Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilshunos magistrantlarga diplomlar topshirildi
15:48 / 2023-08-10

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022/2023 o‘quv yilida ushbu o‘quv dargohini muvaffaqiyatli tamomlagan magistratura talabalariga diplom topshirish tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor Odinaxon Jamoldinova kirish so‘zi bilan ochar ekan, mamlakatimizda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish masalasiga ustuvor e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.  

O‘tgan ikki yil davomida magistrlar tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarda nazarda tutilgan fanlardan puxta bilim egalladilar. Kafedralarda tashkil etilgan ilmiy seminarlarda magistrlar sohaga oid muammolarni o‘rganish, magistrlik dissertatsiyasi uchun mavzu tanlash jarayonida faol bo‘ldilar. Bu esa ularning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga kirib borishlariga xizmat qilgani e’tiborli.  

Ko‘plab yoshlar universitetning yetakchi olimlari ilmiy rahbarligida olib borilgan tadqiqot ishlari yuzasidan respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-nazariy anjumanlarda ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etib, nufuzli jurnallarda ilmiy maqolalari nashr qildi.  

Bitiruvchilarning 90 foizini xotin-qizlar tashkil etgani va kontrakt-to‘lov asosida o‘qigan magistrlarga to‘lov-kontrakt mablag‘lari Davlat byudjetidan qoplab berilgani diqqatga sazovordir.  Bundan unumli foydalangan talabalar yanada ruhlanib, o‘qishlarini tayanch doktorantura va mustaqil izlanuvchi institutlarida davom ettirish, kelajakda sohaning yetuk mutaxassislari bo‘lish niyatida ekanligi e’tirof etildi.  

Joriy yilda universitetda 12 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 266 nafar magistr o‘qishni tamomlab, magistrlik darajasiga ega bo‘ldi.  

Tantanali tadbir davomida namunali xulqi, ilmga chanqoqligi, jamoat ishlarida faolligi, ta’lim jarayonida o‘quv mashg‘ulotlarini yuqori darajada o‘tagani, shuningdek, kafedra ixtisosligi bo‘yicha ilmiy tadqiqoti yo‘nalishi doirasida tashkil etilgan yig‘ilish va konferensiyalarda  ilmiy maqolalari bilan faol qatnashgani  va ilm-fan sohasiga munosib hissa qo‘shgani uchun bir guruh magistratura bitiruvchilari Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Tadbir so‘ngida barcha bitiruvchi magistrlarga diplomlar topshirildi.  

 

N.Usmonova,  

O‘zA