Rossiya-Ukraina
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Parijda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda xalqaro tashkilot rahbari rasmiy vakili Farxon Haq ma’lum qildi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal bilan mamlakat iqtisodini qayta tiklashda xususiy sektorning roli va investitsiya muhitini yaxshilash masalasini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Mettyu Miller xabar berdi. Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Blinken AQSH Ukrainaga qo‘shimcha 1,3 milliard yordam mablag‘i ajratganini ma’lum qilgan. Shmigal aytishicha, Buyuk Britaniya bilan 500 million dollarlik moliyaviy yordam to‘g‘risida shartnoma imzolangan.
Jahon banki Ukrainaga 1,75 milliard dollar miqdorida yordam berishi e’lon qilindi, deya ma’lum qildi bank matbuot xizmati. 2022 yil iyun oyidan beri mazkur nufuzli moliyaviy tuzilma Kiyevga 19,745 milliard dollar miqdorida turli dasturlar uchun ko‘mak bergani aytilgan. Shu kuni Ukraina hukumati va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida erishilgan bitimga ko‘ra, energetika kompaniyalarini qo‘llash uchun 600 million yevro taqdim etishga kelishilgan.
Germaniya TIV rahbari Annalena Berbok Ukrainadagi qarindosh-urug‘chilik va korrupsiya haqida gapirarkan, Kiyevni YeIga qo‘shilish uchun zarur islohot yo‘lida davom etishga chaqirdi. Bu fikr Londonda, Ukrainani qayta tiklashga bag‘ishlangan konferensiyada yangragan. Anjumanda virtual chiqish qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “tinchlik asosi”ni yaratishga xizmat qiladigan besh yo‘nalishni sanab o‘tdi: birdamlik, barqarorlik, o‘sish, xavfsizlik va demokratiya salohiyati. Ukraina rahbari so‘zlariga ko‘ra, ayni ziddiyat Yevropa Ittifoqini yanada jipslashtirgan, NATO esa “ma’naviy kuchi”ni namoyish etishga muvaffaq bo‘lgan.
Ukraina inqirozida harbiy g‘alaba bo‘lmaydi, tomonlar tezroq tinchlikka erishmog‘i kerak. Bu bayonotni Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva “Corriere della Sera” gazetasiga berdi.
“Ikki mamlakat harbiy mojaroda g‘olib bo‘lishi to‘g‘risida o‘ylamoqda, men bu fikrga qo‘shilmayman. Tinchlik haqida gapirishga hali ancha vaqt bor. Meni dunyoda juda ko‘p odam, ayniqsa bolalar och qolayotgani tashvishga soladi. Shu muammolarni hal etish o‘rniga, mojaro haqida gapiryapmiz.
Kiyev ittifoqdoshlari Ukrainaga qiruvchi samolyot yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda TIV rahbari Dmitriy Kuleba “Bi-bi-si HARDtalk” kanaliga intervyusida aytib o‘tgan.
– Bu uchoqlarni olishimizga ishonchim komil, bu borada taxminiy muddat ham ma’lum, – dedi vazir. – Uchuvchilarimiz tayyorgarlikni boshlagan.
Avgust oyida uchuvchilar qiruvchi “F-16” uchog‘ida mashq boshlaydi. Dastlabki samolyotlar olti-yetti oyda kelishi kutilyapti.
Ukraina Xavfsizlik xizmati “davlat xavfsizligiga tahdid qiladigan” Rossiya partiyalari va jamoat tashkilotlari ro‘yxatini shakllantirdi. Ijtimoy tarmoqdagi rasmiy saytda aytilishicha, ro‘yxatga tushgan idoralar Ukrainadagi ziddiyatini qo‘llab-quvvatlagan.
Xabarda, jumladan, shunday so‘zlar bor:
– Endi Rossiyadagi bu partiya va birlashmalarning Ukraina hududidagi ijtimoiy-siyosiy yoki xo‘jalik faoliyati taqiqlanadi. Shuningdek, mazkur tuzilmalarning Ukraina partiyalari, jamoat harakatlari va jamg‘armalari bilan hamkorligiga ham chek qo‘yiladi.
Abror XON,
O‘zA