Markaziy bankda tijorat banklarining xatarlarni tahlil etish va boshqarishga mas’ul mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston moliya tizimi barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tizimli xatarlar mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Markaziy bank tomonidan mamlakat moliya tizimi barqarorligi uchun ichki va tashqi xatarlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Bunda Markaziy bank va tijorat banklari vakillari o‘rtasida moliya tizimidagi zaifliklar va xatarlar, mamlakat moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘llanilayotgan makroprudensial siyosat choralaridagi so‘nggi o‘zgarishlar bo‘yicha fikr almashildi.

Davra suhbatida Markaziy bank tomonidan tijorat banklari orasida doimiy o‘tkazib kelinayotgan tizimli xatarlarni aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma natijalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, tadbirda ishtirok etgan bank vakillari potensial xatarlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha banklarda amalga oshirilayotgan hamda rejalashtirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘z fikrlari va tajribalari bilan bo‘lishdilar.
Uchrashuv so‘ngida tijorat banklarining xatarlarni boshqarishga mas’ul mutaxassislari bilan birgalikda davra suhbatlarini doimiy ravishda o‘tkazish hamda Markaziy bank tomonidan moliyaviy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan makroprudensial siyosat borasida fikr almashish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA