Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida farzandlarimizni ona tilimizga mehr qo‘yib, uning beqiyos boyligi va imkoniyatlaridan bahramand bo‘lishga o‘rgatish ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning ajralmas qismi ekaniga e’tibor qaratdi. Bu dolzarb masala ijodkor ziyolilarimiz, ta’lim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla, xotin-qizlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy o‘rinda turishi, butun jamiyatimizda umummilliy harakatga aylanishi kerakligini alohida ta’kidladi.
Yoshlarni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash masalasiga yurtimiz olimlari ham alohida e’tibor qaratayotgani ularning ilmiy tadqiqotlarida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Xo‘sh, taraqqiyparvar bobolarimizning o‘zbek tilini asrab-avaylash, uni rivojlantirish borasidagi yondashuvlari, faoliyatlari qanday edi?

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor, atoqli tarixchi olima Dilnoza Jamolova bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
–Bundan 100 yil oldin jadidlar ham ona tilimizni asrab-avaylashga da’vat etib, unga begona tildagi so‘zlarni qo‘shib gapirishlarga qarshi chiqqanlar. Jadidlarning o‘zbek tilini himoya qilish va rivojlantirish bo‘yicha bildirgan fikrlari haqida ma’lumot bersangiz.
– O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 36 yil to‘ldi. O‘tgan yillar davomida tilimizni rivojlantirish, imlo sohasidagi muammolarni bartaraf etish uchun hukumat miqyosida muhim ishlar amalga oshirildi va davom etmoqda.
O‘zbek tili go‘zal va boy til ekanini buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy olti asr oldin butun dunyoga tanitgan edi. Ammo keyingi asrlarda arab va fors tillarida ijod qilish ko‘lami kengayib, o‘zbek tili ikkinchi darajali tilga aylanib qoldi. Maktablarda va madrasalarda ham o‘zbek tili fan sifatida o‘qitilmadi. Bu esa tilimizni jar yoqasiga keltirib qo‘ydi. Faqatgina XX asr boshlariga kelib, o‘zbek tilining Alisher Navoiy davridagidek mavqeini tiklashni jadidlar o‘z zimmalariga oldilar va bu yo‘lda bir qator ishlarni amalga oshirdilar. O‘zbek tilining mavqeini tiklash, uni davlat tili darajasiga ko‘tarish uchun harakat qildilar.
Turkiston taraqqiyparvarlari birinchi navbatda yoshi ulug‘ ulamolarning o‘zbek tili qolib, fors tilida, yoshlarning esa usmonli va tatar tilida so‘zlashishlari hamda yozishlarini tanqid qildilar. Jumladan, jadid namoyandasi Ashurali Zohiriy “Nechukki, olimlarimizdan biri biror yerg‘a xat yozsa yoki birovg‘a bergan narsasini xotira daftariga yozsa o‘z ona tilini qo‘yib fors tilida yozadurlar. Yoshlarimiz bo‘lsalar o‘z yerliklaridan birini ziyofatig‘a chaqurib xat yozsalar usmonlicha yoki tatarcha yozadurlar. Bularning sababi ham ravshandurki, birinchilari: o‘zlarining Eron adabiyoti ta’siri bilan nurlagan bo‘lsalar, ikkinchilari: tatar va usmonli adabiyoti vositasi bilan fikrlarini ochgandurlar. Shuning uchun ham har ikki guruh ham o‘zlarining “tur” olg‘on taraflarig‘a qarab tortadurlarda o‘z ona tillarig‘a haqorat nazari bilan boqub kundan kun esdan chiqarmoqg‘a boshlaydurlar”, deb kuyunib yozadi.
Jadidlar fors, arab, rus va boshqa tillarni o‘rganish davr talabi ekanini qayd qilib, yoshlarni til o‘rganishga da’vat qilganlar. Ammo dastlab o‘z ona tilisini bilishi kerakligini ta’kidlab, o‘z tilini yaxshi bilmagan boshqa tilni ham yaxshi o‘rgana olmaydi, deb hisoblaganlar. Jumladan, Ashurali Zohiriy Lutfiy va Navoiylarning o‘zbek tili rivojidagi xizmatlarini e’tirof etib, “Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiydek zotlar qirqqa yaqin asarlari bilan ona tilimizning boshqa tillardan ancha boylig‘ini she’rda berilg‘on mazmunini, musiqadagi latofatini “Mezonul avzon” va “Muhokamatul lug‘atayn”lari bilan bildurg‘on erdilar”, deb yozadi.
– Jadidlarning o‘zbek tilini rivojlantirish yo‘lidagi xatti-harakatlari nimalarda namoyon bo‘ldi?
