Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Til bilganni el qadrlaydi
20:32 / 2025-11-17

Til bilganga dunyo o‘z eshiklarini ochadi. Til o‘rganish orqali boshqa xalqlarning urf-odatlari, tarixiy tajribalari, adabiyoti va san’atiga yaqinlashamiz. Bu esa insonni bag‘rikeng, ochiq fikrli va to‘laqonli shaxs sifatida tarbiyalaydi.

So‘nggi yillarda Buxoro ta’limida ham bu yo‘nalish jadal rivojlanib, xalqaro hamkorlikka keng yo‘l ochmoqda. Shu jumladan, xorijlik mutaxassislarning Buxoroda dars o‘tishi bu jarayonning muhim qismiga aylangan. Ularning tajriba va bilimlarini mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lishishi ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. 

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshchiligidagi  delegatsiya joriy yilda Koreya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim hamkorlikni mustahkamlash, viloyatda koreys tili o‘qitiladigan maktablar sonini oshirish va ularni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator muhim kelishuvlarga erishilgan edi. 

Shunga asosan, Buxoro shahridagi 42-umumta’lim maktabida Koreya Respublikasining Asan shahridan kelgan Kim Ki Duk koreys tilidan o‘quvchilarga saboq bermoqda.

– Bugun Buxoroga kelib dars berayotganimdan xursandman. O‘quvchilarning koreys tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi meni hayratda soldi. Ular nafaqat til balki Koreya Respublikasi madaniyati, tarixi va urf odatlarini ham o‘rganishmoqda. Avval, bir birimizni tushunishimiz biroz qiyin kechdi. Ammo, hozir hammasini eplashga harakat qilyapman. Mamlakatingizga ta’limga qaratilayotgan e’tiborni ko‘rib, sevindim. Men bu yerga olti oylik shartnoma bilan kelganman. Shu davr mobaynida o‘quvchilarga kerakli bilimlarni berishga harakat qilaman, – deydi 42-umumta’lim maktabida saboq berayotgan Kim Ki Duk.  

[gallery-26294]

Xorijlik o‘qituvchilar va ekspertlar o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lib, zamonaviy ta’lim metodlarini amaliyotga joriy etmoqda. Ular nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliy ko‘nikmalarni ham o‘rgatishmoqda.

– Koreyaga va koreys tiliga bo‘lgan qiziqishim ikki yil oldin boshlangan, – deydi o‘quvchi Ziyodabonu To‘ymurodova. – Koreys madaniyatini qo‘shiqlarini hattoki, filmlarini juda ham mazza qilib tomosha qilaman. Shuning uchun hozirgacha koreys tilini ham o‘rganib kelyapman. Kelajakda maktabni tugatib, nufuzli universitetlarda grant yutishni, u yerda marketing sohasida o‘qib, o‘zimning shaxsiy brendimni yaratishni rejalashtirganman. 

Buxoroda xorijlik mutaxassislarning dars o‘tishi xalqaro tajriba almashinuvi uchun ham ajoyib imkoniyat yaratmoqda. Mahalliy o‘qituvchilar va professorlar ular bilan yaqindan hamkorlik qilib, yangi pedagogik yondashuvlarni o‘zlashtirmoqda. 

– Maktabimizda ham xorijiy tillarni o‘rganish darajasi yanada oshdi, –deydi o‘qituvchi Toshpo‘lat Qayumov. – Yigirma nafardan ortiq o‘quvchilarimiz 140 ming AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan grantni yutib, Koreya Respublikasida ta’lim olmoqda. Koreyada beshdan ziyod nufuzli maktablar bilan bevosita dasturlar tuzilgan. Shunga muvofiq Koreyadan o‘qituvchilar kelib, bizda o‘quvchilarga koreys tilidan saboq bermoqda. Jumladan, 2024 yilda ikki nafar koreys o‘qituvchisi kelgandi. 2025-2026 o‘quv yilida bir nafar o‘qituvchi kelib, 8-11 sinf o‘quvchilariga chuqurlashtirilgan tarzda koreys tilini o‘rgatyapti. 

Xorijlik mutaxassislarning dars jarayonlarida ishtiroki yoshlarimizning dunyoqarashini kengaytiradi, ular bilan xalqaro do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlaydi. Buxoro shahridagi 4 – IDUMda Germaniyadan kelib, nemis tilidan saboq berayotgan ikki nafar o‘qituvchining ham buxorolik yoshlarga mehri bo‘lakcha.

– Bu yerda amaliyotchiman va dars o‘tish tizimi menga yoqdi, – deydi germaniyali  o‘qituvchi Mixaela Gorg. – Asosan darslar ikki guruhga bo‘lingan holda o‘tiladi. Bu esa yaxshi natijalar beradi. Barcha nemis tili darslarini kuzatishga harakat qilaman. Yoshlarning tilga bo‘lgan intilishi juda yaxshi. Yoshlarni asosan Gyote sertifikatiga tayyorlaymiz. Darslarni teatr va raqslar bilan qiziqarli qilishga harakat qilamiz.  

– Maktabimiz 2020 yildan loyihaga a’zo, – deydi o‘qituvchi Dilfuza Narziyeva. – Germaniya universitetlaridan, maktablaridan o‘qituvchilar, volontyorlar kelib, o‘quvchilar bilimini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari har yili o‘quvchilarimiz Germaniya davlatida bo‘lib, u yerda o‘z bilimlarini oshirib qaytishadi. Bunday loyihalarga o‘qituvchilarimiz ham jalb qilingan. Germaniyadan ikki nafar volontyor va o‘qituvchilar ishlashyapti. 

Xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlik bu ta’lim sifatini oshirish va innovatsiyalarni joriy etish yo‘lida ham muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda.

– Men shu maktabning 10 sinfida o‘qiyman, – deydi Nozanin Nuriddinova. – Maktabimizda nemis tili 1-sinfdan o‘qitiladi. O‘qituvchilar fanni juda yaxshi va tushunarli o‘tishadi. Bu menga nemis tili faniga bo‘lgan qiziqishimni ortirdi. Germaniya haqida bilimlarim oshmoqda. Hozirda menda til bilish sertifikati ham mavjud. 

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Buxoroda bunday hamkorlikning faollashishi nafaqat mintaqamiz, balki butun mamlakatimiz ta’lim tizimining yanada yuksalishiga zamin yaratadi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.