French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilshunoslik va adabiyotshunoslikka oid izlanishlar tahlili
21:16 / 2022-12-22

O‘zbekiston Milliy universitetida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining tilshunoslik hamda adabiyotshunoslik fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Dastlab Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, iqtisod fanlari doktori, professor A.Yusupov komissiya faoliyati va turli fan tarmoqlarida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, xususan, ilmiy jarayonda tilshunoslik hamda adabiyotshunoslik fanlari sohasidagi izlanishlar haqida qisqacha ma’lumot berdi.

Anjumanda joriy yilda filologiya yo‘nalishida himoya qilingan dissertatsiyalarning umumiy soni, ilmiy izlanishlarning mohiyati, o‘ziga xos yutuqlari xususida axborot berildi. Joriy yilda tilshunoslik sohasida 8 nafar talabgor fan doktori (DSc) va 85nafar talabgor esa falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlandi. Adabiyotshunoslik sohasida ham 8 nafar talabgor fan doktori (DSc) va 85 nafar talabgor esa falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlandi. Tadqiqotlar natijasida muhim ilmiy natijalar olinib, ularning amaliyotga joriy qilinishi ta’minlandi. Tadqiqotlarda jumladan, quyidagi ilmiy natijalar olindi. O‘zbek tilshunosligidagi til korpusida tegishli atamalarning leksik-semantik, struktur jihatlarini oydinlashtirish orqali ma’lumotlarni markazlashtirish, qayta ishlash imkoniyatlari asoslanib, grammatik terminlar elektron lug‘atining zamonaviy, qiyosiy, tasnifiy tamoyillari aniqlandi. O‘zbek tibbiyot terminologiyasining shakllanish tarixi, yunoncha, lotincha, ruscha, forscha, tojikcha terminlarning genetik asosi negizida tadqiq etilib, Sharq tibbiyoti namoyandalari yaratgan terminografiya ochib berildi. O‘zbek milliy-madaniy an’anasidagi dastlabki reklama alomatlari, o‘zbek tilidagi reklama matnlari semantikasi, sintaksisi va reklama matnidagi imperativlik buyruqning keskin, qat’iy emas, balki anchayin yumshoqroq tipi ekani asoslangan... 

Shu bilan birga adabiyotshunoslik sohasida joriy yilda 8 nafar talabgor fan doktori(DSc), va 85 nafar talabgor falsafa doktori(PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlandi. Amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida muhim ilmiy natijalar olinib, ularning amaliyotga joriy qilinishi ta’minlandi. Tadqiqotlarda jumladan, quyidagi ilmiy natijalar olindi. XVIII-XIX asrlar o‘zbek mumtoz adabiyotida islom tarixiga oid qissalar va voqealar bayonida ta’sirchanlikni ta’minlash hamda nisbatan oson yodlanuvchi masnaviy janridan keng foydalanish an’anasi Sobir Sayqaliy, Jahon otin Uvaysiy, Xolis Toshkandiy hamda Abduqayum Vahmiyning mazkur yo‘nalishdagi 7 ta asari tahlili vositasida asoslab berildi.

Komil Xorazmiy devonining qo‘lyozma va toshbosma nusxalari, arxiv hujjatlari asosida shoir adabiy merosi manbalarining mufassal ilmiy tasnifi va tavsifi amalga oshirildi hamda shu paytga qadar ilm ahliga ma’lum bo‘lmagan 58 g‘azal, 1 murabba’, 16 muxammas, 8 musaddas, 1 musamman, 6 qasida, 7 masnaviy, 16 ta’rix va 12 ruboiy – jami 3842 misradan iborat she’rlari aniqlanib, ilmiy muomala olib kirildi. 

Maqsud Shayxzoda asarlari qo‘lyozmalarini matniy-qiyosiy tekshirish natijasida ijodkorning yangi asarlarida davr va mafkura ta’sirida tahrirga uchragan, yo‘qotilgan o‘rinlar, ulardagi tarixiy shaxslarga bo‘lgan munosabat, joy nomlari, arxaik so‘zlar, din va e’tiqod talabi, siyosiy mafkura chig‘irig‘iga ko‘ra tushirib qoldirilgan o‘rinlar aniqlanib, qayta tiklandi. 

Mustaqillik davri o‘zbek nasrida estetik ideal sifatida tasvirlangan ijodkor inson - musavvir, musiqachi, yozuvchi obrazini yaratishda uslubiy xoslanishlar mavjudligi, jumladan, musavvir obrazi talqinida peyzaj va interer, nur va rang timsollarining badiiy uyg‘unligi, mug‘anniy va mutrib obrazi tasvirida ijod bosqichlari, mentalitet va gender yondashuvga ko‘ra xoslanishi, yozuvchi yoki shoir obrazini yaratishda ichki monolog (monolog-mulohaza, monolog-xotira, monolog-taftish) va portret tasviri muhim differensial vositalar ekanligi isbotlangan.

Matbuot anjumaniga taqdim etilgan ma’ruzalarning mavzulari rang-barang bo‘lib, ularda har ikki fan sohalarida bajarilgan tadqiqotlardagi yangicha qarashlar, ilmiy yutuqlarning ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan ulkan hissasi muhokama qilindi.

Shuningdek, filologiya fanlari doktori, professor Ra’no Sayfullayeva “Yangi O‘zbekistonda tilshunoslikka doir yangi tadqiqotlar” mavzusida ma’ruza qilib, bugungi kun tilshunosligidagi izlanishlar haqida ma’lumot berdi.

Anjuman yakunida tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohalarida 2022 yilda dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan falsafa doktori va filologiya fanlari doktorlarining ham chiqishlari bo‘lib o‘tdi.

N.Usmonova, O‘zA