–Jadidlar yangi usul maktablarida o‘zbek tilida o‘qitishni keng joriy qildilar. Fors va arab tilidagi darsliklar o‘rnini o‘zbek tilidagi o‘quv qo‘llanma hamda darsliklar bilan bosqichma – bosqich to‘ldirib bordilar. Turkiston jadidchilik harakatining taniqli namoyandalaridan Abdurauf Muzaffarzoda “O‘zimizning ona tilimiz ila maktablarimizda din o‘qutmak nihoyatda foydali va shoyad kerakli bir tadbirdir. Musulmon bolalarini din ruhi ila tarbiya qilmak va qalblariga iymon va arkoni islomiyani singdurmak uchun bundan foydali tadbir yo‘qdur. Tilimizning eng kerak yeri ham shul masaladir”, deganda aynan o‘zbek tilini maktablarda joriy qilinganini nazarda tutgan edi.
U matbuot hamda adabiyotning yaxshi til va imloga muhtojligi masalalari haqida ham fikr yuritib, odam bolasi so‘zlashish uchun tilga qanchalik muhtoj bo‘lsa, matbuot, adabiyot ham yaxshi imloga shunchalik muhtoj, deb hisoblaydi va: “Tili va imlosi loyiqincha isloh etmagan millatning matbuoti, adabiyoti asrlarcha aralashub kelgan kirlar ila qoralang‘on holida bo‘lur. Buni ko‘rub o‘quvchilarning ruhlari buzilur, havas va rag‘batlari qaytar. Matbuotda bir-biriga muxolif narsalarni ko‘rub ichlari bo‘sha boshlar”, deb ta’kidlaydi. Tilsizlik va imlosizlikning millatga bergan ma’naviy zararlarini, tuzatilgan til va imlo foydalarining o‘zini bir necha maqola qilib yozish mumkin, deydi. O‘zbek tilini rivojlantirish borasidagi harakatlar sust ketayotgani, maktab muallimlari maktabda imlo masalalariga jiddiy e’tibor qaratmayotgani, matbuotda til-imlo bo‘yicha jiddiy muhokamalar boshlanmaganidan afsuslanadi.
Abdurauf Muzaffarzoda maktab va madrasalarda o‘qitish tili o‘zbek tili asosida qurilmagani, o‘quvchilarga fanlar arab va fors tillaridagi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalardan o‘qitilishi va hamon bu holatning davom etayotgani, so‘zlashuv va yozuvda arab hamda fors tilidagi so‘zlardan foydalanishi o‘zbek tilini nufuzining pasayishiga xizmat qildi, deb hisoblagan.
Abdurauf Muzaffarzoda turkistonliklarni o‘zbek tilining XV – XVI asrlardagi obro‘sini tiklashga chaqiradi. Bu ishda maktab o‘qituvchilari asosiy vazifani bajaruvchilar ekanini ta’kidlaydi. Maktabda bolalarga ona tilida o‘qish va yozishni o‘rgatish, imlo masalalariga jiddiy qarash zarurligini uqtiradi.
Shu o‘rinda qayd etib o‘tish kerakki, Abdurauf Muzaffarzodaning “Hozirda bizlar uchun eng muhim masalalardan biri, shubhasiz, til masalasidir. Biz Turkiston turklari ona tilimiz bo‘lg‘on turkiy til bilan birga yasharg‘a va turkiy tilimizni o‘z hayotimiz va o‘z huquqimiz bilan barobar muhofaza etishimiz kerak”, degan fikrlari bugungi kun uchun eskirmagan haqiqatdir.
– Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zbek tilini rivojlantirishga oid qanday qarashlarni ilgari surgan?
– Mahmudxo‘ja Behbudiy birinchi navbatda davriy matbuot, maktab tili o‘zbek tilida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Garchi o‘zi “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalini o‘zbek hamda tojik tillarida chop etsada, Turkiston aholisining katta qismi turkiy tilda gaplashishini inobatga olgan holda matbuotning o‘zbek tilida yuritilishini qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbek tiliga kirib qolgan arab tilidagi so‘zlardan ham imkon boricha kamroq foydalanish zarurligini uqtiradi. Gazeta va jurnallarda arabcha so‘zlar o‘rniga turkiy so‘zlarni qo‘llash kerak deydi: “Masalan, ulum, funun, ulamo, quzzot o‘rnida ilmlar, fanlar, olimlar, qozilar deb yozingiz”.
