AFI — Moliyaviy inklyuziya alyansi Direktorlar kengashi qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov AFI Direktorlar kengashi raisi o‘rinbosari etib saylandi. Shuningdek, u AFI’ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha Direktorlar kengashidagi vakili sifatida ham faoliyat yuritadi.
Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Markaziy banki 2018 yildan buyon AFI’ning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi hamda tashkilotning boshqaruv tuzilmalarida, jumladan, Bank, byudjet va moliya qo‘mitasi hamda Gender inklyuziv moliyalashtirish qo‘mitasi tarkibida faol ishtirok etib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Timur Ishmetov AFI’ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha Siyosiy tashabbusiga ham raislik qilmoqda.
— O‘zbekiston Markaziy bankining AFI Direktorlar kengashi tarkibiga kiritilishi mamlakatimizda moliyaviy inklyuziyani rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda inklyuziv moliyaviy ekotizimni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim e’tirofi, — dedi Markaziy bank raisi Timur Ishmetov.
Uning ta’kidlashicha, mazkur tayinlov O‘zbekistonga dalillarga asoslangan yondashuvlarni ilgari surish, islohotlarga qaratilgan siyosiy qarashlarni ulashish hamda AFI’ning global tarmog‘i doirasida adolatli, barqaror va kelajakka tayyor moliyaviy tizimlarni rivojlantirish imkonini beradi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA