Yaqin yillargacha zamonaviy tibbiyot xalq tabobatini, shifokorlar esa tabiblarni inkor qilib kelishar edi. Bu qarash, bu kabi yondashuv hamon saqlanib qolgan.
Ammo ko‘pgina xorijiy davlatlarda zamonaviy tibbiyot bilan bir qatorda xalq tabobati ham rivojlanganki, bu ikki soha, ikki yo‘nalish integratsiyalashgan. Ya’ni ularning har ikkisining ham maqsadi bitta – insonlar salomatligini saqlash, ularning hayotini asrab qolish.
Yurtimizda ham xalq tabobatini rivojlantirish, tabiblarni o‘qitish, ularning shifokorlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, qisqa qilib aytganda, zamonaviy va xalq tabobatini integratsiyalashning vaqti allaqachon yetib kelgan.

Bu borada soha xodimlari tomonidan keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborilgan va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ahamiyat berilmoqda. Xususan, Hindiston, Xitoy singari davlatlarning tajribalari o‘rganilmoqda.
Bugun poytaxtimizda tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalq tabobatining potensial hissasidan foydalanish, tajriba almashish maqsadida «SHHT mamlakatlari an’anaviy (xalq) tabobatining zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimlariga integratsiyasi» mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev, Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri J.Abdullazoda, Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari M.Shoranov, Hindiston vakili doktor K.Upadxyaya nutq so‘zladi.

Unda xalq tabobati usullarining milliy sog‘liqni saqlash tizimlari, xususan, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va davolash sohasiga integratsiyalashuvini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, reproduktiv salomatlik va pediatriya sohasida xalq tabobati usullarini qo‘llash imkoniyatlari, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, mutaxassislarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va xizmatlar xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillarini ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro fikr almashildi.

O‘tkazilgan muloqotda tibbiyot turizmini rivojlantirish, virusologiya, mikrobiologiya, immunologiya kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, mutaxassislar malakasini oshirish kabi masalalar muhokama etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA