Butun olam yaratuvchisi insonni o‘zining boshqa yaratiqlaridan ustun qilib yaratdi.
Butun olam yaratuvchisi insonni o‘zining boshqa yaratiqlaridan ustun qilib yaratdi. Odamzod ongi va tili bilan jonli va jonsiz mavjudotlardan farq qildi. Ongi bilan idrok qilish, tili bilan so‘z so‘zlash imkoniga ega bo‘ldi.
So‘z vositasida olamni anglagan inson so‘zning qudratini his qiladi, uning tub mohiyatini anglashga harakat qiladi. «So‘zning ildiziga yetgan kishi dunyoning tagiga yetgandek bahra topadi», – deydi buyuk shoirimiz Erkin Vohidov.
Darhaqiqat, Erkin Vohidov so‘z qadriga yetgan zarif shoir. Shoir o‘z ona tilini sevgani holda so‘zning mag‘zini chaqishga, tub ildizini topishga intiladi. O‘zbek tiliga mehrining izhori sifatida sahifalaridan o‘z ona tilining ko‘rki, barvasta qomati, nazokati, latifligi bo‘y ko‘rsatib turadigan «So‘z latofati» kitobini yozadi.

Erkin Vohidov so‘zni tirik jon deb bilgani, so‘z bilan so‘zlashgani holda, mazkur kitobida o‘zi istaganidek jonli til bilan jonli suhbat qildi. So‘z tirik jon, unda tug‘ilish, kamol topish, qarib zavolga yuz tutish bor. Ba’zi so‘zlar umrini yashab, lug‘atlardan chiqib ketadi. Ayrim so‘zlar esa hali ham o‘zining ma’nosini to‘laligicha oshkor etmagan. Shu bilan birga, so‘z uzoq-yaqin ellarga sayohat qiladi, ba’zan boshqa ma’no olib yana o‘z yurtiga qaytadi. So‘z zargari Erkin Vohidov so‘zning xuddi shunday latif tarixiga nazar tashlaydi, So‘z mo‘’jizasi qoshidagi hayratlarini biz bilan oshno tutinadi.
Xalqimizda chiroyli bir naql bor: «Zar qadrini zargar bilar». Haqiqatan, zar qiymatini zargar bilganidek, so‘z qadrini, qiymatini faqat ijodkor biladi. Shu ma’noda so‘zni zarga, ijodkorni zargarga qiyoslash mumkin.

Mohir zargargina oddiygina so‘zni zarga, gavharga aylantira oladi, so‘zning mohiyatini to‘liq anglagani holda, uni o‘z o‘rnida istifoda qila oladi. Erkin Vohidov ham o‘zbek tilining jonkuyari sifatida o‘z ona tilining har bir so‘zi uchun kurashdi. So‘zni gavhar bilib, so‘zni she’rga solishdan oldin uning ma’nosini kashf qila oldi.
So‘z - zabarjad.
So‘z - gavhar, oltin.
Zargarlikning mashaqqati ko‘p.
So‘zni baytga qadashdan oldin
Kaftingga qo‘y, to‘yib qara, o‘p!
Erkin Vohidov so‘zning o‘zligi uchun, tilning sofligi uchun kurashgan shoir. U ona tilining fidoyilarini shonli kurash – tilimizning sofligini asrashga da’vat qiladi. So‘z o‘zlashtirishda uning o‘zbek tilidagi muqobilini izlash kerakligini aytadi. Bu nafaqat xalqqa qulay bo‘ladi, balki badiiy adabiyot, she’riyat uchun zarurligini ta’kidlaydi. «Tildagi begona so‘z bamisoli gurunchdan chiqqan toshdek o‘quvchining tishiga tegadi», – deydi shoir. Bundan tashqari, xalqimizda zamonlar osha tildan tilga o‘tib, so‘zlari, harflari o‘zgarib ketgan, asl ma’nosini yo‘qotgan maqol va matallarning tarixiy ildizlariga nazar tashlamoqchi bo‘ladi.
Jumladan, mehmon otangdan aziz, ustoz otangdan ulug‘ hikmatlarini otadan ulug‘, otadan aziz inson bo‘lmaydi deya mehmon otangdek aziz, Ustoz otangdek ulug‘ shakliga o‘girgan tahrirchi do‘stlarga «To‘ylar qiling, qamishdan bel bog‘lab xizmat qilay» maqolini tahrir qilishlarini maslahat beradi. Ya’ni qamishdan bel bog‘lab emas, qamishdek bel bog‘lab xizmat qilish to‘g‘riroq bo‘lishini qamish necha bo‘g‘inli bo‘lsa, shuncha karra beli bog‘li bo‘lishi, ichining bo‘m-bo‘shligini yemay-ichmay xizmat qilishi, shamolda tebranishini yelib-yugurishi, xipchaligini mehnatga shay turgan yosh yigitchaga o‘xshashi bilan izohlaydi.

Shoir yana aytadiki, so‘z mulkining sultonlari yozgan bebaho asarlarning mohiyatini anglash uchun, eng avvalo, o‘zimizning jo‘ngina xatolarimizni anglashimiz kerak. Chuqur fikrlamay so‘zlarni poyma-poy ishlatish, o‘zimizga qulaylik yaratish uchun so‘zlarning yarmini yutib yuborish, ismlarning, joylarning nomlarini qisqartirib yuborish o‘zbek tiliga – o‘z ona tilimizga bo‘lgan behurmatlikdir.
Buyuk iste’dod sohibi Erkin Vohidov aytganidek, til hammamizniki. Uning sofligi, go‘zalligi, taraqqiyoti uchun barchamiz birdek javobgarmiz.
Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan davlat tili bo‘yicha qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora –tadbirlari to‘g‘risi” gi farmoni milliy tilimizning ravnaqi yo‘lidagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi.
Farmonda 2025 yilga qadar davlat maktabgacha ta’lim tizimida amaldagi maktabgacha ta’lim muassasalarining hududlarini kengaytirish yoki yangi quriladigan muassasalar hisobiga o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish, umumta’lim maktablarda o‘zbek tili fanini o‘qitish dars soatlarini, oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini ko‘paytirish belgilangani yoshlarning ota tilini mukammal bilishlarida juda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Dildora G‘afforova,
Buxoro shahar 28-umumta’lim maktabi
Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi