Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Til – millatning borligi va borlig‘i
14:59 / 2019-09-27

Millatning ongu shuuri ifodasi, borlig‘i bo‘lgan ona tilimizning nufuzi masalasi hamon hammaning diqqat markazida.


21 oktabr – “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kun 

Millatning ongu shuuri ifodasi, borlig‘i bo‘lgan ona tilimizning nufuzi masalasi hamon hammaning diqqat markazida. 

Bu – milliy g‘urur, ona tilimizning taqdiri, uni asrash, kelajak avlodlarga yetib borish imkoniyatini yaratish bilan bog‘liq. Qolaversa, o‘z milliy tiliga hurmat mamlakatimizning dunyoda munosib e’tirofga ega bo‘lishida ham muhim omil sifatida qaraladi. Chunki, bugungi globallashuv davrida o‘zligini anglagan har bir xalq millati va milliy qadriyatlarini asrab qolish ustida tinimsiz bosh qotirmoqda. Texnikaning shiddatli rivoji, siyosiy-iqtisodiy jarayonlar sur’ati va madaniyatlararo muloqot kuchayib borayotgan hozirgi davrda zamon bilan hamnafas yurishga, o‘zining tili, madaniyatiga bu jarayonlarning “yemirish” va “yo‘q qilish” darajasidagi salbiy ta’sirini imkon qadar kamaytirishga harakat qilmoqda. Mazkur jarayondan biz ham chetda qolayotganimiz yo‘q, albatta.

Bu yil “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Shu vaqt ichida tilimizning rivojlanish holati va undan foydalanish bo‘yicha qanchadan-qancha jarayonlarni boshdan kechirdik. Bu davr ham bir tarixga aylandi. 

Bugungi kunda mamlakatimiz shiddat bilan rivojlanayotgani, xalqimiz turmush farovonligi yaxshilanib, xalqaro maydonda nufuzi ortib borayotganini hech kim inkor eta olmaydi. Biz hozirgacha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni muhokama qilib, bir-birimizdan yozg‘irish emas, nima qilishimiz kerakligi haqida qayg‘urishimiz, aniq choralar ko‘rishimiz kerak.

Ona tilimiz, o‘zbek tili, davlat tili masalalarida endi ehtiroslarga berilish davri o‘tdi. Davlat tili maqomini mustahkamlashga harakatni har birimiz o‘zimizdan, o‘z faoliyatimizdan boshlashimiz kerak. Millatning borligi va borlig‘ini ko‘rsatuvchi tilimizni asrab-avaylash, oila, jamoa, mahalladan boshlanadi. 

Hisobotlar va turli hujjatlar ayrim vazirlik, idoralarda hozirgacha davlat tilida tayyorlanmaydi

Shu o‘rinda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan ayrim aniq takliflarni aytish maqsadga muvofiq.

