Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilga munosabat tilda boʻlmasin...
14:40 / 2020-10-20

Davlatning, xalqning mavjudligida til asosiy timsollardan biri.


Davlatning, xalqning mavjudligida til asosiy timsollardan biri. 

Shu maʼnoda, Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun yilda bir “chiroyli gaplar”ni aytib, yozib, gapirib qoʻyishdan ulugʻroq, muhimroq va mahobatliroq sanadir. Binobarin, ushbu sana munosabati bilan tilning ahamiyati, muhimligi, qadri haqida chiroyli soʻzlarni tizib qoʻyish yoki tadbirbozlik qilish emas, oʻtgan davr mobaynida tilimizning mavqeini mustahkamlash borasida qoʻl urilgan amaliy ishlar, ularning natijasi va ahamiyati, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, ularni toʻgʻrilash boʻyicha oldimizda turgan dolzarb vazifalar xususida fikr qilish adolatliroq, samaraliroq va toʻgʻriroq boʻladi nazarimizda.

Til tashlab qoʻyilmaydi...

Har qanday islohot, oʻzgarish va yangilanish davlat siyosatining yondashuviga koʻra, natija beradi. Soddaroq qilib aytganda, muayyan yoʻnalishdagi oʻzgarishni tugal amalga oshirishda markazlashgan kuchli va irodali, tizimli siyosat hal qiluvchi ahamiyatga ega. Zero koʻpmillionlik xalqni yagona gʻoya atrofiga jamlash va toʻgʻri yoʻnaltirishda bu eng toʻgʻri, sinalgan yoʻl.

Yangi Oʻzbekistonda esa, oʻzbek tiliga ham yangicha qarash, uning maveqini oshirishga tom maʼnoda yangicha yondashuv hayotga tatbiq etildi. Xususan, soʻnggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil qilindi. Bu dargohda tilimizning shakllanishi, rivojlanishi izchil oʻrganilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida” qarori va “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni esa, tilga eʼtiborni tubdan oʻzgartirdi va uning mavqeini mustahkamlashning yangi bosqichini boshlab berdi. Farmonga koʻra, 21-oktyabr sanasi “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilish taklifi maʼqullandi. 2020-yil 10-aprel kuni esa, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni kuchga kirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Departament davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish, davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish kabi qator muhim vazifalarni amalga oshirishi belgilab qoʻyildi.

Koʻpchilikning xabari bor, oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikda xorijliklarning oʻzbek tilidagi tabriklarini eʼlon qilgan edi. Yapon, koreys millati vakillarining sof oʻzbek tilida yoʻllagan tabriklari yuraklarimizda oʻchmas iz qoldirgan, faxr tuygʻusini paydo qilgan. 

Tilimizga qiziqish, uni oʻrganishga boʻlgan intilish dunyoning koʻplab mamlakatlarida mavjud va bu haqidagi misollar ham talaygina. Bu boradagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash va munosib ragʻbatlantirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostida respublika tanlovini eʼlon qildi.

Unda Oʻzbek tilining xorijdagi eng yaxshi targʻiboti nominatsiyasi ham mavjud. Ushbu yoʻnalishga oʻzbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan xorijda oʻzbek tilini targʻib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar qabul qilinadi. Bir soʻz bilan aytganda, tilimizning mavqeini tiklash va ommalashtirish borasida qator chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilayotgani bor gap. Bular oʻzbek tilining takomiliga munosib hissa qoʻshib ketgan Navoiy, Hofiz Xorazmiy, Sayfi Saroiy, Atoiy, Sakkokiy, Yaqiniy, Lutfiy singari koʻplab allomalarning ibratlari munosib davom ettirilayotganidan dalolatdir. Ammo

Bizda bori qayda bor ?

Tan olish lozim, har yili mazkur sanada, tilshunoslik yoʻnalishidagi islohotlar haqida kuyinib, bir-birimizdan qolmay deb, fidoyilarcha fikr bildiramiz. Tilimizning sofligini saqlash, imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish, unda gapirishdan faxrlanish hissini paydo qilish haqida takliflar aytamiz. Bu esa, keyingi yildagi shu sanagacha yana yopilib ketadigan mavzuga oʻxshab qolgan, nazarimda. Aslida esa, mavjud huquqiy bazani toʻla qoʻllash, til qoidalariga har jabhada rioya qilish boʻyicha ishlarimiz ham kam emas. Buning uchun ayrim masalalarga misol tariqasida eʼtibor qaratib oʻtish maqsadga muvofiq.

Aytaylik, xorijlik oʻzbek tilida gapirdi. Tabiiyki, talaffuzida farq bor. Uning yetti pushti boshqa millat va ona tili xususiyatiga koʻra, nutq organlari doimiy harakatiga tilimiz toʻliq tushmasligini inobatga olib, qoʻllab-quvvatlash oʻrniga kulamiz... Oʻzimiz boshqa tilda gapirganimizda esa, ajnabiylar bunday qilganiga misollar deyarli uchramasa kerak. Vaholanki, biz ham oʻzimiz bilmagan holda, hatto rus tilida “toza” gapirmayotganimiz hatto xayolimizga kelmaydi.

Biron firma yoki korxona, fermer xoʻjaligi tashkil qilishda turli xorijiy tillarga mansub soʻzlarni tanlaymiz. Reklama va eʼlonlar tayyorlashda, umumiy ovqatlanish joylari ochishda ham shunday. Vaholanki, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 20-moddasida lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin, deb belgilangan.

Endi faoliyat boshlagan muassasalarga hatto chekka tuman va qishloqlarda ham lavha chiqarib qoʻyiladi: “mы otkrыlis”... Holbuki, oʻsha hudud aholisining mingdan biri ham rus yoki boshqa millat vakili boʻlmaydi, aksar hollarda. Bu hammasi emas, “SABOʻY” bor. Yaqinda shu taxlit yozilgan taʼbiri joiz boʻlsa, eʼloncha surati tarmoqda tarqaldi. Unga munosabatlarda esa, koʻpchilik shunchaki kulib oʻtib ketdi. Aslida, bu yigʻlaydigan holat emasmi? Bilmaganlikdan, bilishga intilmaganlikdan, hatto ona tilini mukammal bilmasdan turib, boshqa tilni “bilaman” deb oʻylashlikdan yigʻlash kerak, bizningcha.

Oʻrni kelganida, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati, hatto yoshi kattalarda ham savodxonlik darajasi achinarli ahvolda ekanini tan olib oʻtish adolatdan boʻladi. Toʻgʻri, “internet tili” degan tushuncha paydo boʻlganiga ham 10 yildan oshdi. Biroq, koʻpchilikning yozuvi hatto shunga ham mos emas. Bu faoliyat turiga bogʻliq, kunda-kunora qoʻliga ruchka ushlamaydigan, kompyuter qarshisida ishlamaydigan odam yozish yodidan chiqadi, kamiga roʻzgʻor tashvishi, deb amallab ovutish mumkindir, balki. 

Aslida bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, lekin ayrim telekanallarda –gan, -kan, -qan kabi qoʻshimchalarni notoʻgʻri ishlatish, gʻalizlik, soʻz va atamalarni nooʻrin qoʻllash holatlari kun sayin odat tusiga kirmoqda. Vaholanki, kelishik qoʻshimchalari oxiri qanday harf bilan tugagan soʻzlarga qarab qoʻllanadi. Boshlovchilar aytadiganidek, “yogʻgan” emas, “yoqqan”. 

Bu albatta, ogʻzaki va yozma nutq, assimilyatsiya, dissimilyatsiya kabi holatlarni inobatga olmaslik darajasi shu holatgacha kelganini koʻrsatadi, afsuski. Balki kimgadir bu juda kichik va “arzimas” masala boʻlib koʻrinar, biroq ona tilimiz mavqeiga befarq emaslikka daʼvogar ekanmiz, hech bir jihat eʼtibordan chetda qolmasligi, shu qadar aniq tahlil qilish lozim. Har bir til ruhiyati, oʻzligi ana shunday nozik va katta-kichik qoidalar mahsulidir.

Yana bir ogʻriqli masala, hamon uyimizga tashlab ketiladigan kommunal xizmatlarning qogʻozlari rus tilida ekani. Bu esa, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 10-moddasiga eʼtibor qaratish zarurligini anglatadi. Aslida qonunlar ijrosi ustidan nazorat qilish, biz – xalq vakillarining vazifasi va bu borada muayyan ishlar ham amalga oshiriladi. 

Boshqa soha boʻlsa, tushunish mumkindir, ammo Oʻzbekistonda oʻzbek tilining oʻzbeklar tomonidan qoʻllanishiga oid normalar mavjud boʻlsada, ularni chetlab oʻtish holatlari borligi va ularning ustidan nazorat qilishdan hammamiz uyalishimiz kerak emasmi?

Achinarlisi, ona tilimizning muammolari bulardangina iborat emas...

Xulosa oʻrnida...

Qonun asosida bu yil til bayrami ilk bor keng nishonlanmoqda. Taklif shundan iboratki, maqolaning ikkinchi qismida keltirilgan kabi masalalarni aniqlash va yechib borish uchun birinchi qismida tilga olingan choralarning natijadorligiga erishish lozim. Yaʼni, mavjud huquqiy normalar ijrosini qatʼiy nazorat qilib borish, shu orqali amaliy natijalar salmogʻini oshirish davr talabi. Boisi, barcha sohalarda globallashuv, taʼlimni masofadan olish imkoniyatining oshishi, rivojlanish sababli koʻplab tillar yoʻqolib ketish arafasida ekanini unutmaslik kerak. Ular ham atigi 50 yil avval bugungi holatidan yaxshiroq edilar.

Boz ustiga, odatiy soʻzlashuv uslubimizda oʻzlashgan soʻzlar miqdori kun sayin oshib bormoqda. Bu jarayonning tadrijiy rivoji esa, istiqbolda ham kamida shu tezlik bilan davom etishiga dalolat qiladi. Anglashiladiki, oʻzbek tilini davlat va xalq boʻlib emas, Oʻzbekiston boʻlib himoya qilaylik, toki keyingi yillardagi til bayramlariga qoʻlimizda ona tili rivojiga qoʻshgan kichikkina boʻlsa-da amaliy ish, oʻzgarish – toʻyona boʻlsin. Zero tilga munosabat faqat tilda emas, amalda ham boʻlishi kerak.

Alisher Ravshanov,
jurnalist