Yaponiyadagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun u qaysi davlat fuqaroligidan qat’iy nazar muloqot darajasida yapon tilini bilishi shart.
Janubiy Koreya, Germaniyada o‘qish va ishlash uchun ham shu mamlakat davlat tilini bilishi talab etiladi.

Hali O‘zbekistonda bunday me’yor qabul qilinmagan. Lekin Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida xorijiy talabalarga o‘zbek tili o‘qitilishi ta’lim dasturiga kiritilgan. Bu yerda talaba o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladigan ingliz tili qatorida o‘zbek tilini ham o‘rganishi, bilishi lozim.
– Hozirgi kunda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida ikki mingga yaqin 6 ta davlatdan kelgan xorijiy talabalar tahsil olmoqda. Biz ularga o‘zbek tilini o‘rgatmoqdamiz, – deydi o‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi Mohitobon Komilova. – Ya’ni ular o‘zbek tilida so‘zlashish, yozish ko‘nikmalarini o‘rganib borishmoqda. Chunki bu ularning kundalik faoliyatlari uchun juda zarur.

E’tiborlisi shundaki, xorijlik talabalarda o‘zbek tiliga qiziqish juda katta. Ular asosiy tibbiy fanlar qatorida o‘zbek tilini astoydil o‘rganmoqda. Bunda badiiy asarlar muhokamasi, kasbiy terminlar mutolasi katta ahamiyatga ega.
– Men Hindistondan kelganman. Kelganimga uch yarim yil bo‘ldi. Bu yil 3- bosqichda o‘qiyapman, – deydi Himagiri Nadiminti. – O‘qituvchilarimiz o‘zbek tilini o‘rganishimizga yordam berishadi. Qolaversa, kutubxonada til o‘rganish uchun hamma kitoblarni topish mumkin.

Institutda o‘zbek tili o‘qitilishining o‘ziga xos xususiyatlari, uslub va yo‘nalishlari ham bor.
– Talabalar klinikalarga borib bemorlar bilan muloqot olib boradi. Bu esa shifokor uchun birinchi navbatdagi kasb qoidasi hisoblanadi. Shuning uchun biz talabalarimizga aynan tibbiyot yo‘nalishidagi o‘zbek tilini o‘rgatamiz, – deydi pedagogika fanlari doktori, professor Iroda Iminaxunova. – Ko‘p mavzularimiz bemorlar bilan suhbat olib borish, ulardagi kasallik belgilarini aniqlashga moslangan. Xorijlik talabalar uchun bepul o‘zbek tili kurslarini tashkil etganmiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jE7wSwIOdK0" title="Til bilish ixtiyoriy emas, majburiyat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov( video, surat), O‘zA