Birinchidan, qonun ustuvorligiga alohida e’tibor qaratilayotgan bugungi kunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan, to‘liq ishlab chiqilgan qonunlar asosida ishlash talab etilmoqda. Shu asnoda ko‘plab qonunlarimiz qaytadan ko‘rib chiqilmoqda, ularga o‘zgartirishlar kiritilmoqda yoki zamon talablaridan kelib chiqib, yangi tahrirda qabul qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Davlat tili haqida”gi qonunning Toshkent shahrida ijro etilishini o‘rganish natijalari to‘g‘risida” 2018 yil 15 noyabrdagi qarori bo‘yicha qayta ishlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni keng muhokamaga kiritish zarur. Bunda davlat tilini mamlakat fuqarolari bilishini burch darajasiga ko‘taradigan modda bo‘lishi muhim. Qonun hujjatlarini xalq muhokamasidan o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, hech qaysi til alohida yashay olmaydi. Texnika va innovatsiyalar kun sayin yangilanayotgan, xalqaro munosabatlar rivojlanib, hamkorlik kengayishi asosida taraqqiy etib borayotgan dunyo mamlakatlari milliy tillariga mazkur jarayonning ta’siri bo‘lishi tabiiy. Bu asrlar davomida shunday bo‘lib kelgan, ya’ni jamiyat rivoji tilning o‘zgarishiga, lug‘at tarkibining kengayishiga ta’sir etgan. Faqat jarayonlarning tilda aks etishini turli tamoyillar asosida til egalari, ya’ni jamiyat har biri o‘zicha tanlagan. Aynan mana shu tanlov va “saralash” milliy tillarning yashash tarzini, saqlanib qolishini belgilaydi. Shu sababli Oliy Majlis Senati Kengashi qarori ijrosini ta’minlash, o‘zbek tiliga chet tillaridan kirib kelayotgan so‘zlarni o‘rganish, qabul qilish bilan shug‘ullanadigan “Atamalar bo‘yicha maxsus komissiya” tuzish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish nihoyatda dolzarb. Chunki bugungi kunda o‘zbek tili lug‘at boyligi kengayib, turli darajadagi hujjatlarda, ommaviy nashrlarda ham yangidan-yangi so‘zlar tez-tez ishlatilayotgani kuzatilmoqda. Ammo bu so‘zlar aslida lug‘atimizga hali qabul qilinmagan. Shunday bo‘lsa-da, ular iste’molda faol qo‘llanadigan so‘zlarga aylanmoqda. Ilmiy jihatdan asoslangan holda yangi birliklarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ustida uzoq o‘ylab o‘tiradigan vaqt emas hozir, maxsus komissiya ishini tashkil etishni orqaga surib bo‘lmaydi. Komissiya ishiga yetuk mutaxassislarni, kuchli tilshunos olimlarni jalb etish, turli sohalar bo‘yicha mas’uliyatli xodimlarni biriktirgan holda yo‘lga qo‘yish, shuningdek, uning Vazirlar Mahkamasi huzurida bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini doimiy nazorat qiluvchi jamoatchilik komissiyalarini tuzish va muntazam monitoring olib borilishi muhim. Bundan tashqari, barcha vazirlik va idoralarda hujjat almashinuvi to‘liq davlat tilida olib borilishini ta’minlash shart. Afsuski, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hisobotlar va turli hujjatlar ayrim vazirlik, idoralarda hozirgacha davlat tilida tayyorlanmaydi. Xalqaro tajribaga qaraydigan bo‘lsak, hatto hamkorlik doirasida yuboriladigan xat-hujjatlar o‘sha mamlakat davlat tilida tayyorlanib, imzolanadi hamda unga biror xalqaro til (masalan, ingliz, rus tili)dagi tarjimasi ilova qilingan holda taqdim etiladi. Bizda esa, xorijga yuborish u yoqda tursin, hatto yurtimizdagi hamkor tashkilotlarga ham hujjat rus tili, ba’zan ingliz tilida tayyorlanib, imzolanib yuborilishi odatga aylangan. Bu holat bizning rus yoki boshqa xorijiy tilni bilmasligimizni ko‘rsatadi, degan mutlaqo xato fikr bilan bog‘liq. Aksincha, agar barcha hujjatlar o‘zbek tilida tayyorlansa, davlat tilining mavqei ko‘tariladi, uning o‘rganilishi ta’minlanadi, qolaversa, o‘zbek tilining hurmati baland ekani boshqa joylarda ham namoyish etiladi. Bularning barchasi o‘zbek tilida gapiradigan aholi 90 foizdan ziyodni tashkil etib turgan bugungi kunda hech qiyinchilik tug‘dirmasa kerak. Buning uchun xohish-istak, bilim va muhimi, g‘urur bo‘lsa yetarli.

To‘rtinchidan, o‘zbek tilini o‘qitish masalasiga alohida e’tibor qaratish zarur. O‘tgan yillar davomida til ta’limi bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini tuzishda, shundan kelib chiqib darsliklarni yaratishda ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi. Davlat tilini o‘rganish ehtiyoj darajasiga chiqmas ekan, ta’lim tizimida ham kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Buning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Yoshlarning o‘zbek tilini o‘rgana olmayotganiga asosiy sabab – bu oiladagi muhit va tarbiyadir. Ota-onaning ona tiliga bo‘lgan bepisandligi farzandining boshqa tilda gaplashib muloqot qila olishidan “faxrlanish” hissi bilan yanada kuchayadi. Holbuki, oilada ona tilini hurmat qilishga o‘rgangan yoshlar o‘zga tilga ham hurmat bilan qarashi, chet tillarini qiynalmay o‘zlashtira olishi ko‘p kuzatiladi.

Maktabda rusiyzabon sinfda ta’lim olgan yoshlar oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lganida ham o‘zbek tilini o‘rganishga qiynaladi. Ularning aksariyati umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus kasb-hunar tizimida o‘qitiladigan dasturlarni o‘zlashtirmagan holda keladi. Buning sababi darslarning samaradorlik darajasi yetarli emasligida. Masalaning yana bir tomoni bor. Oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili darsi o‘tiladigan 1-kurs rusiyzabon talabalari o‘z sohasi, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘zbek tiliga oid maxsus atamalarni, sohaga oid tilni o‘rganish o‘rniga, afsuski, yana o‘sha grammatika qoidalari va asosiy muloqot mavzulari bo‘yicha suhbatlashishga o‘rgatish davom etadi, xolos. Til ta’limi uzviyligi va uzluksizligining ta’minlanmayotganidan dalolat bu.

Lug‘atlar, so‘zlashgichlar yetishmaydi

Biz kutgan natijaga erisha olmayotganimizning yana bir sababi turli zamonaviy darsliklar, lug‘atlar, so‘zlashgichlar yetishmasligida. Mamlakatimizda yashovchi har qanday millat vakili qiziqishi va o‘zlashtirishiga qulay bo‘lgan turli shakl va uslubdagi o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanishi zarur. Nafaqat fuqarolarimiz, balki hozirda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish bildirayotgan xorijliklar uchun ham qulay, ijobiy natijaga qaratilgan til o‘rgatuvchi kitoblar yetarli emasligi achinarli hol. Lotin yozuvi asosidagi onlayn darsliklar, elektron lug‘atlar, qiziqarli kitoblarning ko‘plab muqobil variantlarini yaratish kerakki, o‘rganuvchida tanlash imkoniyati bo‘lsin.

