Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilimizga, milliy san’atimizga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishda teatrning o‘rni beqiyos
17:50 / 2025-10-24

Bolalarda ona tiliga, milliy san’atimizga muhabbat uyg‘otishda teatr san’atining o‘rni beqiyosdir. Bugungi kunda mamlakatimizdagi bolalar teatrlari qanday faoliyat ko‘rsatmoqda? Ularda ona tiliga e’tibor qanday, ijodiy jamoalarning repertuarlari davr talabiga mosmi?

Shu haqda teatrshunos olima, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mohisadaf Ubaydullayeva bilan suhbatlashdik:

– Bugungi kunda bolalar teatrlari haqida qanday fikr bildirasiz?

– Bugungi kunda respublikamizdagi deyarli barcha viloyatlarda qo‘g‘irchoq teatrlar faoliyat yuritadi. So‘nggi yillarda qo‘g‘irchoq teatrlarini rivojlantirishga doir islohotlar natijasida nafaqat qo‘g‘irchoq teatrlarning soni ortdi, shuningdek mavjudlari zamonaviy bino, shart-sharoitlar, texnik ta’minot kabilarga ega bo‘ldi. Yosh mutaxassislar qamrab olina boshlandi. Kadrlar masalasiga ham alohida e’tibor berilgan holda qo‘g‘irchoq teatri aktyorlaridan tashqari, qo‘g‘irchoq teatri rejissyorlari ham alohida o‘qitib, tayyorlana boshlandi.

Buning natijasi o‘laroq, hozirgi kunda qo‘g‘irchoq teatrlarining repertuari boyidi, mavzular qamrovi kengaydi. Masalan, tarixiy mavzularga murojaatlar ko‘paydi. Tarixiy shaxslarning bolaligi sahnaga olib chiqildi. Alisher Navoiy ijodidan namunalar turli talqinlarda namoyish etildi. Spektaklning badiiy yechimini anglatuvchi sahna dekoratsiyalari paydo bo‘ldi. Sahnaviy effektlar, texnik imkoniyatlardan unumli foydalanilgan tasvirli spektakllar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, ta’kidlash joizki, qo‘g‘irchoqlarning tashqi ko‘rinishi, yuz ifodasida xarakterni ochib beruvchi takomillashuv yuz berdi: qo‘g‘irchoqlarning og‘zi ochib-yopiladigan, qo‘llari, barmoqlari bukiladigan, ko‘zlari yumilib-ochiladigan, boshi aylanma harakatga egaligi kabi imkoniyatlari kengaydi. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda bolalar teatrlari har taraflama zamonaviy kichik tomoshabinga spektakllar taqdim etishda gadjetlardan ustun kela oladigan imkoniyatga ega.

– Bolalar teatrlarining repertuari, spektakllarning tili qoniqarli darajadami?

– Bolalar teatrlarining repertuari alohida masala hisoblanadi. Uni o‘rganishda, faqat dramaturgiya imkoniyatlari emas, davr talabi, siyosat, dunyoda kechayotgan jarayonlardan tortib, teatrning ichidagi muhitgacha e’tiborni qamrab olish zarur. Bugungi kunda deyarli barcha qo‘g‘irchoq teatrlarning repertuari markazida milliy o‘zlikni anglash, zamonaviy-milliy qahramonni gavdalantirish masalasi yetakchi o‘rinda turibdi. Tarixiy mavzuga urg‘u berish shu boisdan yanada ortgan. Al Farg‘oniy, Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Ibn Sino, Bahodir Yalangto‘sh kabi bobolarimizning va To‘maris, Shiroq, Alpomish kabi epik qahramonlarning siymolarini bugungi kunga qadar qo‘g‘irchoq teatri sahnalarida ko‘rdik. Bundan tashqari, jahon ertaklarining ham o‘zbek qo‘g‘irchoq teatri repertuarida alohida o‘rni bor. 

Milliy dramaturgiya azaldan qo‘g‘irchoq teatri uchun og‘riqli masala bo‘lib kelgan. Qahramonlar o‘zbek tilida so‘zlagani bilan, yoki uning tashqi ko‘rinishini o‘zbekona tasvirlangani , ta’riflangani bilan asar milliy bo‘lib qolmaydi. Unda millatimizga xos bo‘lgan voqealar, o‘zbekona luqmalar va albatta, voqeaga yo‘g‘rilgan didaktika bo‘lishi lozim. Shuning uchun milliy repertuarni hosil qilishda har qanday o‘zbek tilidagi asar munosib bo‘lavermaydi. Shuningdek, qo‘g‘irchoq teatri dramaturgiyasining o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, har qanday asar ham mana shu xususiyatlarga mos kelavermaydi.

So‘nggi yillarda til masalasiga katta e’tibor qaratila boshlandi. Ayniqsa, teatr festivallarida spektaklning tiliga alohida to‘xtalib, tanqid va tavsiyalar berildi. Shunga qaramay, ayrim spektakllarda bolalarga yaqinlashish, ularning diqqatini tortish maqsadida turli zamonaviy, jargon so‘zlardan foydalanilmoqda. Bu asar matnida aks etmasada, rejissyor talqiniga ko‘ra yoki aktyorlarning badihago‘yligi ortidan yuzaga kelmoqda. 

To‘g‘ri, zamonaviy tomoshabinni zalda zeriktirmay ushlab turish mushkul. Ammo bunga turli film, multfilm, qisqa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan maishiy videolavhalardan olingan jumlalarni sun’iy ravishda singdirish yoki ko‘chadagi jargon so‘zlardan foydalanish orqali emas, balki qo‘g‘irchoq teatrining asosiy xususiyati bo‘lmish shiddatli voqealar ketma-ketligi, qo‘g‘irchoqlarning tashqi ko‘rinishi va albatta, o‘zbekona jumlalar, iboralar, ularni boyituvchi xarakterga xos ohangdan foydalanish orqali erishish lozim.

– Teatrlarimizni bolalarga yanada yaqinlashtirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak deb o‘ylaysiz?

– Bugungi reklama asrida har qanday yaxshi mahsulot avvalo, reklama qilinganidek, bolalar teatrlarining targ‘ibotiga e’tibor qaratish lozim. Spektakllardan lavhalar asosida tayyorlangan kichik roliklarni turli ijtimoiy tarmoq sahifalarida tarqatish, tomoshadan chiqib kelayotgan tomoshabinlarning taassurotlarini qisqa videolar orqali ijtimoiy tarmoqqa joylash, tomoshalardan oldin qiziqarli shoular tashkil etish muhim, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga teatrlarning sayyor tomoshalarini ko‘paytirish va bunga kattaroq moddiy imkoniyatlar yaratish, kichik tomoshabinni erta yoshdan teatrga olib borishni yo‘lga qo‘yuvchi targ‘ibot va ta’lim-tarbiya muassasalardan jalb qilish ishlarini kengaytirish kabilar yechim bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, hozirgi kunda bolalarga tomosha qo‘yadigan havaskor jamoalarning soni ortib bormoqda. Ularning faoliyati hali tizimli tartibga solinmagan. Aksariyat tomoshabin bolalarga mo‘ljallangan teatrlar deganda mana shunday havaskor jamoalarni (animatorlar) ham tushunib qolmoqda. Oqibatda ularning hech qanday teatr estetikasiga javob bermaydigan shou-tomoshalarini teatr tomoshasi deb qabul qilishmoqda. Shuning uchun havaskor teatr jamoalarining faoliyatini tartibga soluvchi tizim faoliyatini tubdan yaxshilash lozim. 

Bir so‘z bilan aytganda, yosh avlod ma’naviyatiga, milliy kontentga e’tibor kuchaygan hozirgi davrda teatrlardagi mavjud holatni yanada takomillashtirish kutilgan ijobiy natijani berishi shubhasiz. 

- Samimiy suhbat uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.