Xorijiy tillarni o‘rganmaslik uchun ko‘p bahonalarni ishlatamiz. Qiziq tomoni, bu bahonalarni fakt sifatida qabul qilib, o‘z ustida ishlashga urinib ko‘rmayotganlar ham bor oramizda. Avvalo, bu yerda gap poliglotlik yoki biror xorijiy til bo‘yicha ilmiy ish qilish haqida emas, insonning o‘ziga ma’qul yoki zarurat yuzasidan biror xorijiy tilni o‘rganishi va unda muloqot qila olishi yoki qilolmasligi haqida ketmoqda.
Uzoq vaqtlar davomida, biror tilni puxta o‘rganishning yagona usuli uni yoshliq chog‘ida o‘rganish degan fikr hukmronlik qilib keladi. Ammo bugungi qahramonlarimiz ushbu xulosaning haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelish-kelmasligini isbot qilish uchun yurtimizga tashrif buyurishgan desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tanishing yoshi ulug‘ qahramonlarimiz Kevin Dean Kimball va Maureen Anne Kimball juftligidir. Eng quvonarlisi ular Amerika Qo‘shma Shtatlaridan O‘zbekistonga "o‘zbek tilini" o‘rganish uchun kelishgan. Ayni damda Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatish tayyorlov kursi “Uzbek school”ning o‘quvchilaridir. Til o‘rganishni boshlashganiga 1 oy bo‘lganiga qaramay bizni o‘zbek tilida salomlashib kutib olishdi.
Batafsil:
<iframe width="887" height="499" src="https://www.youtube.com/embed/Q1aw4WOThJI" title="Тил ўрганишда ёшнинг аҳамияти йўқ" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Ma’lumot uchun, til o‘rganish miya quvvatini sezilarli darajada oshiradi. Boisi, yangi til mutlaqo notanish va murakkab qoidalar, tizim va leksikaga ega bo‘ladi. Ushbu tuzilmalarni o‘zlashtirish esa inson miyasidagi hujayralarni aktivlashishiga, qo‘shimcha imkoniyatlarni kashf etishiga yordam beradi. Tilni rivojlantirishda davom etish, unda muloqot qilish kishining kognitiv va tahliliy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantiradi.
Shunday ekan, "xorijiy til o‘rganish uchun yoshim o‘tib qoldi" degan bahonani chetga suringda, bugundanoq anchadan beri rejalashtirib, ammo amalga oshirolmay yurgan yana bir maqsadingiz sari yana bir dadil qadam qo‘ying.
M.Turdaliyeva, B.Xalilov, A. Ahmedov (O‘zA)