Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tinch-osoyishta yurtga favvoralar yarashadi
15:32 / 2025-06-09

Favvoralar “qo‘shig‘i”ga quloq solganmisiz? Favvora kishi xayolini so‘lim maskanlar tomon yetaklaydi. Favvora oldida bir muddat yolg‘iz qolib uni tinglaganda, sizga u ko‘plab hayajonli va sokin, shuningdek,uzoq xotiralarni hadya etadi.

Sharshara tovushiga qushlarning nolasi qo‘shilsa va ranglar raqs aylasa bahri dilingiz yanada yayraydi. Kundalik hayot tashvishlarini bir fursat bo‘lsa-da unutasiz, shuning barobarida ruhan tetiklashasiz. Ertangi kunga teran nigoh bilan boqishga, yangilik va ezgu amallarga qo‘l urishga oshiqasiz.

Favvora... Yengil shabboda, salqin suv tafti odamga cheksiz huzur baxsh etadi. Favvora yonida nurli kelajak haqida xayollarga g‘arq bo‘laman. Ko‘kka tomon ko‘tarilayotgan zilol suv tomchilariga termulganim sayin fikrim tiniqlashib, ko‘nglim ravshan tortib borayotgandek bo‘laveradi.

Keyingi yillarda poytaxtimizning turli manzillarida ko‘plab turarjoylar va mehmonxonalar, anjumanlar o‘tkazishga mo‘ljallangan binolar qad rostladi va bunday binolar qurilishi davom etmoqda. Ularning oldi qismida esa bir-birini takrorlamaydigan, kishi e’tiborini tortadigan favvoralar ham ko‘rk berib turibdi. Ularni noma-nom sanash mumkin.  

Yangi favvoralar orasida yaqinda ta’mirdan chiqarilgan  Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatriga ko‘rk bag‘ishlab turgan favvora biz tenqur insonlarga yoshlik yillarini eslatib turadi.

Har safar shu manzilga kelsam, favvora atrofida sayr qilib yurgan keksa yoshdagi kishilar va ko‘plab yoshlarga ko‘zim tushadi. Shu bilan birga ko‘plab xorijlik sayyohlarning ham teatr va favvorani hayrat bilan kuzatib turganiga guvoh bo‘laman.  

Ko‘hna xotiralar jonlanadi. Balkim sizning ham favvora bilan bog‘liq o‘zbek filmlari orasidagi eng sara asarlar qatoridan o‘rin olgan “Chinor ostidagi duel” filmi xotirangizga kelgan bo‘lsa ajab emas. Ayniqsa, favvora bilan bog‘liq kadrlar sizni butun boshli filmni to‘liq yodga olishga, o‘sha davr bilan birga yashashga chorlaydi.

Favvoralar... Yozning jazirama kunlari boshlandi. Insonlar bu kunlarda soya-salqin joylarga oshiqadi. Dam olish kunlari esa shahardan chekka joylarda hordiq chiqarishni niyat qiladi. Juda bo‘lmaganda shu kabi favvoralar ular joniga oro kirishi ham bor gap. Kechki tomon farzandlar va nabiralar bilan birga men uchun bolalik xotiralarni yodga oluvchi favvora tomon yo‘l oldim. U yerdagi o‘zgarishlarni ko‘rib  yanada xursand bo‘ldik.

Bundan yetti-sakkiz yillar ilgari favvora atrofidagi yo‘laklar tartibsiz va aholi uchun yetarli o‘rindiqlar yo‘q, har yerdagi o‘ydim chuqurlar kishi dilini ranjitardi. Bugun hammasi o‘zgacha. Teatr maydoni to‘liq ta’mirdan chiqqan. Ko‘kalamzor maydonlar ancha kengaygan, yo‘laklarga zamonaviy shakldagi toshlar yotqizilgan. Shu bilan birga har bir yo‘laklarga milliy usuldagi o‘rindiqlar va turli chiqindilarni tashlash uchun shinam qutilar o‘rnatilgan. Maysalar sug‘orish tizimiga ulangan. Bir so‘z bilan aytganda, atrofdagi go‘zallik har qanday dam oluvchini befarq qoldirmaydi.

Teatr maydonida tez-tez tashkil etilayotgan turli musiqiy tadbirlar dam oluvchilarni doimiy o‘ziga chorlab turibdi. Favvoradan ko‘kka tomon otilayotgan suv zarralari musiqa ohangiga mos raqs tushayotgandek, go‘yo.  

[gallery-23810]

Dillarni yayratuvchi, ko‘ngillarga huzur, ruhiyatga tetiklik bag‘ishlovchi favvora “qo‘shig‘i” yaxshilik va ezgulik ulashishda davom etmoqda. Tinch va osuda yurtga shunday favvoralar yarashadi.  

Asror Sulaymonov, O‘zA