Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» sarlavhali maqolasida tinchlik-totuvlikni, taraqqiyot yo‘lida o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha tahlil etilgan.
O‘zbekistonning SHHTga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan bir vaqtda «tarixiy evrilish» pallasiga to‘g‘ri kelganligiga alohida urg‘u berilib, bir tarixiy davr o‘z nihoyasiga yetgani, yangi bir davr boshlanayotgani, xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqati ekanligi bayon qilingan.
Maqolada dunyoda sodir bo‘layotgan global xavf-xatarlarni bartaraf etishning yagona yo‘li konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish, imkoniyatlarni birlashtirish orqali mushtarak maqsadlarga erishish mumkinligiga urg‘u berilgan.
Shuningdek, bugungi kunda davlatlarning o‘zaro hamkorlikda rivojlanishini ko‘p tomonlama institutlarsiz amalga oshirib bo‘lmasligi, xuddi shunday institutlardan biri, bu – Shanxay hamkorlik tashkiloti ekanligi e’tirof etilgan.
Haqiqatdan ham SHHT qisqa vaqt ichida nufuzli, dunyo aholisining yarmini tinchlik va barqaror rivojlanish yo‘lida birlashtirgan yirik xalqaro tashkilotga aylandi. Uning birinchi galda terrorizm, ekstremizm va separatizm tahdidlariga qarshi kurash sohasida erishgan muvaffaqiyatlari ayondir.
Binobarin, SHHTga a’zo barcha davlatlar – eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va strategik hamkorlarimiz bo‘lib, tashkilotga raislik bizga ular bilan ko‘p tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi.
Tashkilotning yana bir e’tirofga loyiq tomoni, uning turli bloklardan xoli maqomga ekanligi, ochiqlik, uchunchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi davlatlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymasligidir.
2021-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining SHHTga raislik davrida «Har birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi» shiori ostida hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘yildi.
Sir emaski, yer yuzining sayqali, qadimiy Samarqand dunyo hamjamiyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan tarixiy shahardir. Maqolada keltirilganidek, ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo‘q. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan.
Bugun Samarqand mintaqaviy rivojlanishga poydevor qo‘yayotgan tarixiy muloqot maydoniga aylanayotganligi bilan barchamizni birdek quvontiradi. Prezidentimiz aytganidek, «Samarqand ruhi bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishga turtki bergan «Shanxay ruhi»ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi».
Shunga ko‘ra, SHHTning Samarqand sammiti tashkilotga a’zo davlatlarning o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirishga hamda SHHTni rivojlantirishga xizmat qiladi, deb baralla aytolamiz.
Zotan, unda muhim konseptual hujjatlar, jumladan, SHHTning tadrijiy rivojini yangi bosqichga olib chiquvchi SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.
Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri o‘rinbosari