Til millatning eng qadrli boyligi bo‘lib, uning o‘zligi asosi, ma’naviy va madaniy qiyofasini aks ettiruvchi muhim birlik sanaladi. Tilning yashovchanligi uning sohiblari – unda so‘zlovchilarning qo‘lidadir. Muayyan tildagi adabiyot va san’atning ham bundagi o‘rni katta.
Turli tillar ming yillar mobaynida yashab kelmoqda. Shu jumladan, turkiy tillar oilasiga mansub o‘zbek tili ham asrlar davomida sayqallanib, takomillashib, boyib kelmoqda. Tilimiz ildizlari kamida V-VII asrlarga mansub O‘rxun-Enasoy bitiklariga borib taqaladi. Turkiy olamning taniqli vakili Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ot it-turk” asari turkiy tillar tarixi, shu qatorda o‘zbek tilshunosligi uchun ham muhim manba sanaladi. Mazkur asarni o‘rganish jarayonida hozirda tilimizda mavjud bo‘lgan minglab so‘z va iboralar, maqol va matallar ming yil avval ham deyarli bugungidek ko‘rinishda bo‘lganligini kuzatish mumkin.
O‘zbek tilining takomilida o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillaridan Hofiz Xorazmiy, Sayfi Saroiy, Atoiy, Sakkokiy, Amiriy, Yaqiniy, Lutfiy singari shoirlar yaratib qoldirgan merosning ahamiyati beqiyos. Zero, muayyan tilda qanchalik ko‘p badiiy matn yaratilsa, tilning ichki kuchi shunchalik ortib boradi.
Tilimizning eng yuksak cho‘qqilarni zabt etishi va mashhurligini ta’minlashda she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning o‘rni beqiyos. Zahiriddin Muhammad Boburning haqli ravishda e’tirof etganidek, turkiy-o‘zbek tilida Navoiydek “hech kim oncha ko‘p va xo‘b she’r aytqon emas”.
Alisher Navoiy o‘zining o‘nlab asarlarida, she’ru dostonlarida tilimiz fasohati va malohatini yaqqol his etdi va kitobxonlarga his qildira oldi. Uning to‘rt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy” nomli fundamental nazmiy merosi, besh dostondan iborat “Xamsa” asari chindan ham turkiy tilning boshqa tillardan kam emasligi, aksincha, har jihatdan boy va go‘zal ekanligini amalda isbotlab berdi.
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam, – deganida shoir Navoiy haq edi. Sababi, u o‘z ijodi orqali turkiy millat va elatlarni yakqalam qila oldi, birlashtirdi. Nafaqat o‘zbek tili, balki o‘nlab turkiy tillarning badiiy jihatdan mukammallik kasb etishida Alisher Navoiyning qilgan sa’y-harakatlari beqiyos. Zotan, xorijiy konferensiyalarda turkiy tildagi so‘z yangrar ekan, bu tilda gapiruvchi har bir inson Alisher Navoiydan minnatdor bo‘lishi kerak, degan e’tirof o‘rinlidir.
Bugun o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi va xalqaro maydondagi mavqeini oshirish borasidagi davlat siyosati izchil davom etmoqda. 2019 yil 21 oktyabr kuni Davlatimiz rahbari “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkanidan so‘ng boshlangan keng ko‘lamli ishlar samara bermoqda. Ayniqsa, endilikda – 2025 yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil to‘lishi munosabati bilan bu sohadagi e’tibor yanada kuchaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida bugun insoniyat oldida turgan eng muhim masalalar xususida, har safargidek o‘zbek tilida nutq so‘zlagani tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida yana bir bor muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu nafaqat adabiy yoki ilmiy salohiyat, balki o‘zbek tilining siyosiy qudratini ham keng miqyosda namoyon etdi.
