Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilsiz yovga qarshi kurash
12:58 / 2022-10-29

Yuzlab kishilar tutun ichida qolgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan, vahimada qolganlar qancha. Olov shunday. Uni bejizga tilsiz yov, deyishmaydi. Hech narsani ayamay yopirilib, qurshoviga olganini kul qiladi. Unga faqat doimiy ogoh bo‘lib, qurollanib, tezkorlik, shijoat va matonat ko‘rsatibgina bas kelish mumkin.

Qarshi xalqaro aeroportida parvozlarni qidiruv va avariya-qutqaruv ta’minoti bo‘yicha o‘tkazilgan kompleks o‘quv mashqlari ishchi-xodimlar, hamkor tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarga qay darajada shayligini ko‘rsatib berdi.

Unda aeroportdagi tegishli xizmat va bo‘linmalar xodimlari hamda Qarshi shahridagi yagona aviatsiya qidiruv va qutqaruv xizmatiga kiruvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Maxsus-taktik o‘quv mashqi davomida shartli ravishda yong‘in kelib chiqqanidan keyin yong‘inni o‘chirish, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarini evakuatsiya qilish hamda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, mashg‘ulot davomida yong‘in natijasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishda tadbirlarni muvofiqlashtirish, favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarni saralash va ro‘yxatga olish tadbirlarini tashkillashtirish vazifalari bajarildi.

– Albatta yong‘in bilan bog‘liq favqulodda holatlarni oldini olishga doimo tayyor turishimiz kerak, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaviatsiya” agentligi vakili Avaz Niyozov. – Belgilangan asbob-uskunalar va texnikalar belgilangan talablar asosida bo‘lishi kerak. Shu ma’noda bugungi o‘quv-taktik mashg‘ulot tayyorgarligimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etdi. Hammasi qoniqarli o‘tdi. Barcha ishchi xodimlar jangovar shay holatda.

 

O‘lmas Barotov, O‘zA.