Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Til – millat ruhi
16:17 / 2024-09-20

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

Til buyuk ajdodlarimizdan meros milliy qadriyat, tafakkur qurolidir. Tafakkurimiz mahsulini namoyon etish til vositasida amalga oshiriladi. Quvonchu shodligimizni ham, g‘am-tashvishimizni, rejayu muammolarimizni ham ifoda etadigan vosita tilimiz hisoblanadi. Mehrimizni, qahrimizni, xayrixohligimiz yo nafratimizni til yordamida bayon etamiz. U siz, sodda qilib aytganda, “yorilib ketamiz”. Tilimizning bebaho ne’mat ekanligi avvalo ana shunda. 

Til – millat tafakkurining bebaho xazinasi, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etadi.

Dunyoda yetti mingga yaqin til va lahjalar bor. Ularning faqat ikki yuzga yaqini Davlat tili maqomiga ega. Ana shu tillar orasida O‘zbek tili ham borligidan haqli ravishda faxrlanamiz. 

O‘sha yetti ming tilning to‘qson foizida yuz ming va hatto undan ham kamroq odam so‘zlashadi. Yo‘qolib borayotgan tillar ham oz emas. O‘zbek tilida so‘zlashadiganlarning soni esa ellik millionga yaqin. Bu ko‘rsatkich ham ko‘ngillarimizga quvonch bag‘ishlaydi.

Ona tilimiz bundan o‘ttiz to‘rt yil avval Davlat tili maqomini oldi va bu mustaqillik sari qo‘yilgan dadil qadam bo‘lganligi haqli ravishda e’tirof etiladi. Shundan buyon o‘tgan davr mobaynida tilimizni rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi, har yili 21 oktyabrni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelamiz.

So‘nggi yillarda esa bu bayramni yanada yuqori ko‘tarinkilik ila nishonlayapmiz. Chunki tilimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga e’tibor yanada kuchaytirildi, muhtaram yurtboshimiz tashabbusi bilan O‘zbek tili bayramini nishonlash bo‘yicha qonun qabul qilindi. 

Ayniqsa, Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan o‘zbek tilida nutq so‘zlaganlari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyodagi o‘zbek tilida so‘zlashadigan aholining ko‘ngillarini faxru g‘ururga to‘ldirdi. 

Bu ulkan o‘zgarishlarning ahamiyatini to‘laqonli his etish uchun uncha uzoq bo‘lmagan o‘tmishimizga bir qur nazar tashlash, tilimizga ikki xil munosabatni taqqoslash foydadan holi bo‘lmaydi. 

Mustabid tuzum davrida millat ruhi, g‘ururi bo‘lmish o‘zbek tilining mavqei ko‘ngildagidek emasdi. Talabalik yillarimiz institutda o‘quv mashg‘ulotlari asosan rus tilida olib borilardi. Qishloq maktablaridan kelgan bolalar, ko‘pchilik rus tilini bilmasligi tabiiy hol edi. Chunki o‘quvchilik yillarimizning katta qismi paxta dalalarida o‘tardi. 

Buni tushungan, bilgan ko‘pchilik o‘qituvchilarimiz mashg‘ulot mazmunini avval rus tilida yozdirib, o‘zbek tilida qayta tushuntirishardi. Bu hol keyinroq o‘zim oliy o‘quv yurtida o‘qituvchi bo‘lib qolganimdan keyin ham davom etdi. Adabiyotlar asosan rus tilida, darsxonada hammasi o‘zbek bolalari, o‘qituvchi o‘zbek, albatta rus tilida dars o‘tishimiz shart edi. 

O‘sha vaqtlarda ham ayrim ustozlarimiz o‘zbek tilida dars o‘tishga harakat qilishar, lekin bu hol rahbariyatga uncha xush kelavermas edi. Institutimizda agronomlar, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash bo‘yicha injenerlar tayyorlanar edi. Yaxshi eslayman, yig‘ilishlardan birida bir hurmatli professor “injenerlik fakulteti bitiruvchilari boshqa respublikalarga ham ishga yuboriladi, tushunarli, lekin ertaga o‘zimizning dalalarda ishlaydigan agronomlarga rus tilida dars o‘tishning nima keragi bor, o‘zbek tilida o‘tilsa bo‘ladi-ku” deganida, rahbar darrov o‘rnidan turib “mayli siz o‘zbekcha o‘tishingiz mumkin, rus tilini biladigan domlalar rus tilida o‘tadi” deb “og‘zini yopgan”, bu bilan o‘zbek bolalariga o‘zbek tilida dars o‘tishni taklif qilayotgan ustozni kamsitishga intilgandi. Bu o‘rinda rahbarni ham ayblamoqchi emasman, o‘sha davrning ruhiyati, talabi shunaqa edi. Ishga kirmoqchi bo‘lgan farrosh yoki qorovul ham rus tilida ariza yozishi yoki kimgadir iltimos qilib yozdirishi shart edi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan dastlabki davrlardagi bir voqea ham hech esimdan chiqmaydi. Institut jamoasining yig‘ilishi birinchi bor o‘zbek tilida olib borildi. Ungacha barcha yig‘ilishlar rus tilida olib borilardi. Yig‘ilish yakunlanayotganda raislik qiluvchi ishtirokchilardan fikr so‘radi. Bir yoshi ulug‘ xo‘jalik xodimi qo‘l ko‘tarib, “har gal majlislarga kirsak nima gap bo‘lganini bilmay chiqib ketardik, bugun qorong‘i xonada quyosh charaqlab chiqqanday bo‘ldi. Bo‘lar ekan-ku o‘zbek tilida gapirilsa!” dedi. Shunda ham yig‘ilishni olib borgan rahbar “bundan buyon to‘la o‘zbek tilida olib boramiz majlislarni” deya olmadi, mujmalroq qilib “ha endi, jamoamizda turli millat vakillari bor-da” deya talmovsiradi. Chunki ishonch yo‘q, ertaga orqaga qaytib qolinadimi degan hadik bor edi. 

Shukrki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda milliy qadriyatlarimiz, ona tilimiz, ma’naviy merosimizga e’tibor kuchaydi, kitobxonlik targ‘iboti va mutolaa madaniyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 10 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.

Tilimizning dunyo tillari orasidagi o‘rni va nufuzi haqidagi ma’lumotlar ham ko‘ngilga quvonch baxsh etadi. Shundan o‘zbekona aytganda “tilimiz uzun”. Qirqta turkiy til orasida shu tilda gaplashadiganlar salmog‘i bo‘yicha o‘zbek tili ikkinchi o‘rinda turadi. Dunyoning qator universitetlarida turli millat vakillari o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishyapti, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan chet ellik olimlar safi ham tobora kengaymoqda. Bu esa dunyo hamjamiyati orasida O‘zbekistonga, millatimizga va uning ulkan ma’naviy merosiga, yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga dunyo hamjamiyati orasida qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Tilimizni o‘rganish, undan foydalanish, targ‘ib qilish bo‘yicha olib  borilayotgan ishlarni tahlil qilib, bu xayrli ishga hissa qo‘shish bo‘yicha vazifalarni belgilab olishimiz va izchil amalga oshirishimiz darkor. 

Yoshlarimiz orasida til o‘rganish kuchayganligi quvonarli hol. Biroq bu o‘zbek tilini unutish hisobiga bo‘lmasligi kerak. Xorijiy so‘zlarni aralashtirib so‘zlashishga odatlanib qolgan, hatto buni o‘zicha madaniyatlilik belgisi deb qaraydigan kishilarni ko‘rib achinib ketasan. 

Farzandlarimiz tilimizni qadrlashi uchun biz kattalar – ota-onalar, ustozlar namuna bo‘lishimiz kerak.

Ko‘chalar, korxona va muassasalardagi shior hamda peshlavhalardagi yozuvlarda imlo xatolariga yo‘l qo‘yish, muloqotlarda boshqa tillarga mansub so‘zlarni aralashtirib gapirish, firma, do‘kon, yemakxonalarga nom berishda tilimizdan munosib so‘zlarni izlash o‘rniga ko‘pchilikka tushunarsiz bo‘lgan xorijiy so‘zlar bilan ifodalash kabi qusurlar har qadamda uchraydi. Ayrim xususiy nashriyotlarda chop etilgan kitoblarda imlo xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani ham achinarli hol. O‘zbek tilida ish yuritish ko‘nikmalari hamma joyda talab darajasida deb bo‘lmaydi. Telekanallarda berilayotgan reklamalardagi g‘alizliklar ham tilimizga bo‘lgan e’tiborsiz munosabatdan. 

Til boyligini oshirishning, muloqot madaniyatini rivojlantirishning asosiy yo‘li kitob mutolaasidir. Xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyotimiz tilimizning bebaho xazinasidir. Nazarimda badiiy kitoblarni, ayniqsa, mumtoz adabiyot namunalarini o‘qish bilan tilimiz yanada boy va jozibali bo‘ladi, yuragimizda, ongu tafakkurimizda ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ulari yanada mustahkamlanadi. Abdulla Qodiriy yoki Cho‘lpon asarlarini o‘qish jarayonida bugun iste’molda bo‘lmagan qancha so‘zlarimiz borligiga amin bo‘lamiz. Har qanday so‘z ishlatilmasa asta sekin unutilib ketadi. Bebaho boyligimiz bo‘lgan so‘zlarni yo‘qotish bilan tilimizning jozibasi va tarovatiga putur yetadi. So‘z boyligimiz ortishi bilan muomala-muloqotlarimiz go‘zallashib, so‘zlarni unutish bilan nutqimiz g‘ariblashib boradi. 

Xatosiz yozish ko‘nikmasini shakllantirishga ta’sir etadigan asosiy omillardan biri gazeta-jurnal mutolaasi ekanligi ham sir emas. Afsuski, bugun nafaqat adabiy, balki barcha bosma nashrlarning adadi kamayib ketdi. Adabiy nashrlarimiz adadini mamlakatimizdagi kutubxonalar soni yoki til va adabiyot o‘qituvchilarining soni bilan taqqoslasangiz ko‘ngillar ranjiydi. Tilimiz sofligi va rivojlanishi targ‘ibotchisi bo‘lgan adabiyot o‘qituvchisining yangi adabiy nashrlardan bexabar holda o‘quvchilar oldiga kirishi ancha noqulay holat. Ijtimoiy tarmoqlardagi oldi-qochdi xabarlar oqimi esa o‘quvchilarni pala-partish fikrlash va xatolar bilan yozilganlarni bemalol bee’tibor qabul qilishga o‘rgatyapti. 

Muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish so‘z boyligimizni oshiradi. Oilada, jamoada, jamoat joylarida so‘zlashuvda ibrat bo‘lmog‘imiz kerak. Biroq, bugungi globallashuv davrida ota-ona va farzand o‘rtasida, umuman oila a’zolari davrasida ham muloqot kamayib borayotgandek. Bir vaqtlar hazillashib “faqat kerakli gaplarni gaplashsak so‘z boyligimiz kamayib ketmasmikin”, deb yozib qo‘ygandim. Chindan ham, behuda valaqlashlarimiz ko‘p, og‘zaki nutqimizda so‘zlarni tanlab ishlatishga ko‘pincha yetarli e’tibor bermaymiz. Hatto osongina yodga keladigan boshqa tildagi so‘zni ishlatish ham odatdagi holga aylanib qolayotganday. Pala-partish so‘zlagan odamning fikrlashi ham ko‘ngildagiday bo‘lmasligi bor gap. 

Bebaho ma’naviy qadriyatimiz bo‘lgan ona tilimizni avaylab-asrash, rivojlantirish, targ‘ib qilish, kelajak avlodlarga boyitilgan, joziba va tarovatini saqlagan holda yetkazish oldimizda turgan muhim vazifadir.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

Millat tafakkurining bebaho xazinasi, ulkan boyligi bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish, xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar kelajakda milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, jamiyatimizda yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish, yosh avlodni ona tiliga muhabbat ruhida tarbiyalashda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Habib Siddiq,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi.

O‘zA