Dunyoning eng chekka davlatlaridan biri – Tuvalu ilk bor bankomat xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Hozirgacha Tinch okeanidagi mazkur orol-davlat bank tizimida elektron xizmat ko‘rsatish imkoni yo‘q edi.
Britaniyaning “The Gaurdian” nashri yozishicha, eng yirik Funafuti orolidagi Vayaku qishlog‘ida bankomat o‘rnatilishi bayramga aylanib ketdi. Tadbirda Bosh vazir Feleti Teo va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar ishtirok etdi. Qurilmalar Tuvalu milliy banki bosh idorasiga joylashtirildi.
Ilgari mamlakatda harqanday moliyaviy amaliyot faqat naqd pulda olib borilgan. Maosh beriladigan kuni xodimlar soat 14:00 da yopiladigan bank oldida uzun navbatda turishga majbur edi. Oziq-ovqat, mehmonxona va turli xizmat uchun to‘lov doim qog‘oz orqali amalga oshirilgan.
– Yaqin kelajakda qishloqlar, aeroport bankomat bilan ta’minlanadi, – dedi hukumat boshlig‘i. – Mijozlarna bank kartasi beriladi, onlayn xizmat odamlar ko‘nikib olguncha bepul taqdim etiladi. Besh dona bankomat, 30 ta to‘lov terminali mamlakatga 1,9 millionga tushgan.
Tuvaluda 12 000 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hozircha taxminan 6 000 mijoz yangi texnologiyadan foydalanishi kutilyapti.