Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabida O‘zbek tili bayrami zavqli taassurotlarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.
Unda bojxona boshqarmasi xodimlari, maktab jamoasi hamda ota-onalar ishtirok etishdi.
Bojxona qo‘mitasi tomonidan respublika yosh olimlar kengashi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonning yangi bojxonasi” shiori ostida respublika miqyosida insholar tanlovi o‘tkazilgan edi. “Yangi O‘zbekistonning eng yosh tahlilchisi”, “Yangi O‘zbekistonning yangi bojxonachisi”, “Yangi O‘zbekistonning ijodkor tadbirkori”, “Yangi O‘zbekistonning fidoyi bojxonachisi” hamda “Yangi O‘zbekistonning tajribali qalam sohibi” kabi 5 ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovga 1000 dan ortiq insho kelib tushganligi qayd etildi. Unda boshqarma tomonidan otaliqqa olingan 31-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham faol ishtirok etgani, bu kabi tanlovlar yoshlarni Vatanga sadoqat, ona tilimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.


Bojxona xodimlari maktab jamoasini bayram bilan qutlab, yosh avlodni tarbiyalashdagi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan, davlat tiliga bag‘ishlangan badiiy chiqishlar, ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar esa yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri