French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tili, dini, an’analari mushtarak xalqlarmiz
10:59 / 2024-06-13

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida rang-barang tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida "Ozarbayjon madaniyati"  nomli ko‘rgazma tashkil etildi.  

Ko‘rgazmada qardosh xalqning tasviriy va amaliy san’at namunalariga keng o‘rin berilgan bo‘lib, ozarbayjon xalqining go‘zal an’analari, urf-odati, madaniyati, me’morchilik san’ati, tabiati, buguni bilan yaqindan tanishish mumkin.  

–  Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ijtimoiy-madaniy aloqalar yuksak darajada ravnaq topmoqda, – dedi Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Odil Karimli. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning  O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari munosabati bilan yo‘llagan tabrigi bizga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtiromning namunasidir.    

Tadbir doirasida Ozarbayjon milliy liboslari namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.  

Shuningdek, ishtirokchilar qardosh xalq milliy lideri Haydar Aliyev yodgorligi poyiga gullar qo‘ydilar.  

Ozarbayjonning bir guruh ijodkor vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Ozarbayjon teatr san’ati ustalarining  taniqli yozuvchi va dramaturg Ilg‘or Fahmiy pesasi asosida sahnalashtirilgan «Men bu… menman» spektakli namoyish etildi.  

Spektakl ijodiy jamoasi tomoshabinlarni bir yarim soat davomida XIV asrda yashab ijod qilgan buyuk ozarbayjon shoiri, faylasufi va mutafakkiri Imodiddin Nasimiyning hayot tarzi, falsafasi, haqiqatgo‘yligi va muhabbati bilan tanishtirdi.

Spektakldan so‘ng institut rektori va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi mas’ul xodimlarining muloqoti ham bo‘lib o‘tdi.  

Shuningdek, Ozarbayjon xalqaro maqom markazi direktori Sohib Poshozoda ham ushbu institutda bo‘lib, O‘zDSMI rektori, professor Nodirbek Sayfullayev va institut jamoasi bilan uchrashdi. Muloqot davomida ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalar haqida o‘zining iliq fikrlarini bildirdi.  

–Prezident tabrigidan g‘oyat mamnun bo‘ldik, – dedi Ozarbayjon xalqaro maqom markazi direktori Sohib Poshozoda. – Xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar asrlar davomida rivojlanib kelgan. Bu kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlar do‘stligimiz abadiy ekanining yana bir yorqin namunasidir.  

Uchrashuv davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Ozarbayjon xalqaro maqom markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum natijasida ikki davlat san’atkorlari, professor-o‘qituvchilari hamda talabalari o‘rtasida tajriba almashish imkoniyati yaratiladi. 

Shuningdek, maqom san’ati bo‘yicha qo‘shma tadbirlar, konsertlar, seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi. Tadbirlar ikki mamlakat san’atkorlari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatishga va yangi ijodiy g‘oyalarni amalga oshirishga zamin yaratadi. Qolaversa, san’at va madaniyat sohasidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar, tajribalar va innovatsiyalar almashinuvi amalga oshiriladi. Bu esa ta’lim sifatini oshirishga va ilmiy izlanishlarning rivojlanishiga yordam beradi.  

Tadbirda qardosh xalqning san’at ustasi Sohib Poshozodaga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining faxriy professori unvoni topshirildi. Mazkur unvon ikki mamlakat hamkorligining yorqin namunasi sifatida taqdim etildi.  

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Ozarbayjon davlat opera teatri jamoasining “Arshin mol olan” spektakli namoyish etildi.  

N.Usmonova,  

O‘zA