O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni bilan 21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Shu munosabat bilan joylarda, tashkilot va muassasalarda, mehnat jamoalarida qator tadbirlar, bayram kechalari tashkil etilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan “Oktyabr – o‘zbek tili va adabiyoti oyligi” deb e’lon qilingan edi. Ushbu oylik doirasida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari tomonidan qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Partiya markaziy kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Jahon bozoriga milliy nomlar bilan chiqishning dolzarb masalalari” mavzusidagi davra suhbati ham ushbu oylik doirasida bo‘lib o‘tdi.

— Davlat tilini yanada rivojlantirish, takomillashtirish, nufuzini oshirishga qaratilgan qonun, qaror va farmonlar ijrosini ta’minlash har birimizning fuqarolik burchimizdir, — dedi partiya markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova. — Bu borada partiyamizning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini oshirish, yanada boyitish, takomillashtirish, mamlakatimizda va xorijda keng targ‘ib qilish hamda uning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy hayotida faol qo‘llanilishiga erishishga ko‘maklashish vazifalari belgilangan. Shunday ekan, ona tilimiz bilan bog‘liq har bir jarayonga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Masalan, reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasida adabiy til qoidalariga amal qilish muhim masalalardandir. Bu kabi jarayonlarda deputatlarimiz, partiya tashkilotlarimiz tashabbuskor bo‘lishi lozim.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislarining “Jahon bozoriga milliy nomlar bilan chiqaylik!”, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yanada oshirishning dolzarb vazifalari”, “Davlat tilining bugungi holati: davlat tili bo‘yicha maslahatchi lavozimi o‘zini oqlayaptimi?”, “Davlat tilining nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish borasida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish” kabi mavzular yuzasidan munosabatlari tinglandi.

Ta’kidlanganidek, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil bo‘lishiga qaramay, davlat tili haqidagi qonun ijrosining buzilish holatlariga hamon har qadamda duch kelinmoqda. Jamoat joylari, ko‘chalardagi tashqi reklamalar, baland-baland binolar peshtoqidagi yozuvlar, lavhalar, toponimik belgilar, atamalarning xorijiy tillarda, eng achinarlisi, ma’naviyatimizga, mentalitetimizga zid bo‘lgan, yoshlarimiz ongi, tafakkuri, tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazadigan mazmun va shakllarda aks ettirilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Davra suhbati davomida ko‘ngilli talaba-yoshlar va partiya faollaridan tarkib topgan “Til posbonlari” jamoatchilik nazorati guruhi tomonidan joylarda olib borilgan o‘rganishlar jarayonida aniqlangan tashqi reklamalarni tayyorlash va tarqatishdagi davlat tili qoidalarining buzilish holatlari, e’lon, lavha va yozuvlardagi imlo xatolari qizg‘in muhokama va munozaralarga sabab bo‘ldi. Ularni bartaraf etish yuzasidan o‘rinli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA