Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tilanchiga o‘xshamagan "tilanchi"
07:24 / 2021-10-05

Siz nima deysiz?

Ertalab ishga shoshib metroga tushayotganimda, bir ayolga ko‘zim tushdi. Haligi ayol menga o‘xshab metro yo‘lagiga qarab kirib ketayotgan bir qizni to‘xtatib, “Qizim, 5 ming so‘m berib turolmaysizmi”, dedi nochor bir holga tushgan odamdek. Qiz ham shoshgan yo‘lidan to‘xtab, sumkasini kovlay boshladi. Ayol ko‘rinishidan xuddi puli xayolidan ko‘tarilib uyida qolib ketganu manziliga yetvolish uchun chorasizlikdan ro‘parasida duch kelgan odamdan yordam so‘raganga o‘xshardi. Har holda ayolning kiyinishidan, o‘ziga qarab, sochlarini bo‘yab, zamonaviy kestirib olganidan bir qarashda shunday taassurot paydo bo‘ldi menda. “Bechora yo‘lda qolgan shekilli...” dedimu o‘tib ketdim.

Ikki kundan keyin xuddi o‘sha metro bekati yo‘lagida yana o‘sha ayolga duch keldim. Bu safar ayol mendan 5 ming so‘m yordam so‘radi. Hali biror nima deb ulgurganimcha ham yo‘q edi, sal oldinroqda borayotgan ikkita xotin-qiz orqasiga o‘girilib “bermang, bermang!”, deb pichirlab imo qildi. Ularning yuz ifodasidan bu ayolni avvaldan biladigandek tuyuldi. Keyin ishga shoshayotganimni aytib, uzr so‘rab o‘tib ketdim. Haligi xotin-qizlar esa nariroqqa o‘tib, “Bu xotinning “tochkasi” ekan bu yer, kasbi shu ekan. Har doim shunaqa — o‘tgan-ketgandan pul yig‘arkan. Bir kuni mendan ham so‘radi. Turishidan yo‘lkirasiz chiqipdi, shekilli, deb o‘ylab, sumkamni kovlayotsam, 10 ming bera qoling, deb qoldi. Shundan beri deyarli har kuni ko‘raman bu ayolni, kasb qilib olibdi, tovba, ishonib o‘tirmang...”, deb yozg‘irib qoldi. Tilanchiga o‘xshamagan tilanchi ayolning turishidan, ko‘rinishidan, qilayotgan ishidan hayron bo‘lib qoldim.

Bir necha kun o‘tgandan keyin boshqa bir metro bekatining ichida yana o‘sha tilanchiga o‘xshamagan tilanchi ayolga ko‘zim tushdi. Bu safar ayol sumkasini (oddiy emas, qimmat turadigan sumka edi) katta ochib, nimalardir qilayotgandi. Demak, kun bo‘yi metro bekatlari bo‘ylab izg‘ib yurib, pul yig‘arkanda, hoynahoy “yig‘im-terimi”ni ko‘zdan kechiryapti, degan o‘y o‘tdi xayolimdan.

Metro kelishini kutib turgandim, bir payti haligi ayol yonboshimda turgan qizning oldiga kelib, “5 ming berib turolmaysizmi, qizim”, deb so‘rab qoldi. Ko‘rinishidan talabaga o‘xshagan qiz esa chaqqongina sumkasini titkilay ketdi. Qizni to‘xtatishga istihola qilib, gapirsammi-gapirmasammi deb, og‘iz juftlagunimcha qiz pulni chiqarib berdi. Shu payt metro vagoni ham kelib qoldi. Ayol sal nariroqdan borib boshqa vagonga chiqdi. Biz haligi qiz bilan yonma-yon bitta vagonga chiqdik. Keyin qizni ogohlantirish maqsadida gap boshladim. Ko‘rinishidan tuppa-tuzuk ayol o‘ziga shunaqa ishni odat qilib olgani, bundaylarga ishonmaslik kerakligini aytdim. O‘ylaganimday qiz ham talaba ekan. “Bilmasam opa, yo‘lkirasiga puli qolmay noiloj bo‘lib qolgan ayolday ko‘rindi, shunga rahmim kelib bergandim, turishlaridan tilanchiga o‘xshamaydiku, shunga odamni xayoliga ham kelmas ekan...” dedi talaba qiz.

Ha, singlim, xayolingizga ham kelmaydigan qiyofaga kirib, turli niqob ostida o‘z ishini bitiradigan, butun vujudi nafs girdobida qolgan, qalbi kirlangan, vijdonini mog‘or bosgan, ammo ko‘rinishi, turishi, yurishi tuppa-tuzuklar, afsuski, oramizda kam emas. Haqiqiy tilanchiga rostdan ham tilanchi deb qaraysiz, ko‘zi ojizni haqiqatda ham qorong‘ulik og‘ushida qolganini bilasiz, oyog‘i oqsoqning oqsoqligini ko‘rib, bilib turasiz, achinasiz. Ammo niqobda yuradigan firibgarni, tovlamachini muloyimlik, mulozamatu beozorlik niqobiga qarab ishonasiz va chuv tushib qolasiz.

O‘ziga oro berib, bir chiroyli bo‘lib turgan haligi ayolning ham niqobi bor — aslida ehtiyojmand emasu kutilmaganda noiloj bo‘lib, yordam so‘ragan kishidek, muloyim va kamtaringina ayol. Aslida-chi? Aslida ham ko‘rinishidan haqiqatanda yordamga muhtoj emas. Ammo nafs balosi, oson yo‘l bilan mo‘maygina pul topish balosi ilinjida ko‘plarni chuv tushirishga usta. 5-10 ming arzimagan pul dersiz. Ammo shu arzimagan pul uchun kimlarningdir ertalabdan kechgacha qora mehnatda kuni o‘tadi. Mardikorlik qiladi, mardikor bozorida o‘tirib, biror ish qildiradigan kelarmikan, deya yo‘l qaraydi. Shu arzimagan pul kimlarningdir bir kunlik osh-nonidir. Talabaning bir kunlik yo‘lkirasi yoki bir mahallik yeguligi bo‘lar. Ammo yoshi chamasi 60 dan oshgan opaxon osongina yo‘lni tanlab, ta’bir joiz bo‘lsa, “madaniyatlilik bilan” tilanchilik qilib pul topyapti.

O‘sha ayolga bir necha bor duch kelganim uchun ko‘z oldimdan, xayolimdan ketkaza olmayapman. O‘g‘il-qizlari, kelin-nevaralari bordir. Ular onaxonning bu yurishlaridan xabardormikan yoki o‘zlari qo‘yib bergan, balki majbur qilganmikan?

Nima bo‘lganda ham yoshlarga o‘rnak, namuna bo‘ladigan, pandu nasihat berib, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan keksa yoshdagi bir xotinning yon-atrofdagilarni chuv tushirib yurishi, aldamchilik va tovlamachilikni o‘ziga kasb qilib olishi kurakka sig‘maydigan, ayanchli holat, uyatli ishdir. Mabodo kutilmaganda sizga ham duch kelib, pul so‘rasa, bilingki, nogahonda bir martagina chorasiz qolgan kimsa qiyofasida sizga ham qarmoq tashlayotgan firibgarga duch keldingiz...

Muhtarama Komilova, O‘zA