“Til – millat va ma’naviyat ko‘zgusi” shiori ostida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Milliy gvardiya va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir avvalida gvardiyachilar va tizim muassasalari o‘quvchilari adabiyot va san’at olamiga bir qadam yaqinlashib, Adiblar xiyoboni bo‘ylab ekskursiya qildilar. Bu tarixiy manzil ularni o‘zbek adabiyotining boy merosi, qalam sohiblarining hayoti va ijodi bilan tanishtirdi.
Tadbirda so‘z olganlar davlat tilining millat ma’naviyatini yuksaltirishdagi, yosh avlod qalbida faxr tuyg‘usini shakllantirishdagi ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Tadbirning badiiy qismida Milliy gvardiya harbiy-musiqa akademik litseyi hamda "Temurbeklar maktabi" o‘quvchilari tomonidan Vatan, o‘zbek tili va milliy g‘urur mavzusidagi she’rlar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi ashula va raqs ansambli tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar tomoshabinlar qalbida yuksak tuyg‘ularni uyg‘otdi.
O‘zbek tili – millatning ruhi, qalbi, tarixi va kelajagi. Unga ehtirom bildirish har bir fuqaro, har bir yoshning muqaddas burchi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1LMnW5I3lQo" title="Til – millat va ma’naviyat ko‘zgusi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, I.Ismatov (montaj), O‘zA