Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilni qadrlash — ma’naviy barkamollik mezoni
12:37 / 2025-10-28

Til — millatning ruhi, dunyoqarashi va madaniyatining asosi. U faqat muloqot vositasi emas, balki xalqning tarixi va tafakkuri mujassam bo‘lgan ma’naviy qadriyatdir.

Shu bois tilga bo‘lgan munosabat — millatning o‘zligiga, ma’naviyatiga bo‘lgan munosabat bilan chambarchas bog‘liq.

Afsuski, tilni asrash va to‘g‘ri qo‘llash borasidagi amaliy faollik ko‘p hollarda rasmiy tadbirlar bilan cheklanib qolmoqda. Maktab, OAV yoki tashkilotlar faqat bayram arafasida tadbirlar uyushtirib, yilning qolgan qismida bu masalaga yetarli e’tibor qaratmayotgandek. Televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlarda shevadagi, boshqa tillardan olingan so‘zlarni noo‘rin qo‘llash kabi holatlar ko‘paygan.

Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida chet tillardagi nomlar, yozuvlar va reklama so‘zlari ko‘paygani kuzatiladi. Masalan, ayrim tuman va shaharlardagi do‘kon, salon yoki xizmat markazlarining aksariyati ingliz yoki rus tilida nomlangan. Bu holat ko‘pincha “zamonaviy ko‘rinish” deb baholanadi, ammo natijada milliy tilning jamoat makonidagi o‘rni qisqarib boraveradi. 

Masalan, poytaxtimizning Ahmad Donish ko‘chasi bo‘ylab o‘tkazgan kichik o‘rganishlarimda 140 ta savdo va aholiga xizmat ko‘rsatish markazi nomlarining 60 tasi ingliz, 40 tasi o‘zbek, 30 tasi rus tilida va qolgan 15 tasi aralash (ikki) tilda yozilganini kuzatdim.

Bu tendensiya nafaqat tilning mavqeini susaytiradi, balki yosh avlod ongida ham “chet tilida gapirish yoki yozish zamonaviylik belgisi” degan fikrni mustahkamlaydi. Natijada ona tilimizning madaniy nufuziga putur yetishi ehtimoli kuchayadi.

Til madaniyatidagi har bir o‘zgarish jamiyat madaniyatiga bevosita ta’sir etadi. Har bir yozuv, har bir so‘z, har bir nutqda millatning yuzi, siymosi namoyon bo‘ladi. Shu bois davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga amal qilish faqat huquqiy majburiyat emas, balki milliy burch sifatida qabul qilinishi lozim.

Tilni sof saqlash va uning nufuzini oshirish, avvalo, fuqarolik mas’uliyatini talab qiladi. Bu borada har bir fuqaro — yozuvchi, o‘qituvchi, jurnalist yoki tadbirkor bo‘lishidan qat’i nazar — til madaniyatiga o‘z hissasini qo‘shishi kerak. O‘zbek tili — mustaqillik va milliy o‘zligimizning ramzi ekan, uni asrash, sofligini saqlash va yosh avlod ongiga singdirish — barchamizning burchimiz. 

Lola Toshtemirova,
O‘zJOKU talabasi