O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi “Yosh ekologlar” qanoti tashabbusi bilan Guliston davlat pedagogika institutida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan “Til va tabiat mangu barhayot” nomli aksiya o‘tkazildi.
– Mazkur aksiya yoshlarda ona tilga muhabbat va tabiatga ehtirom tuyg‘usini mustahkamlash, ularni milliy qadriyatlar va ekologik madaniyat ruhida tarbiyalash masalalarini o‘z ichiga oladi. – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi “Yosh ekologlar” qanoti rahbari Rayhona Xayrullayeva.

Tadbir doirasida “Yosh ekologlar” tomonidan maxsus tayyorlangan tabriknomalar va sovg‘a savatchalari institut o‘qituvchilariga tuhfa qilindi. Bu tashabbus nafaqat o‘qituvchilarga iliq kayfiyat ulashdi, balki yosh avlodning til va tabiatga bo‘lgan hurmatini ham namoyish etdi.
Aksiya jarayonida institut hovlisida ixtiyoriy ishtirokchilar uchun “Men o‘zbek tilini yaxshi ko‘raman, tabiatni ... asrayman” degan jumlani davom ettirish taklif qilingan maxsus doska o‘rnatildi. Talabalar o‘z ijodkorligi va samimiy his-tuyg‘ularini ifoda etib, tilga muhabbat va tabiatga mehr haqidagi fikrlarini yozma ravishda bayon etishdi.

Eng qiziqarli jihati shundaki, ishtirokchilar yozgan qog‘ozlar – mehrli yurakchalar birlashtirilib, ramziy “Mehr daraxti” yasaldi. Bu daraxt til va tabiatga bo‘lgan abadiy muhabbat va ehtirom ramzi sifatida tadbir ishtirok- chilarida katta taassurot qoldirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri