Samarqand shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari o‘rtasida savdo va investitsiya bo‘yicha Hadli bitim (TIFA) Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili idorasi (USTR) va Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) Departamenti ko‘magida tashkil qilindi.
O‘zbekiston, AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Pokistonning tegishli vazirlik, idoralari delegatsiyalari ishtirok etgan yig‘ilishda mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish, investorlar huquqini va xususiy mulkni himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurash va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi haqida so‘z yuritildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va boshqa sohalarda hamkorlik qilish uchun imkoniyat kengayib borayotgani ta’kidlandi.

Shu nuqtai nazardan ishga solinmagan resurs va imkoniyatlardan foydalangan holda birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari elektron tijoratgp oid qonun hujjatlarini bir-biriga moslashtirish, umumiy mustaqil arbitraj tizimini yaratish taklif etildi. Shuningdek, yagona to‘lov tizimiga ega tovar yetkazib beruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar uchun mintaqaviy platforma yaratish, xavfni oldindan aniqlash va boshqarish maqsadida sana markazi hamda eksport va import qiluvchilar bazasini yaratish, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sertifikatlash elektron tizimini, “CLDP” tavsiyasiga asoslangan bojxona qoida va tartibotini joriy etish tashabbusi o‘rtaga tashlandi. Qolaversa, fitosanitariya talabini uyg‘unlashtirish, ilg‘or tajriba almashish, mintaqada xotin-qizlar iqtisodiy imkoniyatini kengaytirish taklifi bildirildi.
AQSH Savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Brendan Linch mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar rivojlanish sur’atini e’tirof etdi, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bir-birini to‘ldirish tamoyili asosida sezilarli darajada yaxshilanganini yuqori baholadi. AQSH mamlakatlarimiz bilan iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, mintaqaga savdo, sarmoyaviy va maslahat yordami ko‘rsatishda davom etishga tayyorligini bildirdi.

Yig‘ilish raqamli savdo, sanitariya, fitosanitariya choralari, intellektual mulk huquqi, bojxona masalasi, ayollar iqtisodiy imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha ishchi guruhlar tavsiyalari muhokama qilindi. Shuningdek, bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
O‘zA