Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyotning besh yillik tahlili – muhokama markazida
19:17 / 2021-10-21

Xalqaro media xollda "Aholining ijtimoiy muhofazasi: dolzarb masalalar" mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova ishtirok etdi.

Muloqotda so‘ngi besh yilda O‘zbekiston tibbiyotidagi muhim o‘zgarishlar, ularning aholi hayotidagi amaliy samaralari, hal etilishi lozim bo‘lgan muammoli masalalar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev ta’kidlaganidek, sog‘liqni saqlash tizimidagi keyingi besh yillikdagi qiyosiy ko‘rsatkichlar xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati ham, ko‘lami ham oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Xususan,  tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish bo‘yicha qilingan ishlar ko‘lami juda keng. Bularning natijasida samarasiz, moddiy texnika bazasi nochor bo‘lgan 3 mingdan ortiq QVP o‘rnida 2 mingta poliklinika va oila shifokorlik punktlari tashkil etilib, aholi yashash manzillarida oilaviy shifokorlar tomonidan to‘liq bepul ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatilishi ta’minlandi.

Ommaviy shakldagi profilaktik va chuqurlashtirilgan ko‘riklar o‘rniga maqsadli skrining dasturlari, total patronaj o‘rniga universal-progressiv patronaj tizimi joriy qilindi. Oila shifokori va “Tibbiy brigadalar”  “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tkazildi.

Ochiq muloqotda shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati samaradorligi haqida ham so‘z yuritildi.

– Tez tibbiy yordam tizimida bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun 2016 yilda 500 so‘mdan mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 6500 so‘mni tashkil etmoqda, – dedi A.Xadjibayev. – Qolaversa, “Tez yordam” shoxobchalari soni o‘tgan besh yilda 800 tadan 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 890 tadan, 2 ming 842 taga oshirildi.  

Yana bir og‘riqli muammo – 2016 yilda tarmoqda bor-yo‘g‘i 24 ta reanimobil xizmat ko‘rsatar edi. bugungi kunda esa ular soni 435 taga yetkazilgan.  Birgina o‘tgan 2020 yilda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 150 dona “Ford” rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinasi xarid qilindi.  Ta’kidlanishicha, asta-sekin tez tibbiy yordam xizmatida “Damas” rusumli avtomobillardan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar natijasida tez tibbiy yordamning kechikish holatlari 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi. Chaqiriqlarga yetib borish vaqti esa shaharlarda o‘rtacha 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqaga yetkazildi. O‘z navbatida, operativlik bilan birga natijadorlik ham oshdi.  

bugungi kunga kelib, 18 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, ularning hududlardagi 174 ta filiali hamda tumanlarda 310 ta bo‘limi tashkil qilinishi natijasida ilgari respublika darajasida amalga oshirilgan yuqori texnologik operatsiyalarni endi viloyat va tuman darajasida o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Pirovardida bunday operatsiyalarning hududlarda amalga oshirilayotgan jarrohlik amaliyotlaridagi ulushi 55 foizgacha yetkazildi. 1 ming 471 nafar bemorga yashash joyining o‘zida yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatilib, ularning respublika markazlariga kelishi oldi olindi.  

Keyingi yillardagi eng muhim islohotlardan yana biri inson a’zolari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etilishi bo‘ldi. O‘tgan 5 yilda 700 dan ortiq buyrak, jigar va o‘zak hujayra operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazilishi natijasida fuqarolarimizning chet davlatlardagi klinikalarga chiqishi keskin kamaydi.

Kardioxirurgiya sohasida ham o‘sish ko‘rsatkichlari yuqori. Masalan, 2016 yilgacha yurak sohasidagi murkkab operatsiyalar faqatgina Toshkent shahrida amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda butun respublika bo‘yicha 12 ta hududda rentgenendovaskulyar bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 10 ta viloyatda esa ochiq kardioxirurgik operatsiyalar o‘tkazilmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA