Termiz iqtisodiyot va servis universiteti “Tilshunoslik va til ta’limidagi innovatsiyalar: global yo‘nalishlar va mahalliy nuqtai nazarlar” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etdi.
Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, Ozarbayjon, Yaponiya, Turkiya, AQSH, Indoneziya kabi davlatlarning taniqli olim va mutaxassislari ishtirok etgan anjumanda bugungi globallashuv davrida tilshunoslik sohasida kechayotgan yangilanishlar, til ta’limida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda ularni mahalliy ta’lim amaliyotiga tatbiq etish masalalari muhokama etildi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti ta’sischisi J.Pardayev, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori S.Eshqorayev anjumanning maqsadi va vazifalari, ta’limda innovatsiyalarni joriy etish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, xorijiy tajribalarni o‘rganib, milliy sharoitda qo‘llashning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha fikr yuritdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri hamda mavqeini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini qabul qildi. Unga binoan 21 oktyabr yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni”, deb belgilandi. Ona tilimiz nufuzi dunyoda oshayotgani xalqimizning faxr-iftixor tuyg‘usini yuksaltirmoqda. Bu boradagi islohotlar o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash hajmi va ilmiy tadqiqotlar sonining ortib borayotganida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Anjumanda so‘zga chiqqan mahalliy olim va mutaxassislar shu haqda ham so‘z yuritib, o‘zbek tilining elektron milliy korpusi va dasturiy mahsulotlarining o‘zbekcha ilovalarini yaratish, tilimizni internet tarmog‘ida ommalashtirib, munosib o‘rin egallashini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda salmoqli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili Santosh Kumarining “Til o‘rganishda inqilob: ingliz tilini xorijiy o‘quvchilarga o‘qitishda sun’iy intellektning roli” mavzuidagi ma’ruzasi ham barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi menejeri Amirsaid Sadikov IELTS imtihonlaridagi yangiliklar, baholash tizimidagi o‘zgarishlar va xalqaro sertifikatlashdagi yangi yo‘nalishlar xususida foydali ma’lumotlarni taqdim etdi. Indoneziya ta’lim universiteti tilshunos olimi Ahmad Buxori Muslim “Til ta’limidagi innovatsiyalar: Indoneziya tajribasi”, Missuri davlat universiteti professori Jenifer Jonston “Til ta’limidagi global tendensiyalar va o‘quvchi motivatsiyasini oshirishning samarali usullari”, Istanbul universiteti professori Sevtap Kadiogluning “Til o‘qitishning adabiyot bilan integratsiyalashgan shakllari” haqidagi ma’ruzalarida mamlakatlarida til o‘qitishda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar taqdim etildi.

Ozarbayjon Iqtisodiyot davlat universiteti dotsenti Aysel Xalilova va Elmira Ismailovalar globallashuv sharoitida oliy ta’limda til siyosati va sifatni ta’minlash masalalari to‘g‘risida so‘z yuritib, tilni baholashning zamonaviy modellari haqida fikr almashdi. Yaponiyaning Kamiyama Gakuin maktabi direktori Shinji Kamiyama o‘zini o‘zi boshqaruvchi ta’lim konsepsiyasining til o‘rganishdagi muhim omillarini tahlil qildi.
Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan konferensiya muzokaralarida zamonaviy til ta’limini takomillashtirish, milliy dasturlarga ilg‘or xorijiy tajribalarni singdirish, o‘qituvchilarning kompetensiyasini oshirish kabi masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Til ta’limidagi innovatsion yondashuvlar, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari, o‘quvchilarda til o‘rganishga bo‘lgan motivatsiyani oshirish usullari, shuningdek, xalqaro standartlarga mos baholash tizimlari yuzasidan o‘zaro tajriba almashildi. Tilshunoslik yo‘nalishida o‘tkaziladigan bu kabi xalqaro uchrashuvlar fanda yangi yo‘nalishlar, ilmiy hamkorlik va innovatsion g‘oyalar uchun mustahkam zamin yaratishi qayd etildi.
Anjuman qatnashchilariga sertifikat va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri