Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Til – millat ruhi, davlat tayanchi
15:16 / 2025-10-20

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni

O‘zbek tili – o‘zbekistonlik har bir fuqaro hamda o‘zini o‘zbekman deb hisoblaydigan barcha insonlar uchun milliy iftixor manbai hisoblanadi. Til nafaqat aloqa vositasi, balki xalqning tafakkuri, madaniyati, tarixiy xotirasi va ma’naviy merosini ifoda etuvchi muqaddas ne’matdir. Shu bois, uni muhofaza qilish, rivojlantirish va avlodlar qalbiga singdirish har bir fuqaroning burchidir.

Ammo davlat tili to‘g‘risidagi qonun hamda me’yorlarga rioya etmaslik, til sofligiga amal qilmaslik xollari ham, afsuski, uchrab turadi. Xo‘sh, Farg‘ona viloyatida tilimizni e’zozlash yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bizga viloyat hokimining maslahatchisi Sohibjamol Tongotarova shu haqda gapirib berdi.

– Milliy o‘zlikni anglash, jamiyatda ma’naviy birlik va hamjihatlikni mustahkamlashda davlat tilining o‘rni beqiyos. Shuning uchun o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va e’tibor faqat bayramlar bilangina cheklanib qolmasligi, balki kundalik hayotimizda ham namoyon bo‘lishi kerak, – deydi Sohibjamol Tongotarova. – Yosh avlodni ona tilida sof va ravon so‘zlashishga, adabiy til me’yorlariga amal qilishga o‘rgatish – bugungi kunda har bir ota-ona, o‘qituvchi va ziyolining muqaddas burchidir.

O‘zbekistonning qadim va madaniyatli hududlaridan biri – Farg‘ona viloyatida ham “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrldagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlash, o‘zbek tilining jamiyatdagi rolini mustahkamlash, uni hayotning barcha sohalarida tatbiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar davlat siyosatining bir qismi sifatida izchil davom etmoqda.

Farg‘ona viloyati hokimligi va barcha tuman, shahar hokimliklarida barcha rasmiy hujjatlar davlat tilida yuritilmoqda. Davlat idoralarining rasmiy sayti, axborot taxtalari, bannerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘zbek tilida saviyali va tiniq ifoda yuritilishi ta’minlangan. Idoralar, muassasalarda “Davlat tiliga hurmat – davlatga hurmat” shiori ostida maxsus o‘quv-seminarlar o‘tkazilyapti.

Farg‘onadagi axborot markazlari, kutubxonalar, madaniyat muassasalarida o‘zbek tilidagi adabiyotlar fondi kengaytirilmoqda. Viloyat televideniyesi va radiolarida o‘zbek tilidagi ilmiy-ma’rifiy, adabiy va tarixiy loyihalar keng namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda viloyat televideniyesida “Mikrofon – muallifda”, “Yettinchi mo‘’jiza” dasturlari tashkil etilib, ijodkor mualliflarning chiqishlari, kitoblar tahliliga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar tayyorlanmoqda.

Harbiy qismlar, oliy ta’lim muassasalari, tashkilot va muassasalarda o‘zbek tilining sofligini saqlash bo‘yicha davra suhbatlari, kitoblar taqdimoti muntazam o‘tkazib boriladi. Joriy yilda viloyatdagi 20 nafar ijodkorning yangi nashr etilgan kitoblari taqdimoti o‘tkazildi. Yoshlar o‘rtasida adiblar hayoti va ijodi, adabiy tilda fikr yuritish bo‘yicha viktorinalar, konkurslar tashkil etilyapti. Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi va talabalar orasida adabiy tilda fikrlash, nutq madaniyati va til me’yorlarini qo‘llash bo‘yicha muntazam treninglar tashkil etilmoqda.

Milliy adabiyotimiz  rivojiga munosib  hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar va jadidlar – Muqimiy tavalludiga 175 yil, Mirzo Ho‘qandiy tavalludiga 145 yil, Ashurali Zohiriy tavalludiga 140 yil,  Charxiy tavalludiga 125 yil,  Sobir Abdulla tavalludiga 120 yil,  taniqli shoirlar  G‘ulom Fathiddin hamda Maqsuda Egamberdiyeva tavalludiga 70 yil, A’zam O‘ktam tavalludiga 65 yil to‘lganligiga bag‘ishlab Qo‘qon shahrida Adabiyot bayrami o‘tkazildi. Tadbirda Farida Afro‘z, G‘ayrat Majid, Nurboy Jabbor, Shahodat Isaxonova,  Hulkar Hamroyeva, Nargiza Asadova, Nozima Yusuf kabi taniqli shoir va olimlar  ishtirok etdi.  

2020 yildan boshlab Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Farg‘ona hududiy bo‘limida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbar va xodimlarini o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish kurslarida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Tinglovchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy yildan Qo‘qon shahrida ham o‘qish tashkil etildi. Har yili 400-450 nafar tinglovchi bu o‘quv kurslarini tamomlamoqda.  

Tashqi yozuvlar, peshlavha, reklama va boshqa e’lon, axborot matnlarining davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida, xatolarsiz yozilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muntazam ravishda o‘rganishlar o‘tkazilib, boshqa tilda yoki imlo xatosi bilan yozilgan tashqi yozuvlar o‘zgartirilmoqda va kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Viloyatda davlat tilining nufuzini oshirish, uni turli sohalarda to‘liq tatbiq etish borasida amaliy ishlar izchil olib borilmoqda. Bu jarayonda xalq, yoshlar, ta’lim tizimi va jamiyatning o‘zi faol ishtirok etmoqda. O‘zbek tiliga bo‘lgan bunday munosabat uning kelajakda yanada barkamol va mustahkam bo‘lishini ta’minlaydi.

Muhammadjon Obidov, O‘zA