Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Til va tabiat uyg‘unligi: “Archa” so‘zining kelib chiqish tarixini bilasizmi?
09:17 / 2025-12-31

Yangi yil shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda shahar va qishloqlarimiz ko‘chalarida, xonadonlarda yasatilgan yashil daraxtlarga ko‘zimiz tushadi. Biz bu bayram ramzini “archa” deb ataymiz va bu so‘z qulog‘imizga shu qadar tanish, shu qadar singib ketganki, uning asl ma’nosi, kelib chiqish ildizlari haqida o‘ylab ko‘rish xayolimizga ham kelmaydi. Vaholanki, tilimizdagi har bir so‘z xuddi arxeologik topilma kabi o‘zida xalq tarixi va tafakkurining qatlamlarini yashirgan bo‘ladi. Xo‘sh, biz bilgan “archa” so‘zi qanday paydo bo‘lgan?

Tilshunoslik va tarixiy manbalarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda biz ishlatadigan “archa” so‘zi uzoq va murakkab lisoniy evolyutsiya mahsulidir. Tilshunos olim Shavkat Rahmatullayevning tadqiqotlariga ko‘ra, mazkur ot qadimgi turkiy tilda sarv daraxtining bir turini anglatgan “ard” o‘zagidan o‘sib chiqqan. Til qonuniyatlariga ko‘ra, ushbu o‘zakka kichraytirish ma’nosini ifodalovchi “-cha” qo‘shimchasi qo‘shilishi natijasida “ardcha” shakli hosil bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan talaffuz qulayligi uchun qator kelgan uch undoshdan (r-d-ch) o‘rtadagisi tushib qolgan va o‘zbek tilining tovush xususiyatlariga moslashib, unlilar almashinuvi natijasida so‘z biz bilgan “archa” (ӓrchӓ) ko‘rinishiga kelgan. Demak, so‘zning tub ildizida qadimgi turkiy xalqlarning nabotot dunyosiga bo‘lgan munosabati yotibdi.

Bu fikrni XI asrning buyuk tilshunosi Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari ham tasdiqlaydi. Qoshg‘ariy o‘z lug‘atida “artuch” so‘zini keltirib, uni ar-ar daraxti yoki qora archa sifatida izohlagan. Shuningdek, alloma “artuchlandi” fe’lini ham qayd etgan bo‘lib, bu “archazor bo‘ldi”, “archa ko‘paydi” degan ma’nolarni anglatgan. Bu fakt shundan dalolat beradiki, archa daraxti va uning nomi ming yil oldin ham ajdodlarimiz hayotida muhim o‘rin tutgan, ular nafaqat daraxtning o‘zini, balki uning tabiatda tarqalish jarayonini ham maxsus atamalar bilan ifodalaganlar.

Shoir, publitsist va adib Eshqobil Shukurning “Bobo so‘z izidan” kitobida keltirilishicha, hozirgi “archa” so‘zining qadimgi ajdodi hisoblangan “ard” so‘zi bugungi kunda ham Oltoy xalqlari dostonlarida saqlanib qolgan. Masalan, “Xon Budey” dostonida “Ard uchinda arkaning...” qabilidagi satrlar uchraydi. Qizig‘i shundaki, ba’zi tillarda bu so‘z “ardich”, “ardish”, “articha” shakllarida uchraydi. Ayrim tadqiqotchilar “ardcha” va “ardish” so‘zlarini “artish” – ya’ni havoni tozalash, soflash tushunchasi bilan bog‘laydilar. Bu bejiz emas, albatta. 

So‘z tarixidan tabiat tarixiga o‘tadigan bo‘lsak, O‘zbekiston tog‘larining bu yashil “aholisi” chindan ham tabiatning mo‘’jizakor tozalovchilaridir. Sarvdoshlar oilasiga mansub bu yashil daraxtlar 600-700 yil, ayrimlari hatto 2000 yilgacha umr ko‘radi. Bu degani, bugun tog‘larimizda o‘sib turgan ayrim archalar temuriylar, balki undan oldingi sulolalar tarixining “guvohlari”dir. O‘zbekistonning Tyanshan, Turkiston, Chatqol va Hisor tog‘ tizmalarida sovur archasi, qora archa, Zarafshon archasi kabi turlar tarqalgan bo‘lib, ular tog‘ ekotizimining ustuni hisoblanadi. Ularning ildizlari tog‘ tuprog‘ini eroziyadan saqlaydi, sel toshqinlarining oldini oladi va tog‘ suvlarini to‘plab, tekisliklarga uzatishda beqiyos vazifani bajaradi.

Biroq, tarix davomida insonning bu noyob daraxtga munosabati har doim ham avaylab-asrash ruhida bo‘lmagan. O‘tmishda archaning mustahkam yog‘ochidan me’morchilikda ustunlar, o‘ymakorlik buyumlari yasashda, ayniqsa, uning ko‘miridan hunarmandchilikda keng foydalanilgan. Temirchilar, misgarlar va zargarlar uchun archa ko‘miri yuqori harorat beradigan eng sifatli yoqilg‘i hisoblangan. Afsuski, asrlar davomida nazoratsiz kesilish va yoqilg‘i sifatida ishlatilishi natijasida tog‘larimizdagi archazorlar qisqarib ketgan. Faqatgina XX asrning 50-yillariga kelib, vaziyatning jiddiyligi anglandi va O‘zbekistonda archazorlarni qayta tiklash, sun’iy o‘rmonlar barpo etish harakatlari boshlandi. 1999 yil ma’lumotlariga ko‘ra, davlat o‘rmon fondi hisobida 190 ming gektar archazor mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu boylikni asrash ekologik barqarorlikning asosiy shartlaridan biriga aylandi.

Shunday ekan, bayram dasturxoni atrofida yoki shahar maydonlarida bezatilgan archaga boqqanimizda, uning shunchaki bayram atributi emasligini yodga olaylik. “Archa” so‘zi zamirida “ard” kabi qadimiy ildiz, “artuch” kabi ming yillik tarix yotibdi. Bu so‘z va bu daraxt ajdodlarimizning tabiat bilan uyg‘unligi, tilimizning boyligi va Vatanimiz tog‘larining salobati ramzidir. Uni asrash va nomining asl ma’nosini bilish esa, tariximiz va tilimiz oldidagi burchimizning kichik, ammo muhim bir qismidir.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA