Jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlar va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida Milliy gvardiya organlari tomonidan qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasining joylardagi inspektor-psixologlari tomonidan o‘tkazilgan “Tig‘” profilaktik tadbirining maqsad va mohiyati ham voyaga yetmaganlar jinoyatlarini erta aniqlab, oldini olish, qonunbuzarliklarning payini qirqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning 24 oktyabr kuni viloyatdagi ta’lim muassasalarida o‘quvchi va o‘qituvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida maktablarda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya inspektor-psixologlari tomonidan o‘tkazilgan “Tig‘” tadbiri davomida pichoq olib yurish bilan bog‘liq holat aniqlangan.

Jumladan, G‘ijduvon tumanidagi 22-umumta’lim maktabida tahsil oluvchi 2009 yilda tug‘ilgan O.T. maktabga oshxona pichog‘ini olib kelganligi aniqlangan.
– Olib borilgan profilaktik suhbat davomida, o‘quvchi O.T. sinfdoshi 2009 yili tug‘ilgan J.X. bilan gap talashib, oila a’zolari sha’niga dog‘ tushiruvchi so‘zlar aytilganligi uchun, jahl ustida uyiga borib, ushbu oshxona pichog‘ini qo‘rqitish maqsadida olib kelganligi aniqlandi, – deydi, inspektor-psixolog katta leytenant Behruz Rahimov. – Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida o‘quvchi qilgan ishidan pushaymon ekanligini hamda kelgusida bunday holatlar boshqa takrorlanmasligini bildirdi.
O‘quvchilarning ota-onalari maktabga taklif etilib, ular bilan Milliy gvardiya G‘ijduvon tumani inspektor-psixologlari, IIB profilaktika inspektori va maktab direktori suhbat o‘tkazgan. O‘smirdan pichoq olib qo‘yilib, uning ota-onasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi (“Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik”) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, ayni shunday tadbirlar davomida o‘quvchilarning yonidan, kastet, tig‘li jismlar, elektron sigareta, tamaki mahsulotlari, pirotexnika vositalari aniqlanib, ota-onasi yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-moddasiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, profilaktik choralar kuchaytirilmoqda.
Bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishga munosib hissa qo‘shib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan jinoyatchilikning 5 foizga kamayishiga erishilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.