantirish yo‘lidagi qat’iy siyosiy irodaning yana bir yorqin namoyoni bo‘ldi.
Vatan himoyachilari bor ekan, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, kelajagimiz ishonchli bo‘ladi.
Otabek Jiyanboyev,
Xalq deputatlari Toshkent shahar
Kengashi deputati.