Har qanday xalqning eng katta boyligi – til. Zero, til millatning yuzi, qiyofasi va ma’naviy poydevoridir. Til orqali xalq o‘z hissiyoti, orzu-umidi, olamni anglash tuyg‘usi va yurak amrini ifoda etadi. Shu bois ona tiliga muhabbat Vatan mehriga qiyoslanadi.
Ayni muqaddas qadriyatni yuksak darajada e’zozlaydigan, xalqimizning milliy g‘ururi va ma’naviy birligini namoyon etuvchi sana – O‘zbek tili bayrami kuni nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham alohida shodiyona va faxr bilan nishonlanadi. Mazkur anjuman doirasida badiiy kecha, davra suhbati va madaniy uchrashuvlar tashkil etiladi.
Jumladan, Turkiya Respublikasi Istanbul shahrida joylashgan Kent universitetida “Til bor ekan – millat bor” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv mamlakatimiz Madaniyat vazirligi, Turkiyadagi O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik jamiyati hamda Kent universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda Istanbuldagi Bosh konsulligimiz xodimlari, san’at va madaniyat namoyandalari, Turkiyadagi vatandoshlarimiz, talaba-yoshlar, shuningdek O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi vakillari ishtirok etdi. Bayramona kecha o‘zbek tilining yuksak ruhi, dunyodagi o‘ziga xos nufuzi va xalqni birlashtiruvchi kuch sifatidagi munosib o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Respublikamizning Istanbuldagi Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov, O‘zbek tili – xalqimizning tarixiy xotirasi, ma’naviy boyligi va kelajak avlodlar uchun faxr manbai ekani, shunday anjumanlar orqali biz ona tilimiz qadrini yanada yuksaltirishimiz zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri sifatida o‘zbek tili milliy birlik, ma’naviy boylik va yuksak madaniyat timsoli, millatning yuragi va yuzi ekani, xalq diplomatiyasi ham til orqali ifodalanishini qayd etdi. Shuningdek, turkiy dunyo bilan aloqalarda ham tilimizning nufuzini oshirish zarurligiga to‘xtaldi.
– Davlatimizda tahsil olayotgan minglab o‘zbek yoshlari uchun bunday tadbirlar juda muhim, – dedi Turkiyadagi O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik jamiyati raisi Cho‘qay Ko‘char. – Ular til orqali milliy o‘zligini asraydi, Vatan bilan ma’naviy bog‘liqlikni yanada teran his etadi.
Kent universiteti dekani aytishicha, bugungi kunda mazkur oliy ta’lim muassasasida 6000 dan ziyod xorijiy talaba, jumladan 1100 nafar o‘zbekistonlik o‘g‘il-qiz tahsil oladi. Hamyurtlarimiz nafaqat ta’lim sohasida, balki madaniy-ma’rifiy jabhada ham juda faol. Ular oliygoh miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy anjuman va madaniy kechalar, sport musobaqalari, ijodiy tanlovlarda muntazam ravishda yuqori natijalarga erishib, Vatanning munosib elchilari sifatida e’tirof etib kelinadi.
Ayyom bahonasida ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi. Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti badiiy jamoasi, o‘qituvchilari tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlarimizdan iborat konsert dasturi namoyish etildi.
Samimiy muhitda o‘tgan uchrashuv barcha ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Umuman, tilimiz bayrami nafaqat Ona-yurt, balki xorijda ham o‘zbek yoshlari, vatandoshlar va do‘st-birodar xalqlar orasida ma’naviy ko‘prik, milliy o‘zlikni asrash va yuksaltirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bunday tadbirlar orqali ona tilimizga nisbatan ehtirom, fidoyilik va mehr avloddan-avlodga o‘tib, o‘zbek millatining ma’naviy qudratini yanada yuksaltirishi shubhasiz.
G‘.Xonnazarov, O‘zA
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati ko‘magida tayyorlandi.