Mahmudxo‘ja Behbudiy ming yillar davomida o‘zbek tiliga qorishib ketgan arab, fors tillaridagi so‘zlardan voz kechish imkoniyati yo‘qligini aytib, imkoni boricha arab va fors tilidagi so‘zlarni kamroq qo‘llash kerakligini tavsiya qiladi, millat onalariga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasini ko‘taradi va o‘zbek tilini o‘rganish hamda kuchaytirish borasidagi fikrlarini quyidagicha yakunlaydi: “Taraqqiy etgan turkiy shevadagi ilmiy va fanniy kitoblarni anglamoqg‘a sa’y va g‘ayrat etayluk. Kelar zamon uchun hozirlanayluk, o‘tgan zamon uchun emas. “Ona tili, ona tili”, bu yaxshi orzu. Ammo tilsiz onalar tilig‘a maktabiy kitoblar yozila bersa, Turkistonda adadsiz buzuq ona tillar shevasig‘a adadsiz kitoblar yozmoq lozim kelurki, Andijonda yozilgani Buxoroda, Avliyootada yozilgani Qarshida anglashilmaydur. Chunki bu onalarni tili bir-biridan farqlidur. Taraqqiy etgan millatlar onalari o‘qutar ekan, biz avval onamizni o‘qutub, anga til o‘rgatmog‘imiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandur”.
– XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib, o‘zbek tilining ikkinchi darajali tilga aylanib qolishi sababi nima?
– Jadidlar o‘zbek tilining ikkinchi darajali tilga aylanishining asosiy sabablaridan yana biri Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan mustamlaka qilinishida, deb hisoblaydilar. Jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan yorqin vakillaridan Hoji Muin “Rossiya imperiyasining asosiy maqsadi bizning tilimizni unuttirish, butun rus bo‘lmagan xalqlarni ruslashtirishdan iborat edi”, deganida haq gapni aytgan edi. Hukumat idoralarida ish yuritishning rus tilida olib borilayotganiga qarshi chiqib, Turkiston aholisi uchun tushunarli bo‘lgan o‘zbek tilini rasmiy til sifatida qo‘llanilishini talab qilib chiqdi.
1919 yilda Abdurauf Fitrat Toshkent shahrida “Chig‘atoy gurungi”ga asos soladi. Bu tashkilotning oldida turgan muhim vazifalardan biri turkiy tilning dunyo tillari orasidagi yuqori mavqeini ko‘rsatib berish edi. “Chig‘atoy gurungi” a’zolari X asrlardayoq yozilgan Mahmud Qoshg‘ariy va Yusuf Xos Hojib asarlarini Turkistoning turli hududlaridan izlab, uning turli davrlarda yozilgan nusxalarini topishdi. “Devoni lug‘otit turk” va “Qutadg‘u bilig” asarlarini tahlil qilish orqali o‘n bir asr oldin o‘zbek tili mukammal, ilmiy va adabiy til ekanini ko‘rsatib berishdi.
1921 – 1923 yillarda Buxoro Xalq sho‘rolar jumhuriyatida maorif nozirligi umumiy ishlar bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan Mahmud Suboy ham o‘zbek tilining himoyachilaridan bo‘ldi. 1921 yil Buxoro Xalq sho‘rolar jumhuriyati hukumati tomonidan o‘zbek tilini davlat tili sifatida qo‘llash to‘g‘risida maxsus qonun qabul qilingan va unga ko‘ra hukumat idoralarida kim o‘zbek tilida ish tutmasa, jarimaga tortilishi belgilangan. Ammo qonun qabul qilinganiga bir yil bo‘lgan bo‘lsa-da, hukumat idoralaridagi hujjatlarning yarmi rus tilida yuritilayotganiga Mahmud Suboy jim qarab tura olmagan. O‘zining “Buxoro axbori” gazetasining 1922 yil 2 noyabr sonida e’lon qilingan “Til masalasi” maqolasida til sofligini saqlash to‘g‘risida fikr-mulohazalarini taqdim qilib, “Hukumat tili shu hukumatning xo‘jasi bo‘lg‘on xalqning ona tilidur. Shu til bilan uning adabiyoti negizlangan, qalbining teran yerindan o‘rin topg‘ondur”, deb ta’riflagan.
Xullas, Turkistonda bolsheviklarning mavqei mustahkamlanib borishi bilan Turkiston aholisining tili, dini, tarixini unuttirishga bo‘lgan harakatlar kuchayib bordi. Bu esa o‘z navbatida millat oydinlarining doimiy ravishda mustamlaka tuzum muxolifatda turishiga sabab bo‘ldi. Ular o‘zbek tilining mavqeini tiklash yo‘lida tinimsiz kurashdilar. Mustamlakachi hukumat esa o‘z tili, millati, dini va tarixini yaxshi ko‘rgan jadidlarga “xavfli unsur” sifatida qarab ularni ma’nan va jismonan yo‘q qilib yubordi.
– Samimiy va qiziqarli suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova
yozib oldi.