Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilini asragan elini asraydi
14:06 / 2022-10-02

«Til bilgan dil bilar», «Til – millat ko‘zgusi», «Tilga e’tibor – elga e’tibor»... Xalqimizda tilning inson hayotidagi o‘rnini ifoda etuvchi bu kabi maqol va hikmatli so‘zlar talaygina.

Har bir millat o‘z ona tilini asrab-avaylashga, til orqali o‘z tarixi, madaniyatini saqlab, kelgusi avlodlarga yetkazishga harakat qiladi. Hali mustaqillikka erishmasdan – 1989 yil 21 oktyabrda «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunining qabul qilinishi chinakam katta voqea bo‘lgan.

Yurtimiz istiqlolga erishganidan keyin ko‘pgina qadriyat va urf-odatlarimiz qayta tiklandi, tariximiz, ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, dinimiz jonlandi, o‘zbek tilining mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.

Shuni alohida e’tirof etish joizki, yurtimizda oqilona va xolislik bilan amalga oshirilayotgan til siyosati barcha demokratik tamoyillarga mos keladi. Buni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasidagi «O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi», degan me’yorlar misolida ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasida uning hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish ta’minlangan, barcha fuqarolarga davlat tilini o‘rganish hamda o‘z ona tillarini rivojlantirish uchun ma’qul shart-sharoitlar yaratilgan.

O‘zbekistonda har kimga ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqi berilgan. Davlatimiz o‘z zimmasiga farzandlarimizning davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda ham umumiy, o‘rta maxsus va oliy ma’lumot olishni ta’minlash vazifasini ham olgan.

O‘zbek tilini rivojlantirish, ayniqsa, so‘nggi yillarda dolzarb vazifaga aylandi. Amalga oshirilayotgan ishlarning samarasi o‘laroq o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuvlar, muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanmoqda, xorijdagi ko‘plab universitetlar, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilar safi tobora ortib bormoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni jadallashtirish maqsadida 2019 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Bir yil o‘tib – 2020 yil 20 oktyabrda O‘zbekiston Prezidentining «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi. Farmonga muvofiq, 2020−2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Mazkur konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlari qatorida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishning zamonaviy metodikasini yaratish; o‘zbek tili bo‘yicha bilimlarni baholash tizimini takomillashtirish; barcha oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichida «Kasbiy nutq madaniyati» fanini joriy qilish; yoshlar o‘rtasida nutq madaniyatini oshirishga qaratilgan tanlovlar o‘tkazish, jumladan, «Zulfiyaxonim qizlari», «Mard o‘g‘lonlar» tanlovlari nomzodlariga davlat tilini bilishi shartini kiritish; o‘zbek tilini Internet jahon axborot tarmog‘ida ommalashtirish, unda munosib o‘rin egallashini ta’minlash, dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish, o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kompyuter dasturlarini keng miqyosda amaliyotga tatbiq qilish kabilarni sanash mumkin.

O‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi bilan tanishar ekanmiz, ikki yo‘nalish diqqatimizni tortdi. Biri «O‘zbekiston teleradiokanallarining ko‘rsatuv va eshittirishlari, ommaviy kino, konsert dasturlari, ommaviy axborot vositalarining audiovizual asarlarida suxandon-boshlovchilar va barcha qatnashchilarning o‘zbek adabiy tilida so‘zlashini ta’minlash». Suxandon va boshlovchilarning tele- va radiodasturlarda, turli tadbirlarda o‘zini tutishi, o‘zbekcha nutq madaniyati, axloq-odobi, boshqa soha vakilliari qatorida, o‘zbek xalqining umumiy qiyofasini namoyish etadi, turli millat va elatlarni birlashtirishga katta hissa qo‘shadi, shoirlar ta’biri bilan aytganda, Vatanimizning dovrug‘ini yetti iqlimga yoyishga xizmat qiladi.

Biroq ayrim holatlarda suxandonlarning nutqidagi kamchiliklar sabab ranjiysiz. Ba’zi so‘zlarning noto‘g‘ri talaffuzi, tilimizga o‘zlashgan so‘zlarning esa buzib aytilishi tez-tez kuzatiladi.

Yuqorida tilga olingan konsepsiyada yana bir muhim yo‘nalish qayd etilgan – «savdo, ishlab chiqarish, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga o‘zbekcha nom qo‘yishning normativ-huquqiy asosini shakllantirish». Reklama va e’lonlardagi xatolarning ko‘pi lotin va kirill alifbosini aralashtirish, uslub xususiyatlarini bilmaslik, o‘zbekcha so‘zlar bo‘la turib, xorijiy so‘zlarni noo‘rin qo‘llash oqibatida yuzaga kelmoqda. O‘z-o‘zidan ta’lim muassasalarida o‘zbek tili ta’limini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi sezilmoqda.

Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish har bir fuqarodan, shu jumladan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilaridan jonbozlikni, faollikni, shaxsiy namunani talab etadi. Tilni asrash o‘zlikni asrash, Vatanni asrash demakdir. Zero, jadid adabiyotining yirik namoyandasi ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Milliy tilni yo‘qatmak millat ruhini yo‘qatmakdir”, deb bejiz aytmagan.

A.Xursandov,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat

xavfsizligi universiteti,

“Tillarni o‘rganish” kafedrasi

boshlig‘i, dotsent.

F.Umarova,

 pedagogika fanlari nomzodi, dotsent