Raqamli dunyoda o‘zbek tilining mavqei sezilarli darajada oshdi. Vikipediya, Google, Facebook singari dunyodagi yirik messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar, internet platformalarida o‘zbek tilining qo‘llanish doirasi kengaymoqda. O‘zbek tilidagi matnlar tahririga mo‘ljallangan kompyuter dasturlarini, shuningdek, o‘zbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va aksincha, tarjima qiluvchi dasturiy mahsulotlarni yaratish bo‘yicha ishlar faollashdi. Bu esa o‘zbek tilining zamonaviy axborot texnologiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbek tilining xalqaro maydondagi obro‘sini oshirishda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti muhim o‘rin tutmoqda. Universitet tashabbusi bilan xorijiy davlatlarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazlari tashkil etilmoqda. Xususan, 2024 yilda Xitoy, Rossiya, Hindiston, Qirg‘iziston singari davlatlardan tashqari, Turkiyaning Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida ham O‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi. Bu markazlar o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishga qiziquvchi xorijlik tadqiqotchilar va ko‘ngillilar uchun katta imkoniyat yaratdi.
O‘zbek tili va uning tadqiqi hamda jahon miqyosidagi mavqeining oshishiga olimlarimiz ham hissa qo‘shmoqdalar. O‘zbek tilini xorijda targ‘ib va tadqiq etuvchi olimlar safi ham boyib bormoqda. Bularning barchasi o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor ko‘lami davlatmiz va dunyo miqyosida kengayib borayotganligini isbotlaydi. O‘zbek tili – bugungi kunda dunyo miqyosida 50 milliondan ortiq kishi so‘zlashadigan, BMT minbarida yangragan, o‘z milliy g‘ururini saqlab qolgan va jahon ilm-fan maydoniga dadil kirib borayotgan tildir. Uni asrab-avaylash, boyitish va kelgusi avlodlarga yetkazish har bir vatandoshimizning sharafli burchi bo‘lib qoladi.
O‘zbek tili va umuman, turkiy tillar mavqeini oshirish uchun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami keng. Masalan, Samarqand davlat universiteti ma’muriyati tashabbusi va Turkiya jumhuriyatining Toshkentdagi elchixonasi tavsiyasiga binoan Turkiya Respublikasi Istanbul va Marmara universitetlari qoshidagi Turkologiya ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda Samarqand davlat universiteti huzurida Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Turkologiya ilmiy-tadqiqot institutida O‘zbekiston Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kiruvchi mamlakatlar bilan ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ilmiy aloqalarini, turkiy sivilizatsiyaning mushtarak ijtimoiy-tarixiy, madaniy, adabiy, lisoniy, etnik xususiyatlarini, Markaziy Osiyo turkiy sivilizatsiyasi bilan Onado‘li, Kavkaz, Volgabo‘yi, Sibir, Uzoq Sharq va Uzoq Shimoldagi turkiy tamaddunlarning o‘zaro aloqalarini va hamkorlik yo‘l-yo‘riqlarini tadqiq etish, yo‘qolib borayotgan turkiy til va lahjalarni tekshirish, asrashga doir ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.
Institutda turk dunyosining ko‘p asrlik urf-odatlari, an’analari va madaniy qadriyatlarini ochib berish, ularni turli nashrlar va tadbirlar orqali ilm-fan olami va jamoatchilikka targ‘ib qilish, avloddan-avlodga yetkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Institut qoshida “Turkologik tadqiqotlar” ilmiy jurnali ham tashkil qilindi. Mazkur jurnal turkiy til va shevalar, Markaziy Osiyo, turkiy xalqlari lisoniy va adabiy aloqalari tarixi ijtimoiy-madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalarini e’lon qilishga mo‘ljallangan.
Ko‘rinyaptiki, O‘zbekistonda ham o‘zbek tili, ham turkiy tillar uchun bo‘layotgan ilmiy va amaliy harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Natijada o‘zbek tili dunyoda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.
Aftondil ERKINOV,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik
akademiyasi
filologiya fanlari doktori,
professor