Har bir millatning yuragi – uning tilidir. Til – millatning ma’naviy qiyofasi, tarixiy xotirasi va madaniy merosini asrab qoluvchi muqaddas qadriyatdir. Shu ma’noda 21 oktyabr sanasi – har bir o‘zbek uchun g‘urur va iftixorga to‘la bayram.
Chunki aynan 1989 yil 21 oktyabrda “O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilingan edi. Bu tarixiy hujjat o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berdi va milliy o‘zligimizning ramzi sifatida yangi sahifa ochdi.
O‘zbek tili – jahonning eng boy va so‘zga chiroy beruvchi tillaridan biri hisoblanadi. Uning ildizlari chuqur, manbalari keng va ma’naviy qudrati beqiyos. Bu tilda Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Oybek kabi buyuk ijodkorlar asar yozganlar, millat ruhini yuksaltirganlar.
1989 yilda qabul qilingan qonun nafaqat tilga huquqiy maqom berdi, balki xalqimizning milliy o‘zlikni anglash, o‘z qadriyatlariga qaytish, ma’naviy mustaqillik sari intilish jarayonida muhim qadam bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida esa davlat tilining nufuzi yanada oshdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “O‘zbek tili – bizning milliy g‘ururimiz va davlatchiligimiz ramzidir. Bu tilni sevish, ulug‘lash va rivojlantirish har bir fuqaromizning muqaddas burchidir”. 2020 yil 23 cyentyabr kuni mamlakatimiz siyosiy hayotida tarixiy voqea yuz berdi: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida ilk marta nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbarining o‘z ma’ruzasini ona tilimizda bayon etishi yuz yillik tariximizdagi nafaqat ijtimoiy, balki chuqur siyosiy hodisa hamdir. Mohiyat-e’tibori bilan bu chin ma’nodagi milliy davlat barpo etish yo‘lidagi harakat ortga qaytmas ekanligi ma’nosini bildiradi.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Ilmiy va ta’lim muassasalarida, rasmiy idoralarda hamda axborot maydonida o‘zbek tilining qo‘llanilish doirasi tobora kengaymoqda.
Bugungi kunda o‘zbek tili nafaqat davlat tili sifatida, balki jahon miqyosida tan olinayotgan ilmiy, madaniy va axborot tiliga aylanib bormoqda. Uning internetdagi nufuzi ortib, tarjima texnologiyalariga kiritilmoqda, xalqaro adabiy va lingvistik doiralarda o‘rganilmoqda.
Davlat tili – faqat muloqot vositasi emas, balki millat ruhining ifodasidir. Biz har bir so‘z, har bir ibora orqali o‘z tariximizni, madaniyatimizni, qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazamiz.
Shuning uchun har birimiz o‘zbek tilini nafaqat sevish, balki uni to‘g‘ri, chiroyli va faxr bilan qo‘llashga intilishimiz lozim. Bu – Vatanga muhabbatning eng go‘zal ko‘rinishidir.
Shu o‘rinda, o‘zbek tili rivojiga oid ba’zi takliflarimizni keltirib o‘tmoqchimiz: birinchidan, internetda o‘zbekcha kontentni keskin ko‘paytirish (Vikipediya, Google), ikkinchidan, o‘zbek tilidagi veb-saytlar, elektron kutubxonalar sonini, sifatini yanada oshirish; uchinchidan, milliy kino va teatr, adabiyot hamda san’at sohasida yangi ruh va yuqori saviyadagi badiiy asarlarni ko‘paytirish; to‘rtinchidan, ko‘chalarimiz peshtaxtalaridagi o‘zbekcha yozuvlarni tanqidiy ko‘rib chiqish...
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, hozirgi vaqtda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida ellik mingdan ziyod arab, fors tilidagi bebaho qo‘lyozma manbalar o‘rganilmay yotibdi. Arab, fors tilida yozilgan qo‘lyozmalarni o‘rganish, kitob holida nashr etish, uni xalqimizga va jahon ommasiga, ilm-fan ahliga yetkazishda yetuk mutaxassislar yetishmaydi. Ana shu o‘ta muhim masalaga yechim topish maqsadida Matnshunoslik va manbashunoslik institutini ochishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Bugungi bayramni yuksak ruh bilan qarshi olaylik va ona tilimizning har bir so‘zini qalbimizda asraylik. Chunki ona tili — ona Vatanning ovozidir!
21 oktyabr – faqat tarixiy sana emas, balki milliy g‘urur bayrami. Bu kun har bir yurtdoshimiz qalbida ona tiliga muhabbat va ehtiromni yanada mustahkamlaydi. Ona tilimiz barhayot, yurtimizda ma’naviyat va birlik hukmron bo‘laversin!
Baxtiyor OMONOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
“Siyosatshunoslik” kafedrasi professori,
siyosiy fanlar doktori.