Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Timur Ishmetov: O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda turibdi
11:37 / 2022-11-05

Samarqandda bo‘lib o‘tgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumida moliya vaziri Timur Ishmetov yaqin yillarda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda qaysi jihatga ko‘proq e’tibor qaratilishi, davom etayotgan global retsessiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri haqida fikr bildirdi.

– Mamlakatimizda shu yil iqtisodiy o‘sish kuzatildi. Ammo, inqiroz boshlanganida yaxshi kutilmalar bera olmadik. 2020 yildan 2021 yilgacha davom etgan pandemiya davrida mavjud muammolarni hal qilishning eng to‘g‘ri yo‘li strukturaviy islohotlarni davom ettirish ekanini tushunib yetdik. 3-4 yil oldin qarz olishga ko‘proq e’tibor qarata boshladik. Qarzimiz katta emas. Bizni barcha hamkorlarimiz va investorlar qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytishdi.  

Biroq, hozirda O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda turibdi. Yangi qiyinchiliklar bilan yuzlashyapmiz. Global retsessiya fonida kredit jalb qilish qimmatlashib, foiz stavkalari oshyapti. Moliyaviy buferimiz cheklandi. Ayni vaqtdagi vaziyatda byudjet xarajatlarini qisqartirish kerak.  

Joriy yil byudjet defitsiti 4 foiz atrofida bo‘ladi. Keyingi yil uchun dilemma qarshisida turibmiz. Taqchillikni 3 foiz ko‘rsatkichda ushlab qolish oson bo‘lmaydi. Bosim juda katta. Hozir inflyatsiyani ushlab turish biz uchun asosiy masala bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa infratuzilmani davlat byudjetidan moliyalashtira olmaymiz. Shuning uchun barcha xarajatlarimizni kamaytirishimiz kerak.  

Bu vaziyatdan chiqish uchun asosiy e’tiborni xususiy pul mablag‘laridan foydalanishni ko‘zda tutuvchi tarkibiy islohotlarga qaratish kerak. Shuni ham aytish kerak, investitsiya oqimining o‘zgarishi va mintaqaviy inqiroz tufayli islohotlarni amalga oshirish murakkablashdi. Bu ijobiy jarayon emas. Bu sharoitda ham, xususiy investorlarning mamlakatga kelishi va jarayonlarda qatnashishi uchun islohotlarni amalga oshirishdan to‘xtamasligimiz shart.  

Jahon banki va OTB tahlillariga ko‘ra, mamlakatimizda davlat sektori va xususiy sektor uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish kerak. Ba’zi tarmoqlarda narxlarni liberallashtirishimiz kerak. Yaxshi boshlangan xususiylashtirish dasturimizni, xuddi shunday yakunlashimiz lozim zarur. Agar, islohotlarni o‘tkazish to‘xtatilsa yoki kechiktirilsa, iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishning imkoniyati bo‘lmaydi. Bu islohotlarni davom ettirsak, bu yilda 5 foiz va undan yuqoriroq iqtisodiy o‘sishni saqlab qolamiz.  

Biroq, asosiy e’tiborni 2024-2025 yillarga qaratishimiz zarur. Islohotlarni davom ettirsakkina, iqtisodiy o‘sishni ham saqlab qolamiz. Agar bu ishni kechiktirsak yoki orqaga sursak, keyingi ikkinchi yoki uchinchi yildan iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishning imkoniyati yo‘q. Bu borada ko‘plab xorijiy mamlakatlardagi holat turlicha. Biroq, biz iqtisodiyotning xususiy mablag‘larga tayanishini ta’minlaydigan reformalarni davom ettirishimiz zarur. Bu e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan yagona yo‘l, – dedi moliya vaziri.    

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA