English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilimiz tozaligiga barchamiz mas’ulmiz
16:30 / 2021-07-23

Har bir xalq, millat avvalo milliy tili bilan baholanadi.

Shu nuqtai nazardan tilga e’tibor xalqning turmush tarzi, milliy g‘ururi va tafakkuri rivojining o‘ziga xos in’ikosidir. Negaki, aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida biriktiradi, ya’ni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.

bugungi kunda milliy o‘zligimizni belgilab beruvchi ana shu ona tilimizga nisbatan millatdoshlarimizning munosabati, hurmatini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Buni ko‘chalarimizdagi tashqi reklama yozuvlari, peshlavhalar, narxnomalarning talaygina qismi ajnabiy tillarda bitilayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Holbuki, mamlakatimiz mustaqilligiga 30 yil to‘lmoqda. Ona tilimizning davlat tili maqomiga erishganiga esa 32 yil bo‘ldi.  

Ana shu mas’uliyatni chuqur his etgan holda mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik tantanalari oldidan Buxoroda viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari tomonidan ma’naviyat va ma’ifat markazi hududiy bo‘limlari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Tilimiz tozaligiga mas’ulmiz” shiori ostida aksiya o‘tkazilmoqda.

Ayni paytda mazkur aksiya doirasida viloyatdagi davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagan 1 ming 200 dan ortiq yozuvlar bartaraf etildi. 300 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlariga tushuntirish va ogohlantirishlar berildi.

– O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni 22-moddasida “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin” deb ko‘rsatilgan, – deydi viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov. – Aynan mazkur qonuniy talab doirasida aholi orasida tashqi targ‘ibot vositalarini o‘zbek tilida nomlash, shuningdek korxona va tashkilotlarda ish yuritishni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi hamda davlat tilida yuritish borasida tushuntirishlar olib boryapmiz. To‘g‘ri, ba’zi o‘rinlarda ushbu jarayon oson kechmayapti. Negaki tadbirkor nomlavha yoki reklamani yozish uchun baner, chiroqli yozuvlarga ozmuncha mablag‘ sarflamagan. Ammo tadbirkorlar ham shuni unutmasligi kerakki, har qanday qonun avvalo o‘z ijrosi bilan qadrlidir. Qonunga buysunish esa har bir fuqaroning burchidir. Qonunni bilmaslik esa, hech kimni javobgarlikdan xolos eta olmaydi. Hozircha biz fuqarolarga mazkur yo‘nalishda tegishli tushuntirishlar beryapmiz. Tegishli xulosaga kelgan fuqarolarning aksariyati o‘z yozuvlarini davlat tili qonunchiligi talablariga moslashtirishmoqda. Qonun talablariga buysunmagan shaxslarga chora ko‘rish bo‘yicha tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga da’volar kiritilmoqda. Zero gap millatimiz ko‘zgusi bo‘lmish ona tilimiz haqida borar ekan, bunda hech birimiz befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q.

Zarif Komilov, O‘zA