O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Milliy gvardiya va uyushma hamkorligida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Til – millat va ma’naviyat ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda ijodkorlar va harbiylar, kursantlar va o‘quvchilar qatnashdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining maslahatchisi Ulug‘bek Mamadaliyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati rahbari, taniqli shoir Fozil Farhod, Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti Davlat huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi leytenant Faxriyor Baxtiyorov ona tilimizni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda targ‘ib va tashviq etish borasidagi ezgu tashabbuslar haqida batafsil so‘zladi.


Ijodkorlar o‘zbek tilini ulug‘lovchi she’rlaridan o‘qidi.
Shundan so‘ng harbiy sohaga ixtisoslashgan litsey hamda “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilarining adabiy-badiiy chiqishlari namoyish etildi.
O‘zA