O‘zbek tilini ta’limning eng quyi bosqichlaridan o‘rgatib borish bo‘yicha zamonaviy metodika ishlab chiqish zarur. Agar o‘qituvchi sinfda yoki auditoriyada yoshlarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish va ehtiyoj uyg‘otib, unda tilga hurmat tuyg‘usini uyg‘ota olmas ekan, davlat tilining jamiyatdagi mavqeini ko‘tarish mushkul ish. Bu borada masofaviy ta’lim, mustaqil o‘rgani
shga yo‘naltirilgan videodarslarni ham ko‘paytirish va internet tarmoqlariga joylashtirish maqsadga muvofiq.

Turli sohalarga oid maxsus fanlar bo‘yicha o‘zbek tilidagi o‘quv adabiyotlarining yetarli emasligi, maxsus terminologiya, ayniqsa, yangi atama va terminlarning muntazam kiritib borilmayotgani mutaxassis tayyorlashda ham muammolar keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham oliy ta’limni bitirib, sohasi bo‘yicha ishga kirgan yosh kadrlarga amaliyotdan uzilgan, eng yaxshi holatda nazariy bilim bilan cheklangan kadr, yomon holatda sohasi bo‘yicha yetarli, zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lmagan kadr sifatida qaralmoqda. 

Ziyolilar ham befarq, loqayd

Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda tilning ahamiyati nihoyatda katta. Biroq oxirgi paytlarda namoyish etilayotgan filmlarda boshqa millat so‘zlari, turli tushunarsiz yoki qo‘pol, ma’naviyatimiz va qadriyatlarimizga zid bo‘lgan so‘zlar ishlatilishi uchramoqda. Bunday holatlarni ba’zi san’atkorlarning qo‘shiqlarida ham uchratish mumkin. Bu borada ham mutaxassislarning nazoratiga ehtiyoj bor.

Jamoat joylarida, ko‘chalarda, turli lavhalarda, binolar peshtoqida aholi diqqatini jalb etadigan joylarda nomlar yoki reklamalarning hech bir ma’ni va qolipga to‘g‘ri kelmaydigan shaklu shamoyilda berilayotgani umumiy savodxonlik darajasi tushib ketganidan, mutaxassis bo‘lgan ziyolilarning esa befarq va loqaydligini ko‘rsatib turibdi, afsus. Bu borada ham O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi, “Firmalarning nomlari to‘g‘risida”gi kabi til bilan bog‘liq qonunlarini takomillashtirish va qonun buzilish holatlarida chora ko‘rishni belgilash zarur. Shunda til va yozuv o‘rtasidagi chalkashliklar, ma’naviyatimizga yot ifodalarning ommalashishi oldi olinadi. Xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgan, lekin bunga jiddiy qaramayotgan shaxslar ham shu yozuvlar o‘zining savodsizligi namoyishi ekanini tushunib yetar. Natijada milliyligimiz timsoli bo‘lgan tilimizga bepisandlik, hurmatsizlik bilan qarashga barham berilar, deb o‘ylayman.

O‘zbek tilshunosligida hamma tan oladigan mukammal ilmiy asarlar yaratish, grammatika, orfografiya, fonetika, ayniqsa, stilistika bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar asosidagi amaliyot bilan bog‘langan kitoblarni ko‘plab nusxalarda, yetarli adadda nashr etish zarur. Bunday kitoblarga ehtiyoj nihoyatda katta. Bularni ta’minlamasdan turib, nafaqat boshqa til egalarining o‘zbek tilini chuqur bilishiga erishish, balki umumiy savodxonlikni oshirishga erishib bo‘lmaydi. 

Yuqoridagi masalalarni hal etish, o‘zbek tilining o‘zimiz xohlagandek nufuzga ega bo‘lishi uchun barchamiz birdek harakat qilishimiz, loqayd bo‘lmasligimiz kerak, zero, hayotda bo‘sh turgan joyni boshqa birov egallashga harakat qiladi.

O‘zbek tilining xalqaro nufuzi tobora yuksalayotgan, AQSh, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili yo‘nalishi ochilib, o‘sha mamlakatlar yoshlari ona tilimizni o‘rganishga katta qiziqish bildirib, o‘zbek tili va adabiyoti, qiyosiy mavzular bo‘yicha ilmiy izlanish olib boruvchi chet ellik tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘payayotgan bir paytda o‘zimiz borligimiz va borlig‘imiz timsoli bo‘lgan tilimizga e’tiborli bo‘laylik.

Gulchehra RIXSIEVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
Toshkent davlat sharqshunoslik
instituti rektori