Ko‘pchilikda xorijiy tilda muvaffaqiyatli suhbatlashish, tushunish uchun resurs va manba mavjud emas. Insonlar faqat xorijiy tillarda suhbatlashishni istashadi, ammo fikrlashni emas. Yana bir muammo shundaki, xorijiy tillarni o‘rganish asosan yoshlar orasida ommalashgan.
Masofaning ahamiyati yo‘q. Qayerda bo‘lsangiz ham internet tarmog‘i mavjud joyda 10 yaqin xorijiy tilni o‘zingiz istagan o‘qituvchidan o‘rganish imkoniyati mavjud. Buning uchun “SpeakingClub.uz” platformasi sizga yaqindan yordam beradi. Platforma 5 yoshdan yuqori barcha til o‘rganuvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, darslarga xorijiy tillar bo‘yicha malakali o‘qituvchilar jalb qilinadi. Mazkur platformada bosqichga mos tarzda guruh va o‘qituvchi tanlash imkoniyati yaratilgan. O‘quvchi darsni o‘ziga qulay vaqtda tomosha qilishi mumkin.

Chet tilini o‘rganish – davr talabi. Buning uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklar joriy etilgan. O‘tgan 2023-yilda O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha 113 ta davlat orasida 93-o‘rinni egallagan.
– O‘qitish tizimi samarali bo‘lishi uchun “yozuv-o‘qish-suhbatlashish” uchligi hamohang ishlashi zarur, – deydi “SpeakingClub.uz” loyihasi rahbari Aziza Aslanova. – Bugun kuzatuvlarga ko‘ra aniq bo‘lishicha, yozuv talabi ilgari surilmoqda, o‘qish ham yo‘naltirilib borilmoqda. Ammo so‘zlashuv tizimida ancha-muncha oqsashlar bor. Muvaffaqiyatga erishishda to‘siqlar mavjud. Mutaxassis sifatida ta’kidlashim lozimki, so‘zlashuv ko‘nikmasini rivojlantirish orqali ta’lim sifatini, xususan, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirishga yordam berish mumkin. Hozirgi kunda xorijiy tillarni mukammal egallagan har qanday shaxs yuksaladi. Til o‘rganuvchilar xorijiy tillarni o‘ranish uchun yozish, tinglash va suhbat qurish ko‘nikmalarini mukammal o‘zlashtirishi talab etiladi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, chet tilini bilish, birinchi navbatda, kommunikativ kompetensiyalarni egallash deganidir. Til og‘zaki va yozma nutqni tushunish, shuningdek, og‘zaki va yozma ravishda muloqot qila olish uchun o‘rganiladi. Lug‘at boyligi va grammatikani bilish esa tushunish va muloqot uchun xizmat qilishi kerak. “SpeakingClub.uz” har bir til o‘rganuvchiga o‘z xizmatini taklif etadi. Bu mamlakatda nafaqat yoshlarning, balki 40 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlarning bilim va ko‘nikmalari rivojlanishiga xizmat ko‘rsatuvchi platforma hisoblanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA