Zarafshon shahrida 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunga bag‘ishlab “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Odil Hotamov, yosh shoirlar Boboqand Mirzo, Firuz Ne’matullayev va boshqa ijodkorlar ishtirok etdi.
O‘zbek tili haqidagi mulohazalar, yangi she’rlardan aytilgan namunalar barchada katta taassurot qoldirdi. Ijodiy muloqotda yozuvchi-shoirlar ona tilimizga bo‘lgan e’tibor, hozirgi adabiy muhit, ijod ahliga bo‘lgan g‘amxo‘rlik, kitobning ahamiyati haqida to‘xtalib, o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir tom ma’noda Markaziy kon boshqarmasi ishchi-xodimlari, butun zarafshonliklar uchun haqiqiy she’riyat bayramiga aylandi.
Uchrashuvda bir necha she’riy kitoblar muallifi Boboqand Mirzo tomonidan aytilgan vatan, ota-ona, ishq-muhabbatni tarannum etuvchi she’rlar barcha manzur bo‘ldi.
– O‘zim ham qalam tebratib turaman. Ijod namunalarim to‘plamlarda yoritilgan. Bugun konchilar maskaniga bir guruh ijodkorlar kelganini eshitib, kelaverdim. Yangi, yaxshi she’rlardan bahramand bo‘ldim. Menimcha, bunday tadbirni muntazam o‘tkazib turish kerak. Chunki she’riyat odamlarni har doim yaxshilikka yetaklagan, – deydi Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati nazoratchisi, ijodkor Abdulla Jumayev.
Darvoqe, Navoiy kon-metallurgiya kombinati ulkan ishlab chiqarish salohiyati bilan bir qatorda, ma’naviy-ma’rifiy va ijodiy yo‘nalishlarda ham e’tirofga arzigulik ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmalari, viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. bugungi she’riyat kechasi ham ana shu xayrli tashabbusning mantiqiy davomi bo‘ldi.
– Bizda ham konchilik sohasida ishlab, serqirra ijod qilib kelayotgan ijodkorlar, haqiqiy she’riyat muxlislari ko‘p,– deydi Markaziy kon boshqarmasi yoshlar yetakchilari Kengashi raisi Saodat Boboyorova. – So‘nggi yillarda kombinat rahbariyati tashabbusi bilan qator kitoblar nashr etildi. Hamkasblarimiz she’rlari, maqola va esselari “Kengliklar sururi”, “Uyg‘oq xotiralar” to‘plamlaridan joy oldi. Yaqin kunlarda ijodkorlar yangi to‘plami chop etiladi. O‘ylaymanki, bu rag‘bat ijodkorlarni yanada ruhlantirib, sermahsul ijodga chorlaydi.
Ha, she’riyatga oshufta bo‘lmagan qalb bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, shoir tilidan ko‘ngilga yaqin satrlarni tinglaganda, beixtiyor dillar yayraydi. Shu bois, har bir inson qalbi she’rga tashna va oshno bo‘lib, she’riyat jarangi, mushoiralarni sog‘inib-sog‘inib yashaydi. bugungi she’riyat kechasi, Vatan, mustaqillik, o‘zligimiz va o‘zbek tilini madh etgan kuy-qo‘shiqlar, ijodkorlar tomonidan muxlislarga tuhfa etilgan kitoblar to‘plami zarafshonliklarga mana shunday orzular ro‘yobini tuhfa etdi.
Dildora KARIMOVA,
Markaziy kon boshqarmasi
Axborot xizmati muxbiri.
Dilshod BOBOMURODOV olgan suratlar.