Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotning nodavlat shakllarini rivojlantirish davlat majburiyatlariga o‘tkaziladi
14:58 / 2023-04-27

Salomatlik – inson uchun eng muhim hayotiy masala. Shu bois yurtimizda tibbiyot sohasiga ustuvor ahamiyat qaratilib, aholi uchun munosib tibbiy xizmat ko‘rsatishga sharoitlar yaratilayotir.

Endilikda yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bilan ushbu sohada yanada keng imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilyapti. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova quyidagilarni ta’kidladi:  

– Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilayotgani bu borada bugun erishgan yutuqlarimizdan kelgusi avlod ham emin-erkin foydalanishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.  

Jumladan, Bosh qomusimizning 48-moddasida har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.  

Bu juda muhim ijtimoiy kafolatdir. Chunki, aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat o‘z fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi kerak. Konstitutsiyadan o‘rin olayotgan ushbu modda aynan mazkur jihatlarni ko‘zda tutadi.  

Asosiy qonunimizda tibbiyot sohasini, shu jumladan uning nodavlat shakllarini rivojlantirish davlat majburiyatlariga o‘tkazilishi esa aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida sog‘lom raqobat muhitini yaratib, fuqarolarga sifatsiz tibbiy yordam ko‘rsatilishi yoki umuman tibbiy yordam ko‘rsatmaslik holatlarining oldini olishga ko‘maklashadi.  

Sog‘lom insonlar safini kengaytirish, sog‘lom jamiyatni tashkil etishda sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Lekin barcha hududlarda ham buning uchun yetarli sharoitlar bor, deb ayta olmaymiz. Shu sababli sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun sharoitlarni yaratish Konstitutsiya darajasigacha olib chiqilib, davlat majburiyatiga aylanmoqda.  

Bunday normalarning Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilishi shubhasiz, aholi salomatligini ishonchli muhofaza etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Asosiysi, yangi norma orqali tibbiyotning nodavlat shakllarini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratish ishlari yanada yaxshilanadi.  

Bir so‘z bilan aytganda, davlat tibbiyot sohasiga oid eng muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olayotgani onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA