Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tik quduqlarga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmoqda
22:02 / 2024-03-11

Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish yuqori hosildorlik garovi hisoblanadi. Shu jihatdan qaraganda qishloq xo‘jaligi maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish samaradorlikni yanada yaxshilaydi. Yer maydonlarida o‘z vaqtida sug‘orish ishlarini tashkil etish esa, albatta, soha vakillari oldiga yanada katta mas’uliyat va vazifalar yuklaydi.

Bu borada Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tik quduqlardan samarali foydalanish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. 

Ayni paytda boshqarma hisobidagi sug‘orish quduqlari soni 473 tani tashkil etib, ularning 232 tasi sug‘orish, 154 tasi meliorativ hamda 87 tasi yaylovlarda chorva mollari suv ta’minotiga xizmat qilmoqda. 

Bugungi kunda yer osti tik quduqlaridan samarali foydalanish maqsadida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan holda ekspluatatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. 

– Hozir Xatirchi tumanida 82 dona sug‘orish qudug‘ida 58 dona suv tejovchi qurilma joriy qilingan bo‘lib, ularning 12 donasi tomchilatib sug‘orish hamda 46 donasi egiluvchan quvurlarni tashkil etadi. Ayni paytda 24 dona egiluvchan quvurga suv iste’molchilari bilan shartnomalar imzolandi, – deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i Jasurjon Nazarov. – Nurota tumanida esa 103 dona sug‘orish qudug‘iga 70 dona egiluvchan quvur olib kelinib, 33 dona egiluvchan quvurga suv iste’molchilari bilan shartnoma tuzildi. Qiziltepa tumanidagi 22 dona sug‘orish qudug‘ida 22 dona, Navbahor tumanidagi 25 dona sug‘orish tik qudug‘idan 21 donasida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan bo‘lib, ulardan tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orishda keng foydalanib kelinmoqda. Viloyat bo‘yicha 232 dona sug‘orish qudug‘iga 171 dona suv tejovchi texnologiya tatbiq etildi. 

Bundan tashqari, boshqarma balansidagi ma’nan va fizik jihatdan eskirgan 39 dona yer osti tik qudug‘i rekonstruksiya qilindi. 

Shuningdek, boshqarma tomonidan 2024-2025-yillar davomida yana shunday yer osti tik quduqlaridan 30 donasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. 

Joriy yilda boshqarma balansidagi 140 dona tik quduqni tubdan hamda joriy ta’mirlash, 50 dona yangi zamonaviy tipdagi nasos olish belgilangan bo‘lib, bu esa o‘z navbatida elektr energiyasini iqtisod qilish hamda fermer va dehqon xo‘jaliklariga samarali suv yetkazib berishni ta’minlaydi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri