Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilimiz targ‘ibotidagi muhim qadamlar
16:53 / 2024-04-03

Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan sanaladi.

Ta’limda ilg‘or innovatsion g‘oyalarni qo‘llash, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash, malakali, ijodiy fikrlaydigan, salohiyatli kadrlarni tayyorlash, o‘qitish tizimini yaxshilash, xorijiy tillarni, eng avvalo ona tilimizni mukammal o‘zlashtirish mamlakatga innovatsiyalar kirib kelishiga zamin yaratadi. Sababi o‘zbek tilini mukammal egallash, shu barobarida xorijiy tillarni chuqur o‘zlashtirish yangi texnologiyalar va bilimlarni egallash, xorijlik hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, rivojlangan mamlakatlarning madaniy o‘ziga xosligini yaxshi anglash orqali tashqi savdo aloqalarini kuchaytirishga, raqobatbardosh kompaniya va soha mutaxassislarini jalb etish  orqali yangi g‘oya va texnologiyalar kirib kelishiga xizmat qiladi.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoniga muvofiq: 2020 — 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingan edi.

Mazkur farmonga muvofiq O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘z faoliyatini boshladi. O‘tgan davr mobaynida kafedra professor o‘qituvchilari tomonidan “O‘zbek tili”, “O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi” fanlarining o‘quv dasturlari asosida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilida ish yuritishning asoslarini o‘rgatish borasida 5 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta darslik, 3 ta monografiya va izohli lug‘at chop etildi. 

[gallery-16752]

2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar ochish, “O‘zbek tilining do‘stlari” klubi faoliyatini yo‘lga qo‘yish xorij ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kurslari zaruriy, ilmiy, o‘quv-uslubiy, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash vazifalari belgilangan edi. Shunga muvofiq kafedra Tojikiston Respublikasining Akademik Bobojon G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti, Qozog‘iston Respublikasining Muxtor Avezov nomidagi davlat universiteti, Turkiya Respublikasining Selchuk universiteti bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 

Joriy yilning 1-aprel kuni Selchuk universitetining turizm fakulteti xorijiy tillar kafedrasi turk tili va adabiyoti bo‘limi doktori Odilxon Eruygur ishtirokida  mahorat darslari tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilarga universitet haqida to‘liq ma’lumot berildi. Selchuk universiteti  1975-yilda Konyada tashkil topgan bo‘lib  dunyoning 105 ta mamlakatidan 69 mingdan ziyod talaba 23 fakultetda tahsil oladi. Universitetda 3118 nafar professor-o‘qituvchi, 4321 nafar xodimlar faoliyat ko‘rsatadi. Universitet tarkibida 8 ta institut, 5 ta kasb-hunar oliy maktabi, 22 ta texnikum, 53 ta ilmiy-tadqiqot markazi, 187 ta talabalar jamiyati ish yuritadi. Eng muhimi universitetning turkiy tillar fakulteti negizida turkiy tillarni o‘rgatish markazi doimiy tartibda faoliyat ko‘rsatib, unda talabalar o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, uyg‘ur, nug‘ay tillarini o‘rganmoqda. 

O‘z-o‘zidan bu xalqlarning tili barobarida tarixi, milliy urf-odatlari, an’ana va marosimlari, rasm-rusumlari ham tadqiq qilinmoqda. Mahorat darsi davomida turkiyalik olim  doktor Odilxon Eruygur turk va o‘zbek tillarining o‘ziga xos fonetik, grammatik, leksikografik va morfologik jihatlarini tushuntirib berdi. O‘zaro muloqot jarayonidan so‘ng ikki universitet o‘rtasidagi memorandum asosida o‘zaro mahorat darslarini tashkil etish va O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida turkiy tilni o‘rgatish markazi filialini ochish rejalashtirildi. Bu hamkorliklar  ona tilimiz nufuzi va salohiyatini oshirish, dunyo miqyosida mavqeyini yuksaltirish va milliy ma’naviy qadriyatlarimizni ulug‘lashga bevosita xizmat qiladi.

Nodir G‘afforov, O‘zbekiston 

Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 

O‘zbek va chet tillari kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori